Nazariyaning turlari
Ilmiy nazariyaning juda ko‘p turlari mavjud. Ularni turli xil asoslarga ko‘ra tasniflash
(turkumlash) mumkin. Xususan, qurilish metodiga ko‘ra nazariyalarni to‘rt turga ajratish mumkin:
1) tajriba bilan ish ko‘radigan fanlarning mazmundor nazariyalari; 2) gipotetik-deduktiv (yoki
yarim aksiomatik) nazariyalar; 3) aksiomatik nazariyalar; 4) formallashgan nazariyalar.
«Mazmundor» nazariyalarda ma’lum bir sohaga
oid faktlar tizimga solinadi,
umumlashtiriladi va tushuntiriladi. Ular asosan tajriba natijalari, empirik materiallarga tayanadi,
ularni tahlil qiladi, tartibga soladi va umumlashtiradi. Ana shuning uchun ham ularni «tajribaga
tayanuvchi nazariyalar», deb atashadi. «Mazmundor» deb atalishiga sabab, ularni matematika va
mantiqdagi formallashgan nazariyalardan farq qilishdir. Mazmundor nazariyalarni sof empirik
nazariyalar deb bo‘lmaydi. Ular faqat empirik materiallargagina emas, balki nazariy qonunlarga
ham tayanadi. Masalan, mazmundor, deb hisoblanadigan Ch. Darvinning evolyustiya nazariyasi,
I.P. Pavlovning oliy asab faoliyatining shartli reflektorlik nazariyasi va shu kabilar chuqur nazariy
g‘oyalarga suyanadi, ular yordamida to‘plangan materiallarni ratsional usul bilan anglaydi, qayta
ishlaydi va tushuntiradi.
Gipotetik-deduktiv nazariyalar tabiatshunoslikda uchraydi. U turli xil mantiqiy kuchga ega
gipotezalar tizimidan iborat bo‘lib, unda mantiqan kuchlilaridan mantiqan kuchsizroqlari
dedukstiya qilinadi. Gipotetik-deduktiv tizimni gipotezalar zanjiri (ierarxiyasi) tarzida olib qarash
mumkin. Bunda empirik asosdan uzoqlashgan sari gipotezaning kuchi ortib boradi, chunki har bir
keltirilib chiqarilgan gipoteza o‘zidan avvalgi gipotezalarda mavjud bo‘lgan bilimlarni sintez
qilish natijasi sifatida gavdalanadi.
Gipotetik-deduktiv nazariyalarning o‘ziga xos jihatlaridan
biri undagi gipotezalarning
darajalari bo‘yicha qat’iy izchil joylashishidir. Gipotezaning darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa,
xulosalarni mantiqiy yo‘l bilan keltirib chiqarishda uning ishtiroki shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Nazariyaning gipotetik-deduktiv modeli empirik materiallarni ishlashda ko‘p qulayliklarga
ega bo‘lishi bilan bir qatorda ayrim kamchiliklardan ham xoli emas. Xususan, boshlang‘ich
gipotezalar qanday tanlab olinishi kerak, degan savolga haligacha aniq, qat’iy holdagi javob yo‘q.
Aksiomatik tizimlarda nazariya elementlarining katta qismi kichkina boshlang‘ich asosdan
– asosiy aksiomalardan deduktiv yo‘l bilan keltirilib chiqariladi. Aksiomatik nazariyalar asosan
matematikada quriladi.
Aksiomatik metod birinchi marta Evklid tomonidan elementar geometriyani qurishda
muvaffaqiyatli ishlatilgan. Mazkur geometriyaning asosiy aksiomatik tushunchalari «nuqta»,
«to‘g‘ri chiziq», «tekislik» bo‘lib, ular ideal fazoviy ob’ektlar sifatida olib qaralgan;
geometriyaning o‘zi esa fizikaviy fazoning xususiyatlarini o‘rganuvchi ta’limot sifatida talqin
qilingan. Evklid geometriyasining qolgan barcha tushunchalari ular yordamida hosil qilingan.
Quyidagi misolga murojaat qilaylik: «Tekislikdagi bitta
nuqtadan baravar uzoqlikda
yotadigan nuqtalar to‘plamiga aylana deyiladi», unda «aylana» tushunchasi «nuqta va tekislik»
tushunchalari yordamida hosil qilingan, ya’ni ulardan dedukstiya qilingan.
Matematikaning taraqqiyoti davomida aksiomatik metod takomillashib borgan, uni qo‘llash
mumkin bo‘lgan sohalar doirasi kengaygan. Xususan, asta-sekin Evklid aksiomalarining faqat
geometrik ob’ektlarnigina emas, balki boshqa matematik va hatto, fizik ob’ektlarni ham tasvirlash
uchun yaroqli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Masalan, nuqtani haqiqiy sonlarning uchtasining to‘plami
– to‘g‘ri chiziq va tekislikni, chiziqli
tenglamalarni bildiradi, deb qabul qilinganda, mazkur
nogeometrik ob’ektlar xossalarining Evklid geometriyasi aksiomalari talablariga javob berishi
aniqlangan.
Shuni
aytish kerakki, aksiomatikaga bunday abstrakt tarzda yondashishga ma’lum bir
darajada N.I. Lobachevskiy, B. Riman va boshqalar noevklid geometriyalarining yaratilishi
yaxshi imkoniyat yaratdi.
Hozirgi zamon matematikasida abstrakt aksiomatik tizimlar keng qo‘llaniladi. Bunday
tizimlarning muhim xususiyatlari ularning yopiq tizimdan iborat bo‘lishi, ya’ni miqdor jihatidan
cheklangan
aksiomalar, tushunchalar, prinsiplardan tashkil topishi, ular qatoriga ixtiyoriy
ravishda,
asossiz Yangi aksiomalar, tushunchalarni qo‘shib bo‘lmaslik; tizimlarning mantiqan
ziddiyatsiz va ma’lum bir darajada to‘la bo‘lishi va shu kabilardan iborat. Ana shuning uchun ham
ular uzoq vaqt davomida o‘zining barqarorligini saqlaydi, Yangi bilim olishning ishonchli vositasi
bo‘lib qoladi.
Aksiomatika tabiatshunoslikda ham qo‘llaniladi. Tajriba bilan bog‘liq bo‘lganligi va
shuning uchun ham zaruriy ravishda empirik talqinga muhtoj ekanligi sababli tabiatshunoslikning
faqat o‘zagini tashkil etadigan tushunchalarnigina aksiomalashtirish mumkin.
Abstrakt matematik strukturalar faqat aksiomatik tizimlardagina emas, balki formallashgan
nazariy tizimlarda ham tasvirlanishi va tushuntirilishi mumkin.
Formallashgan nazariyalar mantiqda keng qo‘llaniladi. Bunga misol qilib mulohazalar
mantig‘i, predikatlar mantig‘ini ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, u matematikada ham uchraydi.
Nazariyaning yuqorida biz ko‘rib chiqqan turlari va boshqalari
nazariy bilishning muhim
vositalari sifatida fanda nihoyatda qadrlanadi. Ular tafakkurning strukturasi va qonuniyatlarini
yaxshi bilib olishga imkon beradi.