www.ziyouz.com kutubxonasi
116
peshonasiga esa tillaqosh taqilgan. Egnida xipcha belli gulgun kabo. Uning tagidan
kiyilgan oq atlas ko‘ylagining etagi shunchalik uzunki, ikki kaniz ikki tomondan ko‘tarib
kelyapti.
Zuhra begimni Chilsutunning pastki oshiyonida maxsus bezatilgan xonai xosga boshlab
o‘tayotganlarini Shayboniyxonning qirq yoshlardan oshgan katta xotini ko‘rib qoldi:
— Bu ne degan yuzsiz xotin? — deb yonidagi ayolga shipshidi: — Ersiragan megajin
izzatini bilib uyida o‘tirmaydimi? Sovchi borib ishni bitirgancha shoshmay turmaydimi?
Iloyim kasofati o‘zidan beriga kelmasin!
Zuhra begim xonai xosga kirganda Shayboniyxon taxt ustida o‘tirar edi. Zuhra begim
ikki bukilib ta’zim qilar ekan, Shayboniyxon u bilan taxt ustidan tushmasdan so‘rashdi.
— Xush keldingiz, begim.
Xondan boshqacha muomala kutgan Zuhra begim to‘satdan ko‘ngli buzilib, ko‘ziga yosh
oldi.
— Xon hazratlari, men o‘zimni sizga qurbon qildim. Farzandimni, xonu monim —
hammasini marhamatingizga ishonib topshirdim!
Zuhra begimning yuzi oq ipak to‘r ortidan aniq ko‘rinmas edi. Xon uning gavhar ko‘zli
oltin uzuklar taqilgan qo‘llariga qaradi. Tomirlari bo‘rtib turgan bu titroq qo‘llar
begimning ancha yoshga borganidan dalolat berardi. Shayboniyxon yaqinda Buxoroda
nikohlab olgan o‘n to‘qqiz yoshli kichik xotinini esladi. So‘ng Zuhra begimning kattagina
o‘g‘li Sulton Ali mirzo ko‘z oldidan o‘tdi.
— Xotirjam bo‘ling, begim Sizning maqsadingiz bizga ma’lum. Xudo xohlasa, murodingiz
hosil bo‘lmay qolmas.
Shayboniyxon boshqa hech narsa demadi. Yasovul Zuhra begimni xonai xosdan olib
chiqib ketdi. Uni kanizlari bilan boshqa bir kichikroq xonaga kiritib, eshiklarini
tashqarisidan yopib oldilar.
______________
* B o‘ d i — «bo‘ldi» degani.
* * * Shayboniyxonning nima qilmoqchi ekanini hech kim tushunmas, ammo bugun Bog‘i
Maydonda favqulodda bir hodisa bo‘layotganini sezgan barcha lashkarboshilar va
a’yonlar Chilsutun koshonasining yon-verida ikki-uchtadan bo‘lib aylanib yurishar edi.
Ularning orasida shoir Muhammad Solih ham bor edi. Uning ipak sallasi nozik qilib
o‘ralgan, kalta yengil ipak abosi o‘ziga juda yopishib turadi. Yozda ham telpak kiyib
yuradigan, urushdan boshqa narsani bilmay qo‘pollashib ketgan ko‘chmanchi sultonlar
uning ziyolicha nozik kiyinishini yoqtirmaydilar, temuriylar xizmatida o‘tgan og‘ir
o‘tmishini eslatib turishni yaxshi ko‘radilar.
Nayman urug‘ining boshlig‘i Qambarbiy bog‘da Muhammad Solihga tegishdi:
— Ha, janob shoir, Samarqanddan mirzongiz minan chechangiz* kelib, suyunib
turibsizmi?
— Qambarbiy janoblari, Zuhra begim asli o‘zbekning nayman urug‘idan bo‘lurlar.
Begimni mendan oldin siz checha deyishingiz lozim.
Mang‘it, do‘rmon va qo‘shchi urug‘ining sultonlari bu gapni yoqtirib xaxolob kuldilar.
Qambarbiyning achchig‘i keldi. Muhammad Solihga o‘shqirib:
— Siz-chi? — dedi. — Siz barlos turkidanmisiz?!
Temur va temuriylardan chiqqan barloslar Shayboniyxonning eng yomon ko‘rgan urug‘i
edi. Muhammad Solih Xusayn Boyqaro saroyida xizmat qilgan, Sulton Ali mirzoga ham