1.2. Imom Ismoil al-Buxoriyning hadisshunoslik ilmidagi o’rni.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislarish to‘plash, ularning
sahihlarini (to‘g‘rilarini, ishonchlilarini) ajratib, Qur’oni Karim oyatlari bilam
isbotlash borasida Movarounnahr va Xuroson olimlarining hissalari benihoyat
katta bo‘lgan. Chunonchi, Movarounnahr farzandlari — oltita mashhur muhaddis
yaratgan asarlar shular jumlasidandir.
9
Uvatov U. Buyuk muhaddislar. –T.: «O‘zbekistan Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 1998. –B.62
22
Diyorimizdan chiqqan buyuk alloma Imom al-Buxoriyning hadislarga
bag‘ishlangan to‘rt jilddan iborat «Sahiyh al-Buxoriy» asari (u «Al-Jomi’ as-
sahiyh» deb ham yuritiladi) butun Islom olamida haqli ravishda Qur’oni Karimdan
keyingi muqaddas manba’ hisoblanadi
10
.
Imom al-Buxoriyning ismlari Muhammad, kunyalari Abu Abdulloh, laqablari-
«Imom al-muhaddisiyn» («Muhaddislar imomi, peshvosi») yoki «Amir ul-
mu’miniyn fil-hadiys» («Hadis ilmi bo‘yicha mo‘minlar amiri») va nasablari
Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohiym ibn al-Mug‘iyra ibn Bardazbeh ibn
Bazazbehdir.
Imom
al-Buxoriyning
otalari
Ismoil
o‘sha davr etuk
muhaddislaridan, Imom Molikning shogirdi va ashoblaridan biri edilar. Ul kishi
tijorat ishlari bilan ham shug‘ullanganlar. Manba’larda zikr qilinishicha, Ismoil
o‘ta taqvodor, xudojo‘y, halol inson bo‘lganlar. Imom al-Buxoriyning onalari ham
otalari kabi taqvodor, diyonatli hamda karomat sohibasi bo‘lganlar. Ul muhtarama
Olloh taologa qilgan betinim iltijo-yu duolari tufayli ulkan baxtga sazovor bo‘lgan
edilar. CHunki, Imom al-Buxoriy go‘dakliklarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan bo‘lib,
tabiblar harchand urinmasin, davolay olmagandi. Kunlardan bir kuni Imom al-
Buxoriyning onalari tushlarida Ibrohim alayhissalomni ko‘radilar. SHunda ul zoti
sharif mushfiqa onaga qarab: «Ey volida! Sening ko‘pdan-ko‘p duolaring tufayli
Olloh taolo o‘g‘lingning ko‘zlariga qayta nur ato etdi»—deb xitob qiladilar. Imom
al-Buxoriyning onalari shu haqda o‘zlari bunday degan ekanlar: «O‘sha tush
ko‘rgan tunda uyg‘onib qarasam, darhaqiqat o‘g‘ilcham Muhammadning ko‘zlari
tuzalib, qayta nur kasb etibdi». Afsuski, biz Imom al-Buxoriyning yoshlikda
ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgani va buning sabablari xususida batafsil ma’lumotga ega
emasmiz. Bizga ma’lum bo‘lgani shuki, Imom al-Buxoriy butunlay shifo topib,
ko‘zlari asl holiga keladi va «At-Ta’rix al-kabiyr» nomli asarlarini oydin
kechalarda yozadilar.
Imom al-Buxoriy qadimdan ilm-fan va madaniyat ravnaq topgan Buxoro
shahrida 194 hijriy sana, shavvol (Iyd ul-fitr) oyining 13 kunida, salotul-jum’adan
keyin, ya’ni 810 melodiy sana, 21 iyulda dunyoga kelganlar. Buyuk shoir va
10
Uvatov U. Buyuk muhaddislar. –T.: «O‘zbekistan Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 1998. –B.62.
23
mutafakkir Abdurahmon Jomiy shu xususda: «Batho va Yasrib (Madina)da zarb
qilingan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga etdi»—deb yozgan edi.
Imom al-Buxoriy yoshlikdayoq otadan etim qolib, onalari qo‘lida tarbiyalana
boshlaydilar. Birmuncha ulg‘ayib, xat-savodlari chiqqach, qalblarida islomiy
ilmlarga, ayniqsa, Payg‘ambar alayhissalomning muborak hadislarini yod olib,
ularni o‘rganishga ishtiyoq kuchaya boradi va dastavval Ibn al-Muborak hamda
Vakiy’ning hadis asarlarini yod oladilar.
Imom al-Buxoriyning kotiblari va asosiy tasniflari — «Al-Jomi’ as-
sahih»ning roviylaridan biri Abu Ja’far Muhammad ibn Abu Hotam al-Varroq
bunday deb yozadilar: «Men Imom al-Buxoriyning «Hadislarni yod olish ilhomi
menga boshlang‘ich maktab (kuttob)da o‘qiyotganimda kelgan edi» deb
aytganlarini eshitib: «O‘shanda necha yoshda edingiz?»—dedim. SHunda ul kishi:
«O‘n yoshda, balkim undan ham kichik edim»—deb javob qildilar»
11
.
Imom al-Buxoriyning ustozlari xususiga kelsak, dastlabkisi otalari Ismoil,
so‘ng o‘sha paytda Buxoroning taniqli muhaddislaridan biri hisoblangan alloma
Ad-Doxiliy bo‘lganlar. Ad-Doxiliy hadis ilmini o‘rgatish bo‘yicha to‘garak (halqa)
tashkil qilgan bo‘lib, uning shuhrati keng tarqalgan edi. Kunlardan bir kuni Ad-
Doxiliy odatdagicha talabalarga hadis ilmidan dars berib turgan bo‘lib, Al-Buxoriy
ham boshqalar qatori tinglab o‘ltirgan edilar. SHunda Ad-Doxiliy bir hadis isnodi
haqida gapirayotib: «Sufyon Abu Zubayrdan, u esa Ibrohimdan (olgan,
eshitgan)»—deb zikr qildilar. Shunda Al-Buxoriy: «Abu Zubayr hech vaqt
Ibrohimdan rivoyat qilmaganlar»,—dedilar va bu bilan Ad-Doxiliyni mazkur hadis
isnodi xususidagi xatodan ogoh qilmoqchi bo‘ldilar. Bu ovozni eshitgan Ad-
Doxiliy hayratlanib dag‘allik bilan ul kishining so‘zlarini bo‘ldilar. Ammo Al-
Buxoriy o‘ta muloyimlik bilan: «Ustoz, agar ishonmasangiz, asl manba’ga bir
qarang!»—dedilar. Ad-Doxiliy ichkariga kirib manba’ga qaragach, Al-
Buxoriyning gaplari to‘g‘riligini e’tirof qilsalarda, o‘sha hadis sanadini o‘zlari
tuzatmay, bu gomushni, insof yuzasidanmi yoki «Shogirdim o‘zi topgan xatoni
o‘zi tuzatsin» degan ixtiyor bilanmi, Al-Buxoriyga qoldirdilar. Ichkaridan
11
Imom Buxoriy ta'rifi. –T.: Cho‘lpon, 1996. –B.22.
24
chiqqach esa: «E bola, buni ne deb tuzatish lozim?» — dedilar. Al-Buxoriy darhol:
«Az-Zubayr va Ibn Adiy bir shaxs bo‘lib, ul kishi Ibrohimdan rivoyat qilganlar»,—
dedilar. Shundan keyingina Ad-Doxiliy qo‘llariga qalam olib, avval xato yozuvni
tuzatdilarda, so‘ng: «Sen haqsan»,—dedilar. Al-Buxoriy, o‘zlarining aytishlaricha,
bu vaqtda atigi o‘n bir yoshda bo‘lganlar. Manba’larda keltirilishicha, Al-Buxoriy
qalblarida hadis yod olish ishtiyoqi o‘n yoshdan boshlanib, vaqt o‘tgan sari tobora
kuchayib, ziyoda bo‘lib borgan. Imom al-Buxoriy yoshlik chog‘laridan hadislarni
yod olish bilan birga, ularning sahih (to‘g‘ri) va g‘ayri sahih (noto‘g‘ri)larini
ajratish, ulardagi xatolarni aniqlab to‘g‘rilash, hadis roviylari ahvolini, ya’ni
ularning adolatli yo adolatsiz, halol yoki egriligini, ishonchli yoki ishonchsizligini,
turish-turmushlarini, uy-joylarini, tug‘ilgan va vafot etgan sanalari va aloqalarini
o‘rganish hamda turli hadislar isnodini solishtirib ko‘rish, ularning bir-biriga
bog‘liq yoki bog‘liq emasligini aniqlash, hadis ilmi borasida eng yuqori darajaga
etishish, uning turli masalalarini jamlab va chuqur tahqiq etib, Qur’oni Karim
oyatlari yordamida to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanligini isbotlash bilan mashg‘ul
bo‘ldilar. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Imom al-Buxoriy bu masala bilan yoshlik
chog‘laridan alohida ishtiyoq va mehr bilan shug‘ullanganlar. Bu olijanob solih
amalni ruyobga chiqarmoq qasdi ul kishining fikru zikrini tobora qattiqroq
chulg‘ab, dillaridan tobora mustahkam o‘rin ola borgan. Imom al-Buxoriyning o‘z
vatanlarida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustoz (shayx, mashoyix)lardan hadis
rivoyat qilganlari haqida manba’larda aniq ko‘rsatilgan. Imom al-Buxoriyga hadis
ilmidan ta’lim bergan dastlabki ustozlardan yana Muhammad ibn Salom al-
Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad al-
Masnadiy, Ibrohim ibn al-Ash’as va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Imom al-Buxoriy o‘n olti yoshga etar-etmas ko‘pdan-ko‘p hadislarni
o‘zlashtirib, Abdulloh ibn al-Muborakning hadis kitoblarini yod oldilar. Ul
kishining bu noyob qobiliyatlari ko‘pchilik ulamolar tomonidan, shuningdek ul
kishiga ustozlik qilgan etuk muhaddislar tomonidan ham yuksak baholandi. Bu hol
shu darajaga etdiki, hatto taniqli olimlar ham o‘z darslarida Imom al-Buxoriyning
hozir bo‘lishlaridan hamda ul kishining huzurida hadis va hadis ilmi borasida biror
25
xato yoki kamchilikka yo‘l qo‘yishlaridan xavotirlanadigan bo‘lib qoldilar. Ular
hatto o‘z kitoblaridagi xatolarni tuzatish uchun Al-Buxoriyga murojaat qilardilar.
Muhaddislar orasida arabcha «rihlat» istilohi biror kishining hadis talabida
yoki uning roviylari silsilasini nihoyasiga etkazish maqsadida safar qilishini
anglatadi. Rihlatga niyat qilgan hadis tolibining o‘z yurtidagi barcha roviylardan
ular bilgan hadislarni birorta ham qoldirmay yozib olishi shart bo‘lgan. U ana shu
shartlarni bajargandagina o‘zga yurtlarga rihlat qilgan.
Imom al-Buxoriy hadis talabida rihlatga niyat qilgan davrga nazar solsak, bu
paytda Islom olami benihoyat kengaygan bo‘lib, Islom bayrog‘i ostiga o‘tgan elu
yurtlarning adadi juda ko‘paygan edi
12
. Bunga qadar Janob Rasulullohning
sahobalari, ulardan so‘ng tobe’inlar va atbo’ ut-tobe’inlar uzoq-uzoqlardagi turli
mamlakatlarga tarqab ketgandilar. Ular Payg‘ambar alayhissalomning muborak
hadislarini o‘zlari borgan turli mamlakat va shaharlarda ommaga yoyar erdilar.
Shubhasiz, ikki Haram (Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara) mamlakati
ilmi Islom, jumladan hadis ilmi borasida alohida mavqega ega. Chunki bu
mamlakat Islom dinining asl markazi va vahiy nozil bo‘lgan tabarruk zamindur.
Shunday bo‘lsada, ko‘p sahoba va tobe’inlar o‘zga yurtlarga borib, ul erlarda
yashab qolgan edilar. Suyagi qotmagan davridan Islom ilmiga muhabbat qo‘yib,
uning visoli orzusida ulg‘aygan kishi maqsadiga etmog‘i uchun o‘zini behad uzoq
muddatli rihlatga (safarga) hozirlamog‘i lozim bo‘lgan. SHubhasizki, bunday ezgu
amalni ado etmoq uchun iroda, baland himmat va sabr-toqat darkordur. Olloh taolo
Imom al-Buxoryyga mazkur barcha xislatu fazilatlarni to‘la-to‘kis ato qilgan edi.
Mana shunday xislatu fazilatlarga ega bo‘lgan inson Islom ilmiga etishmoq yo‘lida
ochligu tashnalikdan qiynalsa ham, ot-ulovidan ajrab cho‘lu sahrolarda piyoda
yuraverganidan tovonlari yorilib-yorilib ketsa ham, begona yurtlarda turli
mashaqqatlardan nochor ahvolga, kelib qolsa ham, emishi faqat sabzavot, meva va
daraxt barglaridan iborat bo‘lsa ham, qalb aro ilmga bo‘lgan muhabbati hech
qachon so‘nmaydi. Aksincha, u ilm yo‘lida boshiga tushgan har qanday
mashaqqatlardan rohatlanadi, zavqlanadi, bor mol-dunyosini shu yo‘lda
12
Imom Buxoriy ta'rifi. –T.: Cho‘lpon, 1996. –B.22.
