Birinchi. Bugungi real voqelik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning
yangi modelini shakllantirish yo„lida qat‟iy qadamlar tashlashni talab qilmoqda.
Uzoq muddatli istiqbolda yangi o„sish nuqtalari va taraqqiyotimizning yangi
drayverlarini belgilab olish g„oyat muhimdir.
Hududlararo savdo-sotiqni yanada kengaytirish zarur. Erkin savdo tartibiga
to„liq o„tish maqsadida mavjud to„siqlarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish
orqali mustahkam qo„shimcha qiymat zanjirlarini yaratish mumkin bo„ladi. Buning
uchun mintaqa tadbirkorlari va hududlari o„rtasida to„g„ridan-to„g„ri biznes
munosabatlarini o„rnatishni rag„batlantirish hamda muntazam ravishda investitsion
va iqtisodiy forumlar o„tkazishni yo„lga qo„yish zarur.
Bu sohada ilgari surilgan muhim tashabbus va takliflarni inobatga olgan holda,
Mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo„nalishlari to„g„risidagi bitimni
qabul qilish maqsadga muvofiq.
Ikkinchi. Markaziy Osiyo davlatlarining mushtarak strategik manfaatlarini
hisobga olgan holda, mintaqaning transport va tranzit salohiyatidan samarali
foydalanish bo„yicha tashabbuslarni ilgari surish zarur.
Markaziy Osiyo davlatlaridagi rivojlangan va bir-biriga integratsiyalashgan
transport tizimlari mintaqani Yevroosiyo qit‟asining muhim transport xabiga
aylantirish bo„yicha ishlarni davom ettirish kerak.
Shu nuqtai nazardan, mavjud transport yo„laklari va infratuzilmalaridan,
jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlaridan to„liq
foydalanish yuzasidan aniq takliflarni ilgari surish bilan birga kelajakda Termiz –
Mozori Sharif – Kobul – Peshovar transafg„on koridori, Xitoy – Qirg„iziston –
O„zbekiston avtomobil va temir yo„llarining imkoniyatlaridan foydalanish
rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sanitariya talablariga amal qilgan holda, Markaziy Osiyo
mamlakatlari o„rtasida to„laqonli transport qatnovlarini tiklash ham muhimdir.