13-MAVZU: “ETIKA” FANINING PREDMETI VA JAMIYAT HAYOTIDAGI AHAMIYATI 180
«Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa
bag‘ishlangan asarlari ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy
fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning ana shunday
omuxtaligidadir.
Axloqshunoslik va estetika. Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy va falsafiy fanlar bilan o‘zaro
aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning estetika bilan aloqasi qadimiy va o‘ziga xos.
Avvalo, insonning har bir xatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli
bo‘ladi, ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go‘zallik), ham nafosat (tashqi
go‘zallik) xususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi
faylasuflar ko‘p hollarda axloqiylikni ichki go‘zallik, nafosatni tashqi go‘zallik tarzida talqin
etganlar. Bundan tashqari, ma’lumki, san’at nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob’ekti
hisoblanadi. Har bir san’at asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko‘tariladi hamda
san’atkor doimo o‘zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy daraja va unga
munosabatni badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Ayni paytda, bu ikki
fanda ba’zan bir tushunchaning ikki xil ko‘rinishini uchratish mumkin. Chunonchi, estetikasidagi
ulug‘vorlik tushunchasi, axloqshunoslikda qahramonlik tarzida tavsiflanadi. SHuningdek,
estetikada ildizi axloqshunoslikka borib taqaladigan inson axloqiyligi darajasi bilan bog‘liq
xulqiy go‘zallik degan tushuncha ham mavjud. Demak, estetika o‘rganayotgan har bir badiiy
asar ayni paytda, ma’lum ma’noda, axloqshunoslik nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan
bo‘ladi.
Axloqshunoslik va dinshunoslik. Axloqshunoslikning dinshunoslik bilan aloqasi shundaki,
har ikkala fan ham bir xil muammo - axloqiy mezon muammosini hal etishga qaratilgan. CHunki
umumjahoniy dinlar vujudga kelguniga qadar mavjud bo‘lgan ma’lum urf-odatlar va qadriyatlar
muayyan diniy qonun-qoidalarga, muqaddas diniy kitoblarga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayni
paytda, dinlar ham axloqqa ana shunday ta’sir o‘tkazganlar.
CHunonchi, islom dinini oladigan bo‘lsak, Qur’oni karim, Hadisi sharif, Ijmo’ va muayyan
fatvolardagi mezonlar hamda talablar musulmon Sharqi millatlari axloqiy darajasining
shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan. Tasavvuf ta’limotini esa rosmana islomiy axloq
falsafasi deyish mumkin. Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy
hisoblanadi. Farq shundaki, axloqshunoslik bu muammoga zamonaviy tarbiya nuqtai nazaridan
yondashadi.
Axloqshunoslik va huquqshunoslik. Axloqshunoslikning huquqshunoslik bilan aloqasi
uzoq tarixga ega. Ma’lumki, juda ko‘p hollarda axloq me’yorlari bilan huquq me’yorlari
mohiyatan va mazmunan bir xil bo‘ladi. SHunga ko‘ra, axloqni jamoatchilik asosidagi huquq,
huquqni esa qonuniylashtirilgan axloq deb atash mumkin. Zero, axloqshunoslik bilan
huquqshunoslikning tadqiqot ob’ektlari ko‘p jihatdan o‘xshash, ular faqat yondashuv usuli nuqtai
nazaridan farq qiladi, ya’ni huquq me’yorlarining bajarilishi, odatda, maxsus adliya idoralaridagi
lavozimli kishilar orqali, majburiy sanksiyalar vositasida yo‘lga qo‘yiladi; axloq me’yorlari esa
umumiy qabul qilingan milliy urf-odatlar, jamoatchilik fikri yordamida, alohida belgilangan
kishilar tomonidan emas, balki muayyan ijtimoiy guruh, jamiyat tomonidan amalga oshiriladi.
SHuningdek, huquqshunoslik kasbi uchun muhim bo‘lgan amaliy axloq jihatlarini
axloqshunoslikning huquqshunos odobi deb ataladigan maxsus sohasi tadqiq qiladi va tavsiya
etadi.
Axloqshunoslik va pedagogika. Axloqshunoslik pedagogika bilan ham chambarchas
aloqada. Pedagogikadagi shaxsni shakllantirish, tarbiyalash, ta’lim berish jarayonlarini pand-