Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Simlarin cho'g' qilib ekmoqda oftob.
Ochiqsam, ich-etim yerman, ey mohtob,
Chanqasam, ko'z yoshim yutib o'tyapman.
Qayrilma kipriging haqqiga qasam,
Dunyo gumroh edi gar men kelmasam.
Dilda gohi umid, gohida alam,
Dunyoning qo'lini tutib o'tyapman.
1994
METRODA
Metroda sayr
qilib yurmaydi hech kim,
Birov ishdan qaytar, birov sayrdan.
Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim,
Kimdir ro'znomani ikki ayirgan.
Men ham qaytayotgan edim uyimga,
Yumushlardan tolib, xayolga tolib.
Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday,
Ko'nglimga chirpirak g'alayon solib.
Go'yo tanimading. Tutqichni tutib,
Ma'yus jilmaygancha tolding xayolga.
Turgim, borgim keldi. Elni unutib,
Seni ko'mgim keldi ming birsavolga.
Yodimda chaqnadi qasamyodlarim,
Bir zamon seniki bo'lgan hayotim...
Yoningga bormadim, bora olmadim,
O'zimni ayadim, seni ayadim.
Keyin tushib ketding. Sezmading go'yo,
Qayrilib boqmading, ey sun'iy yo'ldosh.
Meni ayadingmi, o'zingnimi yo?
Qiz qalbi qizg'aldoq emas, tilsimtosh!
Muhabbat - puch narsa, muhabbat - yolg'on!
Orzular, qayg'ular, tuyg'ular - mayda.
Bilaman, poyimda yig'laydi xazon,
Negadir uyga hech borgim kelmaydi...
1994
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Dostları ilə paylaş: