86
Ishlab chiqarish imkoniyati egri chizig‘idagi har bir nuqta ikki xil mahsulot
ishlab chiqarishning qandaydir eng ko‘p hajmini ko‘rsatadi. Jamiyat uchun
mahsulotlarning erishib bo‘ladigan har xil uyg‘unlashuvlaridan tanlab olish
imkoniyati egri chiziq ichida joylashadi.
Non va tegirmon ishlab chiqarishning har xil uyg‘unlashuvini amalga oshirish
uchun jamiyat ulardagi mavjud resurslarning to‘la bandligi va ishlab chiqarishning
to‘liq hajmini ta’minlashi zarur. Non va tegirmonning barcha uyg‘unlashuvi
ularning eng ko‘p miqdorini ko‘rsatib, bu barcha mavjud resurslardan esa samarali
foydalanish natijasida olinishi mumkin. Iqtisodiyotda resurslarning to‘la bandligi
va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash uchun har ikkala mahsulotning
tanlangan hajmi ishlab chiqarish imkoniyatlari egri chizig‘i deb nomlanuvchi
ABCDE chizig‘ida joylashgan bo‘lishi lozim. Bu chiziqdan chap tomonda
joylashgan har qanday nuqta resurslardan to‘liq foydalanmaslikni anglatadi.
Masalan, rasmdagi G nuqta iqtisodiyotda 1,6 mln. dona non va 5 ming donaga
yaqin tegirmon ishlab chiqarilayotganini bildiradi. Bu esa, resurslardan
foydalanishning muayyan darajasida, qo‘shimcha resurslarni jalb etmagan holda,
quyidagi harakatlarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi:
a) non ishlab chiqarishning mavjud hajmini saqlab qolgan holda, tegirmon
ishlab chiqarish hajmini 8 ming donagacha yetkazish;
b) tegirmon ishlab chiqarishning mavjud hajmini saqlab qolgan holda, non
ishlab chiqarish hajmini 2,7 mln. donagacha yetkazish;
c) bir vaqtning o‘zida har ikkala mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish.
Ishlab chiqarish imkoniyatlari egri chizig‘idan tashqarida joylashgan har
qanday nuqtaga (masalan W) resurslarning mavjud hajmi va ishlab chiqarishning
mavjud texnologiyasi darajasida erishib bo‘lmaydi.
Jamiyat bu mahsulotlar uyg‘unlashuvidan birortasini tanlashi zarur: ko‘proq
tegirmon ishlab chiqarish kamroq non ishlab chiqarishni bildiradi va aksincha.
Dostları ilə paylaş: