AZOBLARIM
Nabijon akaga
Hilol yanglig' ochiq qoldi so'roqlarim,
Yellar quvnab-quvnab titdi varoqlarim.
O'ynab-o'ynab to'kildilar yaproqlarim,
Yaproqlarim birin-ketin ketaverdi,
Ketgan sari azoblarim ortaverdi.
Jilg'a bo'lib yetolmadim daryolarga,
Turna bo'lib ketolmadim samolarga,
Karvon bo'lib ko'milmadim sahrolarda,
Karvonlarim turnaqator o'taverdi,
O'tgan sari azoblarim ortaverdi.
Chang tegmagan gul ko'rmadim gulzorlarda,
Bir pokiza dil ko'rmadim dildorlarda,
Bu dildorlar qator turib bozorlarda
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Ko'ngillarin matoh kabi tutaverdi,
Tutgan sari azoblarim ortaverdi.
Ota uyim eshigida chim bo'lmadim,
So'ritokni bog'lagan bir sim bo'lmadim,
Birodarlar, kim bo'ldim men, kim bo'lmadim?
Onam yuzim unutsa-da kutaverdi,
Kutgan sari azoblarim ortaverdi.
Endi, ayting, men qarimi, otam qari?
Men otamdan ko'ra so'nggi yo'lga qariyb.
Dilim o'ldi fojeamdan she'r axtarib,
Peshonamga hayot she'rlar bitaverdi,
Bitgan sari azoblarim ortaverdi.
1995
SEVGI
Yo'g'u borimga bois borliqsan, sevgi,
Yagona yordan yolg'iz yorliqsan, sevgi.
Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat
Ongimdagi abadiy og'riqsan, sevgi.
Kapalak chang chalganda sochilgan changsan,
Chumoli torta kelgan tortiqsan, sevgi.
Momo Havo to'ymagan havosan, harir,
Odam Ato so'ymagan jonliqsan, sevgi.
Cho'kayotib tutganim xassan, men uchun -
Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi.
1995
ALVIDO
Alvido, ey xush xayollarim,
Sizni changday puflab uchirdim.
Hayot, sizga yo'q savollarim,
Hayot, hammasiga tushundim.
Yengim bilan artdim yoshimni,
Ko'z oldimdan tarqadi tuman.
Endi yurtning gulu toshini
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Aql ko'zi bilan ko'raman.
Kechagina huv elas-elas
Yulduz mening deya o'ylardim.
Titroq emas, qaltiroq emas,
Men qaldiroq bo'lib kuylardim.
Yuzlarimga suv urdi samo,
Seskandimu o'zimga keldim.
Kimligimni sezdim avvalo,
Keyin hech kimmasligim bildim.
Bu kamolmi yoki zavolim,
Quvradimmi yo qayta undim,
Hayot, sizga yo'qdir savolim,
Hayot, gapingizga tushundim.
1995
Dostları ilə paylaş: |