26
sarflashdan, hatto jonini ham fido qilishdan qaytmaydi. Aynan ana shu xislatu
fazilatlar tufayli Imom al-Buxoriy o‘zlaridan oldin o‘tgan buyuk imomu allomalar
darajasiga ko‘tarildilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Biz
(musulmonlar bu dunyoga kelib-ketish jihatidan) oxirgilarmiz. (Ammo) barcha
ummatlarga bizdan avval va bizga ulardan keyin Kitob berilganiga qaramay,
Qiyomat kuni (hisob-kitob va jannatga kirish borasida biz hammadan)
oldindamiz...» — degan hadisi shariflari bu fikrimizni tasdiqlaydi. Alloma Qutayba
ibn Sa’id as-Saqafiy: «Imom al-Buxoriy sahobalardan bo‘lganlarida, Olloh
taoloning bir mo‘‘jizasi bo‘lgan bo‘lur edi»,—deydilar. Lekin, umuman olganda,
Imom al-Buxoriy, hatto tobe’inlardan bo‘lganlarida ham, Olloh taoloning bir
mo‘‘jizasi bo‘lgan bo‘laverardi. Ilm-fan yo‘lida o‘ta fidoiy ekanliklari hamda
g‘oyat o‘tkir aql-zakovat, baland himmat va ahl bovar qilmaydigan darajada kuchli
quvvai hofiza sohibi ekanliklari Imom al-Buxoriyga misli ko‘rilmagan shonu
sharaf keltirib, ul kishini buyuk allomalar safiga kiritdi. Shu boisdan ham Imom al-
Buxoriyning Imom Molik va Imom Abu Hanifaning ustozlaridan bo‘lmish ko‘plab
allomalardan hadislar rivoyat qilganlarini ko‘ramiz. Imom al-Buxoriy o‘n olti
yoshga etguncha o‘z yurtlaridagi mashoyixlardan hadis eshitib, ulardan saboq
oladilar. Mana shundan keyingina islomiy ilmlar manbai, Payg‘ambar
alayhissalomning vatanlari, Qur’oni Karim nozil bo‘lgan va Hazrat Jabroil tushgan
muqaddas diyor, Janob Rasulullohning sahobalari maskani, Islom dinining markazi
Hijozi sharif tomon ravona bo‘ladilar. Imom al-Buxoriyning kotiblari Ibn Abu
Hotam al-Varroq zikr qilishlaricha, Imom al-Buxoriy: «O‘n olti yoshga etganimda
Ibn al-Muborak va Vakiy’ning kitoblarini yod olib, anavilarning gaplarini bilib
oldim. So‘ng volidam va akam bilan hajga jo‘nadim»—deganlar. Ul kishi
«anavilar» deb Xuroson va Isfahonning ba’zi hadisshunoslarini nazarda tutganlar.
Ularning nomlarini tilga olgilari kelmaganining boisi shuki, ular hadis. ilmi
borasida o‘zbilarmonlik qilganlaridan ilmiy xadisshunoslikka zarar etkazganlar,
g‘ayri sahih hadislarning tarqalishiga sababchi bo‘lganlar). Al-Varroqning bu
rivoyatlaridan ma’lum bo‘ladiki, Imom al-Buxoriy birinchi marta 825 (hijriy 210)
yilda safarga chiqqanlar, hadis bo‘yicha saboqlarini esa bundan besh-olti yil
27
muqaddam ola boshlaganlar. Mana shu qisqa muddat ichida ul kishi hadis ilmi
borasida erishgan yutuqlari, qobiliyatu iqtidorlari, quvvai hofizalari, bilimga
chanqoqliklari bilan yurtdoshlarini hayratga soldilar, hatto kamolot ahli nazdida
ishonch va tayanch timsoliga aylandilarkim, bu martabaga buyuk allomalar ham
butun umri davomida erisha olmagan.
Shunday qilib, Imom al-Buxoriy 825 yili onalari va birodarlari bilan
birgalikda Makkai Mukarramaga etib kelib, haj ibodatini ado etgach, onalari va
birodarlarini ona yurtlariga qaytarib yubordilar. So‘ng, o‘zlari Makkada qolib,
shahar mashoyixlarining ilmiy yng‘inlarida qatnasha boshladilar. O‘sha paytda
Makkada bir qancha ko‘zga ko‘ringan ulamolar bo‘lib, hadis ilmi sohasida katta
obro‘-e’tibor qozonganlaridan Imom Abul-Valiyd Ahmad ibn al-Arzaqiy, Ab-
dulloh ibn YAzid, Ismoil ibn Solim as-Soig‘, Abu Bakr Abdulloh ibn az-Zubayr va
alloma al-Hamidiylarni ko‘rsatish mumkin. Makkai Mukarramada boshqa bir
necha olimlar xam bor ediki, Imom al-Buxoriy ulardan ham hadis ilmi bo‘yicha
saboq oldilar. Imom al-Buxoriy ul erda bir qancha muddat yashaganlaridan keyin
Madinai Munavvaraga yo‘l oldilar
13
. Bu erga jahonning har tarafidan ilmi
nabaviyni o‘rganmoq uchun ilm toliblari oqib kelardilar. Imom al-Buxoriy 827
yilda, ya’ni o‘n sakkiz yoshlarida Payg‘ambar alayhissalomning ravzai
muboraklari qo‘yilgan muqaddas shahar — Madinai Munavvaraga kirib keldilar.
SHu paytda Madinai Munavvarada Ibrohim ibn al-Munzir, Mutrif ibn Abdulloh,
Ibrohim ibn Hamza, Abu Sobit. Muhammad ibn Ubaydulloh, Abdulaziz ibn
Abdulloh al-Uvaysiy kabi ko‘plab mashhur ulamolar mavjud edilar. Imom al-
Buxoriy ushbu ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ham hadislar bo‘yicha
foydali saboqlar oldilar, Imom al-Buxoriy Hijozi sharifga qilgan bu rihlatlari
davomida kechalari oy yorug‘ida o‘ltirib «At-Ta’rix al-kabiyr» («Katta tarix»)
nomli kitoblarining qoralama nusxasini yozib tugatdilar. Qator tarixchilarning
ta’kidlashicha, Imom al-Buxoriyning Hijozga (Makka, Madina, Toif, Jiddaga)
qilgan bu rihlatlari olti yil davom etgan, Ammo, shu muddat davomida ul kishi
bo‘lak erlarga ham borib kelib turganlar.
13
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. –T.: Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. –B. 300.
28
Keyin, Imom al-Buxoriy Basra (Iroqda) shahriga yo‘l oladilar. Shu paytda
Basra ham Sharqning e’tiborli ilmiy markazlaridan biri bo‘lib, unda ilm-ma’rifat,
ayniqsa ilmi hadis taraqqiy etgan edi. Basrada ul kishi Imom Abu Osim an-Nabiyl,
Safvon ibn Iso, Badal ibn al-Muhbir, Hurmiy ibn al-Ammora, Affon ibn Muslim,
Muhammad ibn Ar’ara, Sulaymon ibn Harb, Abul-Valiyd at-Tayolisiy, Orim va
Muhammad ibn Sinon kabi ulamolardan hadis o‘rganadilar. SHu asnoda Imom al-
Buxoriy Basraga hammasi bo‘lib to‘rt marta borib keldilar. Bul haqda o‘zlari:
«Basraga to‘rt marta rihlat qilganman»—der edilar. SHundan so‘ng, ul kishi
Kufaga safar qildilar. Bu erga ham ul kishi bir necha bor kelib ketdilar.
Shuningdek, Bag‘dodga ham rixlat qildilar. Kotiblari Al-Varroq ul kishining Kufa
va Bag‘dodga qilgan safarlari xususida so‘zlab: «Imom al-Buxoriy: «Kufa va
Bag‘dodga necha marta borganimning hisobiga etolmayman»—der edilar»,—
deydilar. Tarixchi olim An-Navaviy «Tah-ziyb ul-asmo’ vallug‘ot» nomli
kitoblarida Imom al-Buxoriyning Kufadagi ustoz (shuyux)laridan quyidagilarni
zikr qilganlar: Abdulloh ibn Muso, Abu Na’iym Axmad ibn YA’qub, Ismoil ibn
Abon, Al-Hasan ibn Rabiy’, Xolid ibn Muxallad, Sa’iyd ibn Hafs, Talq ibn
G‘unom, Umar ibn Hafs, Urva, Qabiysa ibn Uqba va Abu G‘asson. Bular
Kufaning taniqli olimlari bo‘lib, Imom al-Buxoriy ishonch hosil qilgach, ulardan
hadislar yozib olib rivoyat qilganlar. O‘sha paytda Bag‘dod Abbosiylar
xalifaligining poytaxti bo‘lib, unda Islom olamining turli tomonlarida ko‘plab
fozilu olimlar to‘plangan, edi. SHu boisdan bo‘lsa kerak, Imom al-Buxoriy
yuqorida aytib o‘tganimizdek, Bag‘dodda bir necha marta bo‘lganlar. Ul kishi bu
erda Imom Ahmad ibn Hanbal, Muhammad ibn Iso as-Sabbog‘, Muhammad ibn
Soiq, SHurayh ibn an-Nu’mon va boshqalardan hadislar yozib olganlar. Imom Abu
Ali al-G‘assoniy «Taqyiyd al-muhmal» nomli asarlarida bunday deganlar: «Imom
al-Buxoriy so‘nggi marta Bag‘dodga kelib qaytayotganlarida (bu sakkizinchi kelib
ketishlari edi) Imom Axmad ibn Hanbal bilan xayrlashgani huzurlariga bordilar.
SHunda Imom Ahmad ibn Hanbal Imom al-Buxoriyga hasratu alam bilan: «Ilm va
muxlislarni tashlab Xurosonga ketasizmi?»— deb zorlangan edilar. Buxoro hokimi
Abu Tohir Imom al-Buxoriyni ona yurtlari Buxorodan badarg‘a qilish maqsadida
29
ul kishiga nisbatan turli-tuman bo‘htonu tuhmatlar yog‘dirganda. Imom al-Buxoriy
Ahmad ibn Hanbalning o‘sha so‘zlarini eslab: «Ahmad ibn Hanbalning
so‘zlarining ma’nosiga endi tushundim»—deb ko‘p afsuslangandilar».
Imom al-Buxoriy Shomda ham bo‘lib, unda Yusuf al-Faryobiy, Abu Nasr
Ishoq ibn Ibrohim, Odam ibn Abu Iyos, Abul-Yamon al-Hakam ibn Nofi’ va
Hayva ibn Shurayh kabi o‘sha davrning bir qancha mashhur olimlaridan saboq
oldilar. Shundan so‘ng, ul kishi Misrga o‘tib, Usmon ibn as-Soig‘, Sa’iyd ibn Abu
Maryam, Abdulloh ibn Solih, Ahmad ibn Solih, Ahmad ibn Shubayb, Asbag‘ ibn
al-Faraj, Sa’iyd ibn Abu Iso, Sa’iyd ibn Qasiyr ibn Afiyr, Yahyo ibn Abdulloh ibn
Bakir kabi olimlardan ilmi hadis bo‘yicha dars oldilar. Ba’zi manba’larda
ko‘rsatilishicha, Imom al-Buxoriy Al-Jazira (Mesopotamiya)ning Bag‘doddan
bo‘lak erlariga ham borib, Ahmad ibn Abul-Malik ar-Harroniy, Ahmad ibn YAzid
al-Harroniy, Amr ibn al-Xalaf, Ismoil ibn Abdulloh ar-Riqqiy kabi olimlar bilan
muloqotda bo‘ladilar va ulardan ham ilmi hadis bo‘yicha saboq oladilar. Bundan
tashqari, Imom al-Buxoriy Xuroson va uning Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray,
Jibolu Xuroson kabi erlarida ham necha martalab bo‘lib, u erlik olimlardan hadis
yozib oladilar. Chunonchi, Marvda Ali ibn Hasan ibn Shaqiyq, Abdon,
Muhammad ibn Muqotil va boshqalardan, Balxda Makkiy ibn Ibrohim, Yahyo ibn
Bushr, Muhammad ibn Abon, Hasan ibn Shujo’, Yahyo ibn Muso, Qutaybadai,
Hirotda Ahmad ibn Abul-Valiyd al-Hanafiydan, Nishopurda YAhyo ibn YAhyo,
Bushr ibn al-Hakam, Ishoq ibn Rohvayx, Muhammad ibn Rofi’dan, Rayda
Ibrohim ibn Musodan, Vositda Hasson ibn Hasson, Hasson ibn Abdulloh, Sa’iyd
ibn Abdulloh kabi olimlardan hadis yozib oladilar. Tarixchi Sharafuddin Ali
Yazdiy o‘zining «Zafarnoma» nomli mashhur asarida Muhammad ibn Ismoil al-
Buxoriyning Keshda ham ancha muddat istiqomat qilganlari haqida yozadi.
Yuqorida zikr qilingan shahar va mamlakatlarga Imom al-Buxoriy yakkayu-
yagona maqsad — hadis ilmidan saboq olish niyatida borib, ulardagi taniqli
olimlar bilan muloqotda bo‘ldilar, o‘z bilimlarini betinim boyitishga intildilar. Ad-
Xatiyb al-Bag‘dodiy «Bag‘dod tarixi» nomli kitobida bunday deb yozadi:
«Muhaddis Ja’far ibn Muhammad al-Qattonning aytishicha, Imom al-Buxoriy:
30
«Men hadislarni ming, ehtimol undan ham ortiq ulamo shayxlarga tayanib ezdim,
mening kitobimda isnodi ko‘rsatilmagan birorta ham hadis yo‘q»—deb aytgan
ekanlar»
14
.
Tarixchilar Imom al-Buxoriy ustozlarining soni, haqida ham ma’lumotlar
keltirganlar. CHunonchi, olim Muhammad ibn Abu Hotamning yozishicha, Imom
al-Buxoriy o‘zaro suhbatlardan birida unga: «Bir ming saksonta ulamo shayxdan
olib yozganman»—deb aygtan ekanlar. X asrda yashagan isfahonlik olim
Muhammad ibn Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy Imom al-Buxoriyning ustozlari
haqida maxsus asar («Asomiyi mashoyix») yaratib, ularni alifbo tartibida nomma-
nom keltiradi. Hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qiluvchi
vatandoshimiz, iqtidorli olim Nazar Muhammad al-Faryobiy tahqiq qilib, keng
ko‘lamda ilmiy muomalaga kiritgan ushbu mo‘‘jazgina risola 1991 yili Saudiya
Arabistonidagi «Maktabat al-Kavsar» nomli matbaada chop etilgan. Ushbu kitobda
«Sahiyh al-Buxoriy»da keltirilgan mingdan ortiq hadis roviylaridan 306 tasining
ismi sharifi, ularning asli qaysi shahardan kelib chiqqanligi, laqabi yoki kunyasi va
aksariyatining qaysi shaharda va qachon vafot etganligi haqida aniq ma’lumotlar
keltirilgan.
Har bir fan sohasining o‘ziga xos istilohlari bo‘lgani kabi hadis ilmining ham
o‘z istilohlari mavjuddir. Ulardan biri «illat» istilohi bo‘lib, muhaddislar uning
mazmunini quyidagicha tushuntiradilar: Illat—biror hadis isnodi yoxud matnidagi
darhol fahmlab bo‘lmaydigan noaniqlik va mavhumliklar bo‘lib, ular hadis qadriga
putur etkazadi, uning haq-qoniyligiga, to‘g‘ri deb qabul qilinishiga mone’lik qiladi.
Hadislardagi illatlarni topib, ularni isbotlash va to‘g‘rilash hadis ilmida o‘ta nozik,
o‘ta mas’uliyatli va eng mushkil izlanishdardan sanalib, muhaddisning bu boradagi
jamiki uslubu yo‘l-yo‘riqlarni mukammal bilmog‘ini, bundan tashqari roviylarning
tug‘ilgan, vafot qilgan vaqt va joylarini hamda ularning aslida hadisni kimdan
eshitib, qanday so‘z va iboralar bilan rivoyat qilganlarini aniqlamoq mahoratiga
ega bo‘lmog‘ini taqozo qiladi. Shu boisdan ham muhaddislar: «Bu shartlarni to‘la-
to‘kis ado etmoqlik hadis ilmida eng muammoli, ayni vaqtda o‘ta sharafli va
14
Uvatov U. Buyuk muhaddislar. –T.: «O‘zbekistan Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 1998. –B.17.
31
mas’uliyatli yumushdir. Imom al-Buxoriy hadis ilmi sohasida mukammal
egallagan san’atlardan biri esa aynan ana shu illatli hadislarni aniqlash san’ati edi.
Bu haqda muhaddis Al-Hofiz Ahmad ibn Hamdun: «Men Imom al-Buxoriyni
Usmon ibn Abu Sa’iyd ibn Marvonning janozasida uchratdim. SHunda
Muhammad ibn YAhyo az-Zuhliy Imom al-Buxoriydan roviylar ismlari va illatli
hadislar xususida so‘rab edilar, ul kishi kamon o‘qidek tez, «Qul huvallohu
ahad»ni yoddan sharillatib tilovat qilgandek ravon javob qildilar»—deydilar
15
.
Mana shu davrda, ya’ni IX asrda Nishopurda ilm-fan, ayniqsa hadis ilmi nihoyatda
taraqqiy qilgan edi. Buyuk muhaddislar Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-
Hajjoj, Imom at-Termiziy va boshqa bir qancha allomalar u erdagi madrasalarda
hadis ilmidan dars berardilar. Muhaddislar orasida ilmiy munozara va bahslar
bo‘lib turar edi. Imom al-Buxoriy hadis ilmi bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlari,
xususan illatli hadislarni aniqlash mahoratlari bilan barchani qoyil qoldirgan edilar.
O‘z davrining mashhur muhaddislaridan biri, Imom al-Buxoriyning shogirdlari
Muslim ibn al-Hajjoj Imom al-Buxoriyga o‘z samimiy munosabatlarini bildirib,
«Sizni faqat hasadgo‘ylargina ko‘ra olmaydi. Mening iymonim komilki, sizdek
buyuk olim butun olamda yo‘q»—deb aytganlar. Imom al-Buxoriyning illatli
hadislarni aniqlashdagi mahoratlari haqida ul kishiga zamondosh ko‘pgina olimlar
o‘z fikrlarini bildirganlar. Imom at-Termiziy illatli hadislar xususidagi «Kitob al-
ilal» nomli asarlarida: «Hadislar, roviylar, va ularning tarixlaridagi illatlar
xususidagi fikrlarimni Imom al-Buxoriyning «Kitob at-Ta’rix» nomli asarlaridan
olganman. Shuningdek, Abdulloh ibn Abdurrahmon va Abu Zur’adan ham
foydalandim, lekin Muhammad al-Buxoriydan foydalanganimchalik ko‘p
emas»,—deydilar. Imom at-Termiziy bul haqda yana: «Illatli hadis va isnodlarni
aniqlash borasida Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko‘ra ustun birorta ham
olimni ko‘rmadim»— deb ta’kidlaydilar.
Imom al-Buxoriy ishtirok etgan ilmiy majlislarning birida o‘z zamonasining
etuk olimlaridan sanalgan Al-Faryobiy sanadi quyidagicha bo‘lgan bir hadis haqida
gapirib: «Sufyon Abu Urvadan, u Abul-Xattobdan, u Abu Hamzadan rivoyat
15
Uvatov U. Buyuk muhaddislar. –T.: «O‘zbekistan Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 1998. –B.19.
32
qilgan»,—dedilar. Majlisda hozir bo‘lganlarning birortasi ham Sufyondam
boshqalarning kim ekanligini aniq bilmasdi, chunki mazkur hadis sanadida
ularning ismlari o‘rniga faqat kunyalari keltirilgan edi. Shunda Muhammad al-
Buxoriy, vazminlik bilan: «Abu Urva — bu Muammar ibn Roshid, Abul-Xattob —
Qatoda ibn Daoma, Abu Hamza bo‘lsa, Anas ibn Molikdir. Ular faoliyatlari
inqilobiy bo‘lgani uchun ham, faqat kunyalari bilan atalganlar»
16
—dedilar.
Roviylarni xato qilganlikda ayblash yoki ular aytgan hadislarning to‘g‘riligiga
ishonch hosil qilish masalalari sahobalar davridayoq yuzaga kelgan bo‘lib, o‘sha
paytda hadislarni yozib olishda bunga e’tibor berila boshlagan edi. CHunki hatto
ba’zi sahobalar rivoyat qilgan hadislar orasida ham illatli hadislar uchragan hollar
aniqlangan edi. Shunday bo‘lsada, Payg‘ambar alayhissalomning vafotlariga hali
ko‘p vaqt bo‘lmaganligi hamda hadislarni ommaga yoyish vositalarining kamligi
boisidan dastlab bunga unchalik qattiq kirishilmadi. Lekin hadislarni ommaga
tarqatish vositalari ko‘payib, hadis aytishga havasmandlar paydo bo‘lgach, yirik
muhaddislar bu masalaga jiddiy kirishdilar. Nihoyat, qaysi hollarda Janob
Rasulullohning zamondoshlarini hadis rivoyatida xato qilganlikda ayblamoq
mumkin-u, qaysi hollarda mumkin emasligi haqida qonun-qoidalar joriy etildi.
Roviylarni faqat o‘ta zarur hollardagina, shunda ham odob-axloq doirasidan
zarracha chiqmay, xato qilganlikda ayblamoq joiz, deb topildi. Xullas, roviylar
xatosini aniqlovchi muhaddis o‘z ishiga yuksak diyonat va ehtiyotkorlik bilan
yondoshmog‘i zarur edi. Imom al-Buxoriy ham bu borada o‘zlariga yuksak
diyonat, taqvo va o‘ta ehtiyotkorlikni dasturulamal qilib olgan edilar. Ul kishi
hadisda xatoga yo‘l qo‘ygan roviy haqida «Uni tark etishgan», «O‘ni odamlar
inkor etishgan». «Tark etilgan», «Tushirib qoldirilgan», «Uning xususida bo‘lak
fikr bor», «Uning xususida indashmagan» kabi beozor so‘zlarni ishlatar edilar.
Imom al-Buxoriy kamdan-kam hollarda biror raviyga nisbatan «U ichidan o‘ylab
topgan (uydirmachi)» yoki Qazzob (yolg‘onchi)» der edilar. Ul kishi aytgan eng
qattiq ayblov «Munkir ul-hadis» («Hadisni inkor qiluvchi») degan ibora bo‘lardi.
16
Abu Abdulloh Muhammad Ibn Ismoil al-Buxoriy Al-Jomi' as-sahih (Ishonarli to‘plam). 4 jildli. –T.: Qomuslar
bosh tahririyati, 1995-1999.
33
Hadis ilmida shunday qoida odat tusiga kirdiki, agar Imom al-Buxoriy biror roviy
haqida «U munkir ul-hadis» desalar bas, undan hech vaqt hadis rivoyat qilinmasdi.
SHu xususda Ibn al-Qatton: «Imom al-Buxoriy: «Kimning xususida «Munkir ul-
hadis» degan bo‘lsam, undan hech vaqt hadis rivoyat qilinmasin»—deb
aytganlar»,—deydilar
17
.
Imom al-Buxoriyning ko‘p sonli ustozlaridan birining ismi «Musaddid»
(«To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi») edi. Imom al-Buxoriy ul kishiga qattiq
ishonganlaridan: «Musaddid ismi jismiga monand kishidurlar. Kitoblarim o‘zimda
bo‘ladimi yoki ul kishida bo‘ladimi, menga farqi yo‘q»—deb doimo takrorlar
edilar. Bundan ayonki, Imom al-Buxoriy o‘z kitoblarining muhofazasiga alohida
e’tibor berganlar, bu masalaga bamisoli hadis rivoyatiga e’tibor bergandek e’tibor
bilan qaraganlar. Shuningdek, ular qanday odamlarning qo‘lida saqlanishiga ham
jiddiy qaraganlar. Imom al-Buxoriy umr bo‘yi Olloh taoloning bandalariga ilmiy
jihatdan ham, moddiy jihatdan ham naf’ etkazmoqni o‘zlariga eng oliy maqsad
qilib qo‘ygan edilar. Imom al-Buxoriyning otalari Ismoil o‘z zamonlarining yirik
muhaddislaridan bo‘lish bilan birga, katta savdogar ham edilar. Ul kishidan Imom
al-Buxoriyga kattagina boylik meros qolgan edi. Imom al-Buxoriy tijoratdan
ko‘rayotgan daromaddan besh yuz dirhamini faqiru miskinlarga, ilm toliblariga
sarflardilar. Tolibi ilmlarga ma’lum mablag‘lar (maoshlar) ajratib, ularni
Payg‘ambar alayhissalomning hadisi shariflarini o‘rganishga rag‘batlantirar, ahli
ilmga, ustozu muhaddislarga g‘oyatda ko‘p ehson ko‘rsatardilar. Ayni vaqtda
Imom al-Buxoriy o‘z shaxsiy hayotlarida eyish-ichish va kiyinishda sira xay
ortiqcha dabdaba va behuda sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymasdilar, sabr-toqat, qanoat
chidamlilik ul kishi uchun odatiy bir hol edi.
Imom al-Buxoriy g‘oyatda beg‘ubor, halol-pokiza, diyonatli, taqvodor inson
bo‘lib, g‘iybatu nohaqliklardan uzoq edilar, doimo: «G‘iybat harom ekanini
bilganimdan beri hech qachon biror kishi haqida g‘iybat qilmaganman»—deb
ta’kidlardilar. Imom al-Buxoriyning eng ulug‘ fazilatlaridan yana biri — taassub
(mutaassiblik)ning har qanday ko‘rinishlaridan uzoq ekanliklaridir. Ul kishining
17
Uvatov U. Buyuk muhaddislar. –T.: «O‘zbekistan Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 1998. –B.20.
34
«Sahih al-Buxoriy» («Al-Jami’ as-sahih») nomli hadis to‘plamlari bilan chuqur
tanishgan kishi bunga amin bo‘ladi. Qanchadan-qancha mashaqqatlar bilan
to‘plangan hadislarining sahihligiga to‘la ishonch hosil qilgachgina ularni kitobga
kiritganlari bu fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Imom al-Buxoriyning hadislar
to‘plami haqida shuni ham qayd qilish kerakki, isnodida ahli sunnaga mansub
bo‘lmagan roviylar ham uchraydi. Imom al-Buxoriy ular bilan garchand tariqat
masalasida muxolafatda bo‘lsalarda, ularning rivoyatlarini tashlab ketmay,
kitoblariga kiritganlar. Lekin, bu erda shuni aytish lozimki, bunday e’tiqodiy
murosasozlikning boisi—hadis rivoyatiga nisbatan mutlaq shubhaga o‘rin
qoldirmaslik edi. Shul boisdan muhaddislar ahl ul-havo (shiy’alar, xorijiylar,
mu’taziliylar va boshqalar)ga mansub roviylar aytgan hadislarni ham qabul
qilganlar, ammo ul roviylar bid’atga da’vat qilmaydigan, yolg‘on-yashiq
rivoyatlarni tarqatmaydigan, yolg‘onni hatto xayoliga ham keltirmaydigan kishilar
bo‘lishi shart bo‘lgan. SHuning uchun ham Imom al-Buxoriy ulardan
ayrimlarining
rivoyatini
«Al-Jomi’
as-sahih»ga
kiritib,
ba’zilarinikini
kiritmaganlar
18
. Imom al-Buxoriy roviylarning hadislardagi xatolarini aytish bilan
birga, ularning hayotdagi ezgu ishlari-yu, chin fazilatlarini, agar rost bo‘lsa, hech
bir kamsitmay, batafsil zikr qilganlar.
Imom al-Buxoriy yashagan davrlarida Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy
Tohiriylarning Buxorodagi amiri edi. Xorijiy yurtlardagi safardan qaytib kelgan
Imom al-Buxoriy o‘z ona yurtlari Buxoroda joylashib, shonu shuhratlari turli
tomonlarga tarqagach va ko‘plab hadis toliblari to‘da-to‘da bo‘lishib huzurlariga
kela boshlagach, Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy ul kishini saroyiga chorlab, o‘zi va
o‘g‘illariga «Sahih al-Buxoriy» va «At-Ta’rix al-kabir» asarlaridan saboq berishni
talab qildi. Shunda Imom al-Buxoriy uning vakiliga: «Men ilmni xor qilib, uni
hukmdorlar eshigiga olib bormayman»—deb javob qiladilar. Shundan keyin amir:
«Agar Imom al-Buxoriy saroyga kelishni xohlamasalar, o‘zim va bolalarim uchun
maxsus vaqt ajratib dars bersinlar, ammo ul vaqtda bo‘lak odamlar bo‘lmasin!»—
18
Yo‘ldoshxo‘jayev D., Rahimjonov D., Komilov M. Dinshunoslik: ma'ruza matni. – T.: FTD KDI TAF
bosmaxonasi, 2000. –B. 100.
35
deb yana vakilini yubordi. Lekin, Imom al-Buxoriy amirning bu talabiga ham rad
javobini berib: «Ilm olmoqlik Payg‘ambarimiz alayhissalomning meroslaridur,
bunga barcha xosu avom teng huquqlidur, agar amirning ilmga ehtiyoji bo‘lsa,
uyimga yoki masjidga kelsin!»—dedilar. So‘ng: «Mobodo bu taklifim sizga
ma’qul bo‘lmasa, ul holda siz hukmdorsiz, yaxshisi, ilmni o‘zgalardan
yashirmaganim xususida Qiyomat kuni Olloh taolo qoshida menga bir dalil
bo‘lmog‘i uchun talabalarga dars bermog‘imni man’ qilib qo‘ya qoling!»— deb
vakil orqali amirga ma’lum qildilar. Mana shu qat’iy javobdan keyin Buxoro amiri
qattiq g‘azablanib Imom al-Buxoriyni shahardan chiqarib yuborish yo‘llarini izlay
boshladi. Lekin, Imom al-Buxoriy millionlab musulmonlarning qalbini o‘zlariga
rom qilib, ularning cheksiz mehru muhabbatini qozongan zot ekanliklari boisidan
amir ul kishini kuch birla Buxorodan chiqarib yubormoqqa botina olmadi. SHu
bois u bir guruh beandisha, nopok va munofiq odamlardan foydalanib, Imom al-
Buxoriyga nisbatan xaloyiqning g‘azabini qo‘zg‘aydigan yolg‘on-yashiq, tuhmat
gaplarni tarqatdi. Shundan so‘ng, amir ul kishidan shahardan chiqib ketishni talab
qildi.
Imom al-Buxoriy Buxorodan chiqib, Doykandga keldilar. Ammo, g‘animlar
tarqatgan ig‘vo-yu bo‘htonlar bu erga ul kishining o‘zlaridan ancha ilgari etib
kelgan bo‘lib, uning ahli bu xususda ikki guruhga bo‘lingan edi. Biri Imom al-
Buxoriyni tuhmatu bo‘htonlardan himoya qildi, ikkinchisi esa fisqu fasodchilarni
qo‘llab-quvvatladi. Imom al-Buxoriy Poykand ahli o‘rtasidagi mazkur ixtilofdan
voqif bo‘lgach, bu erda yashashni o‘zlariga munosib ko‘rmadilar. Shunda
samarqandliklar Imom al-Buxoriyni Samarqandga taklif etdilar va unda muqim
istiqomat qilib mudarrislik qilmoqlarini so‘radilar. Imom al-Buxoriy shunga rozi
bo‘lib Paykanddan chiqdilarda, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘iga kelib,
bir qarindoshlarining uyida to‘xtadilar. Lekin, Imom al-Buxoriy Buxoroda
ko‘tarilgan fitnaning Samarqandga ham etib kelganidan va uning ahli ham
poykandliklar kabi ikki guruhga bo‘linib, o‘zaro muxoliflik qilayotganidan
xabardor bo‘lgach: «Ollohim, Er yuzi qanchalik keng bo‘lgani bilan, menga torlik
qilib qoldi, endi meni o‘z rahmatingga olgil!»—deb Olloh taologa duo qildilar.
36
Shundan so‘ng, ul kishi tez kunda betob bo‘lib, hijriy 256 yilning Ramazon hayiti
(Iyd al-fitr) kechasi (870 yil, 31 avgust) 62 yoshda vafot etdilar.
Imom al-Buxoriy haqlarida yozgan muarrix va biograflar ul kishining husni
xulqlari va mahosinlarini zikr qilganlarida, albatta, quvvai hofizalari va
xotiralarining o‘ta kuchli bo‘lganini alohida qayd qilishadi. Chunonchi, Imom al-
Buxoriyning xotiralari kuchli bo‘lganligi xususida ko‘pdan-ko‘p rivoyatlar mavjud
bo‘lib, ul kishining bolalik davrlaridayoq Olloh taolo ato etgan noyob iqtidoru
quvvai hofizalarini sezgan ustozlarining «Bu g‘oyatda fozil inson bo‘ladi, dovrug‘i
elga doston zot bo‘lib etishadi» degan bashoratlari tarix kitoblarida bitilgan. Buyuk
muhaddis Abu Iso at-Termiziy: «Imom al-Buxoriy el orasida tanila boshlagach,
Abdulloh ibn Munir: «Ey Abu Abdulloh, Olloh taolo sizni bu ummatning ziynati
qilib yaratgan!»—degan edi»,—deydilar. At-Termiziy yana: «Olloh taolo ul
kishining barcha xohishlarini mustajob qilib yaratgan edi»—deb ta’kidlaydilar.
Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy quyidagicha hikoya qiladilar: «Xoshid ibn Ismoil
bunday degan edi: «Imom al-Buxoriy biz bilan Basra mashoyixlari huzuriga qatnar
edilar. O‘sha paytda ul kishi o‘spirin bo‘lib, hadislarni yozib olmas edilar. SHu
zaylda o‘n olti kun o‘tgach, Imom al-Buxoriy bizga: «Juda ko‘p hadis yozib
oldingizlar, qani menga ko‘rsatinglar-chi, qancha ekan?»—dedilar. Hisoblab
ko‘rsak, o‘n besh mingdan ziyod, hadis yozib olibmiz. SHunda Imom al-Buxoriy
ularning hammasini yoddan aytib berdilar, hatto biz o‘shal yozib olgan
hadislarimizdagi xatolarni ul kishi yoddan aytganda tuzatib ham oldik». Olim
Muhammad ibn al-Azhar as-Sijistoniy: «Men alloma Sulaymon ibn Harbdan hadis
ilmini o‘rganar edim. Al-Buxoriy ham biz bilan birga hadis eshitardilar-u, lekin
sira yozib olmasdilar. Shunda: «Nechun yozib olmayotir?»— deb ba’zilar
so‘raganda, «Hozir barchasini yodlab olib, Buxoroga qaytgach, qog‘ozga
tushiradi» — deb aytishgan edi» — deydilar. O‘shal alloma Sulaymon ibn Harb
mashhur muhaddislardan bo‘lib, Makkai Mukarramada qozi ham bo‘lganlar.
