MAVZU : Qushlarning tashqi tuzilishi Darsning maqsadi: Qushlarning muhit sharoitiga mos ravishda xilma-xilligi va tana
qoplamini o’rganish bilan qushlarning uchishga moslashishi haqida tushunchalar hosil qilish.
Qushlarning pat va par qoplami tuzilishi va ularning ahamiyatini o’rganish.
Mavzu bo’yicha umumiy ma’lumotlar. Morfologik tuzilishiga ko’ra qushlar oldingi oyoqlarining qanotga aylanganligi,
gavdasining pat bilan qoplanganligi, yuragining to’liq 4 kamerali bo’lganligi, bosh skeletida 1 ta
ensa bo’rtmasining bo’lishligi va chanoq buyragining borligi bilan xarakterlanadi. Qushlarning
bu xususiyatlari ularni Yer sharida nihoyatda keng tarqalishiga va xilma-xil yashash joylarida
hayot kechirishiga imkon beradi.
Qushlarning uchishga moslashgan belgilari quyidagilardan iborat: 1. gavdasining suyri
shaklda bo’lishligi; 2. oldingi oyoqlarining qanotga aylanganligi; 3. murakkab pat qoplamining
bo’lishligi; 4. suyaklarining yengil bo’lib, naysimon suyaklarining ichi g’ovak bo’lishligi; 5.
havo xaltachalarining bo’lishligi; 6. jag’larida tishlari bo’lmasligi; 7. to’g’ri ichakning
reduktsiyalanib ketganligidir.
Qushlar gavdasining patlar bilan qoplangan qismi pteriliy deb ataladi. Bularning orasida
patsiz ochiq, – apteriya deb ataladigan joylari bor. Bu muskullarning uchish vaqtida qisqarishi
uchun qulaylik tug’diradi. Shuning uchun apteriya uchuvchi qushlarda bo’ladi.
Pat tuzilishi va funktsiyasiga ko’ra har xil bo’ladi. Qushning tanasini qoplab olgan pat
kontur patlar deyiladi.
Kontur patlarning ba’zilari qanotning keyingi yuzasiga joylashgan bo’lib, bular qoquv
patlari deyiladi. Dum suyagiga birikkan uzun patlar rul patlari deyiladi.
Kontur patlarning tagida mayda parsimon patlar joylashadi. Bu patlarning tanasi ingichka
bo’lib, yelpig’ichlarida ilmoqchalari bo’lmaydi. Ba’zi hollarda pat dastasi juda kam bo’lib,
yelpig’ichlari bog’lam bo’lib chiqadi. Bunday pat haqiqiy par deyiladi. Bu patlar suvda
yashovchi qushlarda ko’p bo’lib, tana haroratini saqlashda katta rol o’ynaydi. Og’iz
burchaklarida, qovoqda ba’zan qilsimon patlar joylashadi. Bu patlar faqat pat dastasidan tashkil
topgan va tuyg’u vazifasini bajaradi.
Qushlarning patlari juda yengil, pishiq va havo bilan issiqlikni yomon o’tkazadigan
qoplag’ichdirki, bu gavda harorati doimiy shu bilan birga yuqori bo’ladigan uchar jonivorlar
uchun juda muhimdir. Bundan tashqari, patlar qush gavdasini suyri shakliga kiritadi, qoquv
patlari esa uchish apparatining muhim qismini tashkil etadi. Kontur patlar esa qushni har xil
mexanik ta’sirotlardan himoya qiladi.
Qushlarning patlari odatda bir yilda 1 yoki 2 marta to’liq yoki qisman yangilanib tullab
turadi. Bu vaqtda eski patlar tushib, ularning o’rniga yangisi rivojlanadi.