www.ziyouz.com kutubxonasi
358
bilan birga Xudo uchun hijrat qilib Madinaga kelgan muhojir sahobalarimni sizlarga
topshirdim. Ularni hurmat qilib, haqlarini saqlanglar, ular ham o‘zaro bir-birlariga yaxshi
tilakdosh bo‘lsinlar. Alloh shunga buyurmishdur, — deb bu so‘zga dalil keltirib Val-asr
surasini oxirigacha o‘qidilar. So‘ngra va’zlarida davom etib:
— Har ish dunyoda Alloh izni bilan bo‘lur. Agar bir ishning bo‘lishi kechikib ketsa, nimaga
oldinroq bo‘lmadi, deb unga shoshilmanglar. Negakim, kishi shoshilganiga qarab, Xudo
shoshilmaydi. Xudo bilan aytishgan yengilmay qolmaydi. Xudoni aldayman deganlar
o‘zlari aldanadi.
Yana ansor sahobalar haqida yaxshilik qilishni sizlarga buyuraman. Sizlar uchun ular joy
tayyorladilar. Kelmasinglardan ilgari iymon keltirib, din qarindoshi bo‘ldilar. Bu to‘g‘rilik
o‘z do‘stlariga yuklangan og‘ir vazifalarni ado qildilar. Endi sizlar uchun bularga yaxshilik
qilishning vaqti keldi. Yangidan Madinaga kelganinglardan mol-dunyolariga sizlarni
sherik qildilar. Bog‘ hosiloti mevalarini bo‘lib berdilar. O‘zlari muhtojlikda tursalar ham,
sizlarni ortiq ko‘rdilar. Endi sizlardan bular ustiga kim voliy bo‘lsa, yaxshiliklarining
so‘zlarini qabul qilsin, yomonlarning gunohlarini kechirsin, boshqalarni ulardan ortiq
ko‘rmasin.
Ogoh bo‘linglarkim, men oldinroq borib sizlar uchun joy rostlab tururman. Mening
ortimdan ketma-ket sizlar ham yetishib borgaysiz. Hushyor bo‘linglarkim, hammamiz
Kavsar hovuzi ustida topishurmiz. Har kim men bilan Kavsar hovuzi ustida ko‘rishmoqni
istar ekan, o‘ziga zarur bo‘lmaguncha gapirmasin, qo‘lidan, tilidan hech kimga ozor
bermasin.
Ey odamlar! Ne’matning ofati ko‘pdir. Bandaning yozuqlari ko‘paysa, ne’matlardan
ajraydi. Odamlar yaxshi bo‘lsalar, podshohlar ham yaxshi bo‘lur, insoflik bo‘lur. Agar
odamlar yomonlik yo‘liga kirsalar, rahmsiz, zolim podshohlarga yo‘liqadilar, — dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbar ustida aytgan va’zlarining eng oxirgisi
shul edi. Mundan so‘ngra betobliklari kundan-kunga og‘irlashgani turdi. Shu betob
yotganlarida bir kuni Rasululloh qizlari Fotimani oldilariga chaqirib olib, qulog‘iga
shivirlab edilar, hazrati Fotima yig‘lay boshladi. Muni ko‘rgach, yaqinroq kel, deb ishora
qilib, yana qulog‘iga gapirib edilar, kulimsirab suyungandek bo‘ldi.
Avvalgi yig‘laganida Rasululloh shu betoblikda vafot bo‘lishlarini aytgan edilar. Keyingi
gapirganlarida: — «Ko‘p xafa bo‘lma, uzoq o‘tmay hammadan ilgari sen menga
erishursan», demish edilar. Muni anglab, suyunganlaridan kulgan edilar. Rasululloh
deganlaridek, o‘zlaridan keyin olti oygina umr ko‘rib vafot topdilar.
Rasulullohning betobliklarida Abu Bakr Siddiq imom bo‘lib o‘n yetti vaqt namoz o‘qidilar.
Bu zotni imomlikka o‘tkazishlari ersa, o‘zlaridan keyin shu kishining xalifa bo‘lishiga
ishorat bo‘ldi. Shuning uchun sahobalar:
— Rasulalloh dinimizga ishonib imom qilgan kishini nechuk biz u dunyoyimiz uchun
ishonib xalifa qilmaylik, — dedilar.
Imom Vohidiy Rasulullohning xodimlari Abdulloh ibn Ma’suddan rivoyat qilur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan bir oy burun bizga xabar berdilar.
Judolik yaqinlashganda hammamiz hazrati Oisha uylarida Rasulullohning ustlarida
yig‘ildik.
Anda Rasululloh:
— Sizlarni Alloh ofatlardan omon saqlasin. Alloh nusrat berib, din dushmanlari ustiga
g‘alaba qilsin. Sizlardan Alloh rozi bo‘lib, o‘zining oldidan o‘rin bersin. Endi sizlarga
vasiyatim shuldurkim, taqvo yo‘lini tutib, gunoh ishlardan saqlaninglar. Men sizlarga
Xudo tomonidan kelgan xabarchi erurman. Yer ustida yurib hech kimga takabburlik,
buzuqchilik qilmanglar, bu ishni qiluvchilarni joyi jahannamdur. Munday kishilarga
jannat yuzi haromdur, oxirat davlatiga, jannatning nozu ne’matlariga taqvolik kishilar