www.ziyouz.com kutubxonasi
357
eshigini ochiq qo‘yadilar», deb so‘z qildilar.
Anda Rasululloh:
— Men Abu Bakr eshigida nur chiqib turganini ko‘rurman. Bu nurni sizlarning
eshigingizda ko‘rmadim. Yana men dastlab chiqib xalqni dinga da’vat qilganimda
odamlar meni yolg‘onchi qildilar. Abu Bakr meni rost aytadur, deb darhol iymon keltirdi.
Boshqalar mendan mol-dunyolarini ayadilar, u ersa mendan hech narsasini ayamadi» —
dedilar.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansor sahobalari haqida vasiyat qilib, ularni
muhojir sahobalarga topshirib shunday marhamat qildilar:
— Ey muhojir sahobalar! Ansorlar haqida sizlarga qilgan vasiyatlarimni o‘rniga
qo‘yinglar. Qattiqchilik kunlarda ular menga boshpana bo‘lganlar. Men uchun mol-
jonlarini qurbon qilganlar. Bularning yaxshiliklarini hurmat qilinglar, yomonliklarini avf
qilinglar.
Bu so‘zlarni aytgach, Rasululloh onamiz Oisha hujrasiga kirib yotdilar. Isitmalari eng
yuqori darajaga ko‘tarilgan edi. Shu orada hazrati Bilol xufton namoziga azon aytdilar.
Azon eshitilgach, ustlaridan sovuq suv quyishga buyurdilar. Onalarimiz Rasulullohni dos
idishga o‘tkazib cho‘miltirdilar. Biroz sergigandek bo‘lib, namozga borish uchun turib
edilar, yana ko‘ngillari ketib o‘zlarini bilmay qoldilar. Bir ozdan so‘ngra o‘zlariga kelgach:
— Namoz o‘qildimi? — deb so‘radilar.
— Yo‘q, hali o‘qilmadi, yo Rasululloh, sizga qarab turamiz, — dedilar sahobalar.
Namozga chiqmoqchi bo‘lib g‘usl qilib edilar, yana hushlari ketdi. Shundoq bo‘lib, uch
qayta g‘usl qilib, uch qayta hushsiz bo‘ldilar.
Jamoat namoziga chiqolmagach, hazrati Bilolga:
— Abu Bakr Siddiqqa aytgil, namozga imom bo‘lib, o‘qib bersun, — dedilar.
Anda onamiz Oisha:
— Yo Rasululloh, otam Abu Bakr Siddiq ko‘ngli yumshoq, ko‘zi yoshlik kishidur. Sizning
o‘rningizda turib imom bo‘lmoqqa toqat qila olmag‘ay, u kishini yig‘i bosib o‘qigan
qiroatini orqada turgan jamoat eshita olmag‘aylar, — dedi.
Shu xilda so‘zni onamiz Oisha ikki-uch qaytarib aytgan bo‘lsalar ham so‘zlarini rad qilib,
hazrati Abu Bakr Siddiqni imom bo‘lishga buyurdilar.
Hazrati Bilol Rasulullohning hollari og‘irlashib namozga chiqa olmay qolganlarini
ko‘rgach, yig‘laganlaricha masjidga chiqdilar. Sahobalar Rasulullohga muntazir bo‘lib
o‘ltirgan edilar. Hazrati Bilolning so‘zini anglab, masjid yig‘iga to‘ldi.
So‘ngra hazrati Abu Bakr Siddiq nochor xufton namoziga imom bo‘lib o‘tdi.
Rasulullohning bunday og‘ir holda yotganlari hammaga ma’lum bo‘lib, sahobalarga
tashvish tushdi.
Ayniqsa, Ansor sahobalari boshqalardan ko‘proq qo‘rqishib, uylariga qaytmasdan,
masjiddan chiqmasdan o‘ltirishdilar. Hazrati Ali boshliq uch-to‘rt kishi ketma-ket kirishi
bu ishdan Rasulullohga xabar berdilar ersa, bularga tasalli berish uchun boshlarini
bog‘lab, hazrati Ali bilan Abbos o‘g‘li Fazlning o‘rtasida oyoqlari sudralib, yer chizgan
holda masjidga chiqdilar.
Masjidning ichi va tashqarisi odamga liq to‘la edi. Sekinlik bilan kelib, minbarning pastki
poyasida o‘ltirdilar. Hammaning yuzlaridan g‘am-qayg‘u sezilmoqda edi. Allohga hamdu
sano aytganlaridan keyin:
— Ey odamlar! Mening o‘lishimdan nega muncha qo‘rqdinglar! Mendan ilgarigi o‘tgan
payg‘ambarlardan o‘lmay qolgan biror kishi bormu? Agar ulardan birortasi o‘z ummati
ichida o‘lmasdan qolgan bo‘lsa, men ham sizlarning oranglarda o‘lmasdan turishim
mumkin bo‘lur edi. Munday bo‘lishi mumkin emasdur. Sergak bo‘linglarkim, men Alloh
oldiga borurman. Sizlar ham bir kuni ul dargohga borishinglar aniqdur. Dastlabda men