4. Falsafani o`rganishning ilmiy va amaliy ahamiyati.
Odatda falsafa kundalik hayot va amaliyotdan ancha uzoq bo’lgan haddan tashqari umumiy
masalalarni o’rganadi, degan fikr mavjud. Ammo bu fikrga qo’shilish mushkul, zero umumiy
nazariyalar, agar ularga kengroq ma’noda va uzoqroq istiqbol nuqtai nazaridan yondashilsa, ba’zan
bilimning tor sohalariga taalluqli bo’lgan ko’pgina muayyan g’oyalardan yaxshiroq samara beradi.
Albatta, falsafa doim kundalik hayotdan ma’lum darajada uzoq bo’lgan va shunday bo’lib
qolmoqda. Uning o’ziga xos xususiyati, betakrorligi ayni shu omilda namoyon bo’ladi. Biroq, boshqa
tomondan, falsafa oddiy ijtimoiy borliq, kundalik ijtimoiy, siyosiy yoki iqtisodiy hayot amaliyoti deb
nomlash mumkin bo’lgan narsalardan ham o’zini olib qochmaydi. Falsafiy refleksiya va u bilan
mushtarak bo’lgan harakatlarning mazkur yo’nalishi XX asrda hatto butun bir yo’nalish – amaliy falsafa
vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Bunda falsafa siyosiy, ijtimoiy va boshqa qarorlar qabul qilishga
muqarrar tarzda va bevosita ta’sir ko’rsatadi, deb aytish mumkin emas, ammo bu holni butunlay istisno
etish ham o’rinli bo’lmaydi. Biroq shu narsa aniqki, falsafa odamlar dunyoqarashini shakllantirish orqali
ularning xulq-atvorini, yuqorida zikr etilgan qarorlarni ishlab chiqish jarayonida ularning
yondashuvlarini ham ko’p jihatdan belgilaydi, faylasuflarning o’zlari esa ba’zan odamlar hayotini
butunlay o’zgartiruvchi muhim, olamshumul g’oyalar tashabbusi bilan chiqadilar.
Faylasuflar jamiyatdagi ma’naviyat va axloqning holati uchun ham sezilarli darajada javobgardirlar,
zero ular nafaqat ijtimoiy me’yorlar va tamoyillarni rivojlantiradilar, ulardan dars beradilar yoki
kitoblar, maqolalar orqali ijtimoiy ongni ular bilan oshno etadilar, balki aksariyat hollarda keng
jamoatchilik fikrini uyg’otadigan, ijtimoiy ahamiyatga molik bo’lgan, ijtimoiy-siyosiy muammolar,
madaniyat va ma’naviyat masalalariga doir muhokama va munozaralar tashkil etadilar.
Dostları ilə paylaş: |