www.ziyouz.com kutubxonasi
4
qayg‘usi» degan katta asarning muallifidirlar. Bu asarda bizning xalqimiz qanday qilib
bosqinchilarga qul bo‘lib qolgani va qanday qilib dinni, Vatanni, millatni asrash kerakligi
chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etiladi.
«Tarixi Muhammadiy»ning yozilishi qanchalik kuch-g‘ayrat, mashaqqatli mehnat va
bilim-zakovat talab etgan bo‘lsa, uni qabih kommunistik tuzum ta’qibidan asrash undan
ham qiyinroq bo‘lgan. Bobom deyarli yigirma yil mobaynida juda og‘ir ahvolda, dindorlar
quvg‘inda bo‘lgan yillari yozgan bu bebaho asarni avaylab zamoni saodatga, kelajak
avlodga yetkazib berish uchun ko‘p yillab uni yer ostida, hatto un qoplarida ham
saqlaganlar.
O‘zbekistonimiz istiqlolga erishgan bu dorulomon kunlarda adolat qaror topib, haqiqat
ochiq aytilmoqdakim, yirik islomiy-falsafiy olimlarning yakdillik bilan e’tirof etishlaricha,
«Tarixi Muhammadiy» XX asrning eng insonparvar, betakror, buyuk asarlaridan biri
hisoblanadi. Kitobni oqqa ko‘chirish, xattotlik esa yoshligidanoq eng oliy maqsadi Otaga
xizmat qilish bo‘lgan, bobomning suyukli farzandlari — mening padari buzrugvorim
bo‘lmish Muhammadyorxonto‘ra zimmalarida edi. Biz yosh bola edik, dadamlar
nihoyatda go‘zal arabcha husni xatlari bilan tunu kun yozardilar.
«Turkiston qayg‘usi»da bobomning shunday so‘zlari bor: «mag‘lubiyatga uchrab,
dushmanlaridan yengilgan millatlar doimo qayg‘u-hasratda qolib, xoru zorlik birla
yashamoqqa majburdirlar. Har kimsaga ma’lumdurki, hayot olamida insonning eng
sevgan, qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar
insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar.
Alarning eng birinchisi shuldurki, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmog‘i kerakdur.
O‘zida erki, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bor.
Ikkinchisi shulki, shar’iy yoki qonuniy kasblar orqali topgan molu dunyosi, qilgan
mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lib, aning xos mulkidur.
Uchinchisi, har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota-bobosidan
meros qolgan Vatanidir. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq — Vatan
avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.
To‘rtinchisi, har bir mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas
dinlaridur.
Endi yuqorida yozilmish bu to‘rt narsaga ega bo‘lmoq uchun har millatning butun
huquqlari shu millatning o‘z qo‘lida bo‘lishi shartdur».
Bobomiz tub ma’nodagi olim bo‘lib, tibbiyot, falsafa, geologiya, tarix, matematika
fanlarining yetuk olimlari — professor, akademiklariga ustozlik qilganlar. Shunday ekan,
nima uchun matbuotda u kishining nomi eshitilmas edi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Avvalo, sovet hukumati Alixonto‘raning nomini matbuotda tilga olishdan qo‘rqqan.
Ikkinchidan, yaxshisi bir misol keltiray: «Sodiqov degan ToshMIning bir professori
bobomizga qadimgi bir qo‘lyozma ko‘tarib keladi. Uni o‘qishga hali hech kimning tishi
o‘tmagan ekan. Bobomiz salkam uch yuz yil ilgari forsiyda yozilgan bu qo‘lyozma tibbiy
asar ekanini aytib, uni darhol arabchaga va turkiyga o‘giradilar va u kishiga qaytib
beradilar. Professor darhol taqriz yozib, asarning u yer-bu yerini «tuzatgan» kishi bo‘lib,
o‘zining nomidan bosib chiqaradi. Voqeadan xabardor bir shogirdlari bobomizning
oldilariga kelib: «Anavi professor qo‘lyozmani kattagina broshyura qilib, faqat o‘z
nomidan chiqaribdi, Sizning nomingizni hatto tilga ham olmabdi», deganida bobomiz
xursand bo‘lib: «Ha, barakalla, kitob qilibdimi, a? Necha ming dona kitob qilib bosibdi?
Xalq o‘qiydigan bo‘libdi-da, baraka topsin!» degan edilar.
Bobomiz biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo‘lganlar, mening o‘zim uchun esa
tub ma’nodagi haqiqiy inson timsoli edilar. «Bolaligimdan bir odatim bor, agarda ikkita
choponim bo‘lsa, uning yangisini birovga bergim kelaveradi», derdilar. Shu gaplari hech