Shahar muhabbat she’riyatii. Sipo va iffatli badaviy muhabbat
she’riyatiidan farqli o‘laroq, Hijoz shaharlarining she’riyati ehtirosli, epikurlik
xususiyatiga ega bo‘lgan. Payg‘ambarning siyosiy rahbarlikdan chetlashtirilgan
avlodlari va safdoshlari xalifalikning siyosiy va diniy hayotiga qiziqmaganlar.
Ular sobiq xudojo‘ylik va diyonatni yo‘qotdilar. Hijozga ziyoratchilar bilan oqib
kelayotgan ulkan boyliklar Makka va Madina zodagonlariga hamda
savdogarlariga turli-tuman nozik ermaklarga to‘la behuda hayot kechirishi
imkonini berardi. I. Yu. Krachkovskiyning fikricha, ildizlari johiliyat davri
qasidasining lirik kurtaklariga qaraganda ko‘proq Hijozga Janubiy Arabiston
orqali kirib kelgan fors she’riyatiga borib taqaladigan muhabbat she’riyati ana shu
muhitda gullab-yashnadi.
Shahar liriklarining eng mashhur vakili, o‘rta asr arablarining fikricha,
muhabbat she’riyatining eng katta ustasi Umar ibn Abu Rabi’a (644–712)
bo‘lgan. U Madinada boy qurayshiy savdogar oilasida tug‘ilgan, Arabiston,
Suriya va Ikki daryo oralig‘i bo‘ylab ko‘plab sayohatlar qilgan, ammo hayotining
katta qismini Makkada o‘tkazgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Umar quvnoq, mehribon va
xushfe’l inson.
Uning ijodida birorta ham madhiya ko‘rmaymiz. Halifa Sulaymonning
o‘ziga madhiya bag‘ishlash haqidagi iltimosiga shoir she’rlarida faqat ayollarni
65
kuylashini aytib, rad javobini bergan. Umar ibn Abu Rabi’a janglarni ham,
sayohatlarni ham tavsiflamagan, sharobga ham madhiya to‘qimagan. Uning
barcha she’rlari faqat muhabbat haqidagi kechinmalardir. Albatta, ularda shoir
hayotining haqiqiy voqealari har doim ham ko‘rinmaydi, ammo Ibn Abu Rabi’a
she’rlarining hayotiy haqiqatligi shubhasiz. Umarning she’riy asarlari shaklan
mahbubasiga nomalarni eslatadi. Odatda bular qisqa, 6–8 baytli she’rlar bo‘lib,
javobsiz muhabbat haqidagi hikoyatlar va muhabbat izhorlaridir. Arab she’riyati
tarixida birinchi marta muhabbatga oid she’rlarda dialog katta o‘rin egallagan.
To‘g‘ri, dialogni o‘z she’rlariga islomgacha bo‘lgan davr shoirlari ham
kiritganlar. Ammo ibn Abu Rabi’a dialogni o‘z she’riy uslubining asosiga
aylantirgan.
Ibn Abu Rabi’a she’riyatida badaviylikdan asar ham yo‘q. Shoirning uncha
ko‘p bo‘lmagan katta she’rlari orasida bittasi tuzilishiga ko‘ra qasidani eslatadi.
Umuman olganda esa, u an’anaviy she’riyatga juda kam o‘xshaydi. She’r
shoirning mahbubasi huzuriga qilgan sayohati haqidagi hikoyadan boshlanadi. Bu
qismda, qadimgi badaviy shoirlardan farqli o‘laroq, Ibn Abu Rabi’a nafaqat
jasorati va sabr-matonati bilan maqtanmagan, balki, aksincha, sahrodagi
sayohatning qiyinchiliklaridan qattiq shikoyat qilgan. Shundan so‘ng shoir
mahbubasi bilan uchrashuvi haqida hikoya qiladi, uni rosa maqtaydi. Shunday
qilib, ushbu katta she’r kengaytirilgan nasibni eslatadi; unda, shoirning qisqa
she’rlarida bo‘lgani kabi, muhabbat mavzui asosiy o‘rin egallaydi.
Umarning barcha lirik she’rlari ayolga bag‘ishlangan. Shoir o‘ziga
zamondosh ayollarning tashqi ko‘rinishi, xatti-harakati va nutqiga xos jihatlarni
jonli tasvirlaydi. Umar ibn Abu Rabi’a she’riyatida, ba’zi uzriy liriklarning ijodida
bo‘lgani kabi, o‘z qahramonlarining xarakteri va hissiyotlariga qiziqish ilk bor
seziladi.
Biroq Umar ibn Abu Rabi’aning ruhiyatga oid tasvirlari ancha shakllangan
bo‘lib, ularga o’ziga xoslik yetishmaydi. Tashqaridan qaraganda uning
qahramonlari ham bir-biridan juda kam farq qiladi, chunki ayol go‘zalligini
tasvirlashda shoir an’anaviy qiyoslashlardan foydalanadi. Ibn Abu Rabi’a
66
she’riyatining kuchi tafakkurining chuqurligida ham, yorqin yangi obrazlarda ham
emas, balki uslubning g‘aroyib nazokatida, she’rlarining oddiyligi va
ifodaliligidadir. Umar ibn Abu Rabi’a islomgacha bo‘lgan davrda keng tarqalgan
she’riy vaznlari – basit va tavildan voz kechgan hamda musiqa ostida ijro etish
uchun moslashuvchan va yengilroq – xafif, ramal, mutakariblardan foydalangan.
Dostları ilə paylaş: |