www.ziyouz.com kutubxonasi
3
etiladi. Milliy Armiyaning Bosh qo‘mondoni Alixonto‘raga Marshal unvoni beriladi va u
kishi Sharqiy Turkiston jumhuriyatining birinchi prezidenti etib saylanadi.
Shunday qilib, bizning O‘zbekistonga deyarli uch barobar keladigan ulkan hududda yana
bir islom davlati vujudga keladi. Bu esa dahriylik asosida qurilgan sovet davlati
rahbariyatini qattiq tashvishga soladi. Oqibatda qonxo‘r Stalinning buyrug‘i bilan,
jinoyatchilar bobomizni muzokaraga taklif qilish bahonasi bilan o‘g‘irlab ketishadi. O‘ttiz
ming fidoiy yigitlardan tuzilgan muntazam armiya hamda milyonlab vatanparvar
musulmonlar esa mung‘ayib qolaverishgan. Toshkentda bobomiz bir necha yil uy
mahbusi bo‘lib o‘tirganlar.
Shunday nohaqliklar oqibatida faol siyosatdan voz kechishga majbur etilgan, qalbi
qayg‘u-hasrat, dardu alamga to‘lgan, ammo o‘z e’tiqodi, o‘z mafkurasidan zarracha
chekinmagan jafokash inson ilmu fan tadqiqotlariga sho‘ng‘ib ketadilar.
Bobomizning bunday og‘ir kunlarni boshlaridan kechirishlari janobi Payg‘ambarimiz
Muhammad alayhissalomning bir hadisi shariflarida kelgan mazmunni beixtiyor eslatadi,
Ul zot aytgan ekanlar: «Baloyu ofat, g‘urbat va musibatlarning eng qattig‘i bu dunyoda
payg‘ambarlarga, so‘ng ularning xayrli ishlarini davom ettiruvchi ulamolarga, so‘ng
shularga o‘xshash solih kishilar boshiga kelishi muqarrardir».
Bu hadisi sharif ruhini tanlariga singdirib olgan bobomiz qanchalik ko‘p zulmu sitam
tortsalar ham taqdir egasi ustidan hargiz shikoyat qilmas, balki shukr va mamnunlik
bajo keltirar edilar.
Alixonto‘raning Toshkentda o‘tgan so‘ngi o‘ttiz yillik umri ijodiy jihatdan juda sermahsul
bo‘lgan. Jumladan, Xerman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» kitobini,
Ahmad Donishning «Navodirul Vaqoye» asarini hamda Darvish Ali Changiyning «Musiqa»
risolasini fors tilidan tarjima qildilar. Ayniqsa, «Temur tuzuklari» shoh asarini eski
forsiydan tarjima qilib, «Guliston» jurnalida nashr qilganlarida (1967 yil) chinakam
inqilob bo‘lgan edi. O‘shanda «qonxo‘r Temur»ni ulug‘lashga qanday haddi sig‘di, deb
bobomizga butun «katta rahbar»lar hujum qilgan, jurnalning bosh muharriri va
Markazqo‘mdagi qator mas’ullar ishdan olingandi. Vaholanki, bobomiz Amir Temurni
o‘zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Yaratganga shukrki, mana bizning kunlarga
kelib Toshkentning markazida Sohibqiron Amir Temurga haykal o‘rnatildi.
Bobomizning eng ulug‘ zoti oliylargagina xos sifatlaridan biri — mansabga intilish va
shuhratparastlikdan yiroq bo‘lganlaridir. Bir necha yil burun «Temur tuzuklari»ni kitob
shaklida chop etdilar. Asarni bizning hozirgi tilimizga muvofiqlashtirib, bobomizning
yoniga yana bir kishining ismi-sharifini qo‘shib, Alixonto‘raning tarjimasi sifatsiz va
xatosi ko‘p edi, asar deyarli qaytadan tarjima bo‘ldi, deb bir professor olim tanqid qilib,
so‘zboshi yozibdi. Bobomizga bag‘ishlangan katta anjumanda shogirdlaridan biri o‘sha
tanqidchi olimga qarata shunday degandi: «Ustozning shuhrat otiga mingashibsiz, lekin
u kishini tanqid qilishga sizga kim huquq berdi. Axir buyuklar nuqsonini qidirish uchun
hech bo‘lmaganda ular darajasiga yaqinroq bo‘lish kerak emasmi?» O‘shanda katta zal
bu gapdan larzaga kelgandi.
«Har bir davlat rahbari, podshosi agar «Temur tuzuklari»dan mukammal xabardor bo‘lsa
va unga amal qilsa, u eng odil, eng qudratli va yengilmas davlat podshosi bo‘lishi
muqarrar», degan edilar bobom.
Bobomiz kuchli tabib ham edilar, hatto saraton kasalining muolajasini bilganlar.
Sovet tibbiyotida uzoq vaqt tan olinmagan seksopatologiya fanining bilimdoni ham
Alixonto‘ra Sog‘uniy edilar.
Bobomiz qalamiga mansub «Shifo-ul ilal», ya’ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud.
Unda ikki yuzga yaqin kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan.
Etuk siyosiy arbob va haqiqiy vatanparvar bo‘lgan Alixonto‘ra Sog‘uniy «Turkiston