www.ziyouz.com kutubxonasi
370
uchun Xudo tarafidan Rasululloh yuborilmish edilar. Shu uchun Alloh taolo xalqning
ichki-tashqi yomon sifatlaridan Rasulullohni xabardor qilmish edi. Shunga ko‘ra har
kimning dardiga qarab davoladilar. Muso alayhissalomga Alloh taolo zohiriy ilmini bergan
edi. Ummatlarining qilgan ishlari shariat zohiriga kelsa, shunga qanoat qilar edilar. Alloh
taolo Xizr alayhissalomga botin ilmini ato qilib, shunga amal qilishga buyurgan edi.
Bizning Payg‘ambarimizga Alloh taolo har ikkovini ham berdi, Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam xalqning zohiriga va botiniga qarab, muomala qilar edilar. Rasululloh
muomalasi qo‘pol bo‘lgan a’robiylar bilan suhbatlashsalar, ularga ko‘rsatgan yaxshi
axloq, yaxshi so‘zlar ta’siridan alar shu majlis o‘tmay turib, ko‘ngillari iymonga moyil
bo‘lar edi.
Tavrot olimlaridan Vahb ibn Munabbah aytdi:
— O‘tgan payg‘ambarlarga Xudo tarafidan berilgan kitoblardan yetmish bittasini o‘qib
tushirdim. Rasulullohning sifatlarini shularning hammasida ko‘rdim. Xudo tomonidan
Rasulullohga berilmish aql oldida boshqalarning aqllari daryodan bir tomchi suv misoli,
deb yozilganini o‘qidim.
Allohning odati shuldurki, qaysi bandasiga aqlni ko‘proq berar ekan, shunga yarasha
qolgan yaxshi fe’l-xuylarni ham unga ko‘proq beradi. Kishi xulqining kengligi ham, uning
aqlining kengligiga yarasha bo‘ladi. Shuning uchun Rasulullohning oldida biror kishini
maqtasalar, uning aqli qandoq ekan, deb so‘rar edilar. Endi Rasulullohning aqllari
qandoq kamoliga yetgan bo‘lsa, u zotda bo‘lgan boshqa sifatlari ham shundoq kamolga
yetgan edi.
— Kishining iymoni sabr bilan kamolga yetadi. Jasadga bosh qanday zarur bo‘lsa,
iymonga sabr shunday zarurdir, — dedilar.
Rasulullohga payg‘ambarlik kelgandan so‘ngra o‘n uch yil Makkada turdilar. Bu muddat
ichida Makka mushriklari, Quraysh kofirlari Rasulullohga ko‘rsatmagan kulfatlari,
qilmagan jabr-jafolari qolmadi. Shularning bariga sabr qildilar. Haqiqatda ham o‘tgan
payg‘ambarlardan hech qaysilari o‘z qavmlaridan Rasulullohdek qattiq aziyatlar
ko‘rmagan edilar. Ayniqsa, himoyatchi amakilari Abu Tolib, g‘amguzor yori mehribonlari
onamiz Hadicha ikkovlarining vafotlaridan keyin yeru ko‘k titragudek, yuraklar
ezilgudek, ko‘zlar qon yig‘lagudek aziyatlar ko‘rib, sabr-sabot bilan barini o‘tkazdilar.
Bularning har birini o‘rni bilan yuqorida bayon qilib o‘tdik. O‘quvchilarga ma’lumdirkim,
Uhud tog‘ida bo‘lgan urushda ersa kofirlar muborak boshlarini yorib, tishlarini sindirdilar.
Butun tanlarida tig‘ tegmagan, jarohat bo‘lmagan joylari qolmagan edi. Hazrati Ali va
Hazrati Fotima yig‘lab turib bosh ko‘zlaridan qonlarini yuvdilar. Oqqan qonlarini yerga
tushirmay, o‘zlari artib turdilar:
— Agar bir qatra qonim yerga tushsa, osmondan azob tushib, hammani halok qilur, —
dedilar.
Bu ishga sahobalar chidayolmay:
— Yo Rasulalloh, duo qiling yer ustida kofirlar qolmay qurisinlar, — dedilar ersa,
Rasululloh:
— Men xalqqa Xudodan la’nat yog‘dirishga kelmadim, — deb, alar haqlariga shunday
duo qildilar:
— Ey bor Xudoyo, bularni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilib, gunohlarini kechirgil. Bular
bilmaydilar, bu ishni bilmaslikdan qiladilar.
Rasululloh o‘zlariga tegishlik narsalarda, ya’ni o‘z haqlari bo‘lib, o‘zlarini ranjitib, aziyat
bergan kishilarning xatolarini afv etib, gunohlarini kechar edilar, ammo Xudo amrini
buzib, shariat hukmini xor tutgan kishilarga qattiq g‘azablari kelur edi.
Handaq urushida mushriklar hujum qilib, namoz o‘tashga fursat bermadilar.
Rasulullohning namozlari shu kuni qazo bo‘ldi. Shunda g‘azablari kelib: «Bular bizni