Xotiralari g‘oyatda kuchli bo‘lib, hech bir kitob daftarga boqmay, o‘n minglab
hadisni yoddan rivoyat qilar edilar. Olloh taolo Imom al-Buxoriyga shul qadar
kuchli quvvai hofiza, aqlu zakovat va o‘tkir zehn tuhfa etgan ediki, bul fazilatlar
37
tufayli hatto ustozlari ham ul kishini nihoyatda qattiq izzat-ikrom qilib, huzurlarida
dars o‘tishga botina olmas edilar. Bu haqda Fath ibn Nuh an-Naysoburiy: «Men
Ali ibn al-Madiyniyning darslarida hozir bo‘lganimda Muhammad al-Buxoriyning
ul kishining o‘ng tomonlarida o‘tirganlarini ko‘rdim. Shunda ustoz har bir hadisni
zikr qilgach, Al-Buxoriyga hayiqib bir qarab qo‘yar edilar»—deydilar
19
.
Ko‘pgina manba’larda ulamolar tomonidan Imom al-Buxoriyning aql-zakovat
va quvvai hofizalarini sinash maqsadida uyushtirilgan sinovlar xususida
ma’lumotlar zikr qilingan. Shunday sinovlardan biri Bag‘doddagi Dor ul-xilofat
(Xalifalik uyi)da Bag‘dod ulamolari tomonidan uyushtirilgan. Bag‘dod
muhaddislari buning uchun yuzta hadisni tanlab olishib, ularning matn va
isnodlarini o‘zgartirdilar, ya’ni bir isnod matnini ikkinchi bir isnod matni bilan va
bir matn isnodini boshqa matn isnodi bilan almashtirib qo‘ydilar. So‘ng, ularni o‘n
kishiga o‘ntadan bo‘lib berdilarda, yig‘in vaqtida Imom al-Buxoriyga aytishni amr
qildilar. Yig‘inga minglab xurosonlik, bag‘dodlik va boshqalar kelishdi. So‘ng,
mazkur o‘n kishidan biri o‘ziga topshirilgan isnodu matni chalkash o‘nta hadisdan
birini Imom al-Buxoriyga aytib, uning xususida so‘radi, Shunda Imom al-Buxoriy:
«Bunday hadisni bilmayman»,—dedilar. Boyagi kishi shu tariqa qolgan to‘qqizta
hadisni ham birma-bir aytdi. Imom al-Buxoriy har safar: «Bunday hadisni
bilmayman»—deb javob qildilar. Keyin to‘qqiz kishi ham navbat bilan o‘zidagi
hadislarni aytdi. Imom al-Buxoriy ularga ham: «Bunday hadisni bilmayman»—deb
javob qildilar. Imom al-Buxoriy ularning savollari tugaganini anglagach, birinchi
bo‘lib savol bergan "kishiga o‘girildilarda: «Ammo, sen aytgan birinchi hadisning
matni boshqa bir hadis isnodiga taalluqli bo‘lib, to‘g‘risi mana bunday,
ikkinchisining isnodi esa bo‘lak hadis matniga tegishli bo‘lib, to‘g‘risi mana
bunday...»— deya u aytgan barcha hadislarning isnodu matnini joy-joyiga
qo‘ydilar. Shul tariqa Imom al-Buxoriy mazkur o‘n kishi aytgan hamma
hadislarning isnodu matnlarini joy-joyiga qo‘ydilar. Shunda odamlar ul kishining
quvvai hofizalariga, aqlu zakovatlariga tan berib, chuqur izzat-ehtirom bildirdilar.
Bunday sinov Samarqandda ham uyushtirilgan bo‘lib, to‘rt yuz muhaddis Imom al-
19
Uvatov U. Buyuk muhaddislar. –T.: «O‘zbekistan Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 1998. –B.25.
38
Buxoriyni to‘qqiz kun davomida imtihon qilgan, ammo ul kishini, loaqal biror
hadis xususida bo‘lsada, yanglishtira olmagan. Bag‘dodlik olim Abu Bakr al-
Qaluzoniy: «Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyga o‘xshash hech bir olimni
ko‘rmadim. Ul kishi ilmga oid har qanday kitobni olib unda keltirilgan barcha
hadislarni bir marta o‘qigandayoq yodlab olardilar»—deb yozgan.
Imom al-Buxoriy biz avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirganlar. Ul
kishi yozgan asarlar soni yigirmadan ortiq bo‘lib, ulardan «Al-Jomi’ as-sahih»,
«Al-Adab al-mufrad», «At-Ta’rix as-sag‘iyr», «At-Ta’rix al-avsat», «At-Ta’rix al-
kabiyr», «Al-Jomi’ al-kabiyr», «Qitob al-ilal», «Birr al-volidayn», «Asomiy as-
sahoba», «Qitob al-kuna» va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. To‘plamdagi hadislar
Islom dini ta’limotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanmay, mehr-
muhabbat, saxiylik, ochiq ko‘ngillilik, kattalarga hurmat, etim-esirlarga muruvvat,
faqir-bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, halollik singari
chin insoniy fazilatlarni ham ulug‘laydi.
Mustaqilligimiz yillarida buyuk vatandoshimiz al-Buxoriyning merosini
o‘rganishga, uning masjidi va qabrini ta’mirlashga alohida e’tibor berildi. 1996 yili
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Imom Buxoriyning 1998 yilda
o‘tkaziladigan 1225 yillik yubeleyini munosib tayyorgarlik bilan kutib olish haqida
maxsus qaror qabul qildi. Ushbu qarorga asosan Imom al-Buxoriyning
Samarqanddagi masjiti va qabri qayta ta’mirlandi. 1998 yili, uning tavallud topgan
kunini nishonlashga yig‘ilgan vatandoshlar, olimu, imom-hatiblar, chet eldan
kelgan diniy arboblar bu yangi tarixiy obidaning islomiy qadriyatlarining tiklanishi
deb baholadilar. Prezidentimiz I.A.Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilgan bu
shijoat musulmonlarning har galdagi haj safaridan oldin kelib ziyorat qilinadigan
obidaga aylantirdi.
Xulosa qilib aytganda, buyuk vatandoshimizning nomlari butun Islom
dunyosida katta hurmat bilan tilga olinadi. Islom dunyosining barcha madrasa va
dorulfununlarida
Imom
al-Buxoriyning
hadislar
to‘plami
Payg‘ambar
alayhissalomning sunnatlari bo‘yicha asosiy darslik va dasturulamal hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |