Elektr tokining termik ta’siri inson tanasining ba’zi joyida kuyish, qon
tomirlari, asab va hujayralarning qizishi sifatida kuzatiladi.
Elektrolitik ta’sir esa, qon tarkibidagi yoki hujayralar tarkibidagi tuzlarning parchalanishi natijasida
qonning fizik va kimyoviy xususiyatlarining o‘zgarishiga olib keladigan holat
tushuniladi. Bunda elektr toki markaziy asab tizimi va yurak-qon tizimini
kesib o‘tmasdan, tananing ba’zi bir qismlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Elektr tokining biologik ta’siri - bu tirik organizm uchun xos bo‘lgan
xususiyat hisoblanadi. Bu ta’sir natijasida muskullarning keskin qisqarishi tufayli
inson organizmidagi hujayralar to‘lqinlanadi, bunda asosan organizmdagi
bioelektrik jarayonlar buziladi. Bunda inson organizmi bioelektrik toklar
yordamida boshqariladi. Tashqi muhitdan yuqori kuchlanishdagi elektr tokining
ta’siri natijasida biotoklar holati buziladi va oqibatda inson organizmida tok
urish holati vujudga keladi. Ya’ni boshqarilmay qolgan organizmda hayot
faoliyatining ba’zi bir funktsiyalari bajarilmay qoladi: nafas olishning
yomonlashuvi, qon aylanish tizimining ishlamay qolishi va h.k.
Elektr tokining inson organizmiga ta’sirining xilma-xilligidan kelib chiqib,
uni ikki guruhga bo‘lib qarash mumkin: -
elektr ta’siri va tok urishi. Elektr ta’siri natijasida kuyib qolish, elektr belgilari hosil bo‘lishi,
terining metallashib qolishi hollarini ko‘rsatish mumkin. Elektr ta’siridan
kuyish, asosan organizm bilan elektr o‘tkazgichi o‘rtasida volta yoyi hosil
bo‘lganda sodir bo‘ladi. Elektr o‘tkazgichdagi kuchlanishning ta’siriga qarab
bunday kuyish turlicha bo‘lishi mumkin. Engil kuyish faqat yallig‘lanish bilan
chegaralanadi, o‘rtacha og‘irlikdagi kuyishda pufakchalar hosil bo‘ladi va
og‘ir kuyishda hujayra va terilar ko‘mirga aylanib, og‘ir asoratlarga olib kelishi
mumkin.