www.ziyouz.com kutubxonasi
119
— Osiy bandalarmiz, xon hazratlari. Xatolik o‘tgan bo‘lsa, afv eting, huzuringizga bosh
egib keldim...
Xo‘ja Yahyo ko‘ziga yosh oldi.
Shayboniyxon yasovulga buyurdi:
— Yuqoriga olib chiqib mirzosining qaptaliga* o‘tirg‘izing!
Xo‘ja Yahyoni olib chiqib ketganlaridan keyin Shayboniyxon o‘zining eng yaqin
maslahatgo‘yi bo‘lgan oltmish yoshli mo‘ysafid mulla Abdurahimni chaqirdi va u bilan
nima haqdadir yakkama-yakka gaplasha boshladi.
Xonning shoshilmayotgani ba’zi sultonlarni taajjubga solmoqda edi. Samarqand
darvozalari ochiq paytda nega poytaxtga ot qo‘yib kirmasdan, bu yerda imillab
o‘tirishibdi?
_____________
* Q a p t a l i — yoni, qatori.
3 Shayboniyxon to‘rdagi eshikdan kirganda hamma o‘tirganlar o‘rinlaridan sapchib turib,
xonga egilib ta’zim qildilar. Xon shahnishinga to‘shalgan kimxob ko‘rpacha ustiga
chordana qurib o‘tirdi. Uning o‘ng yoniga cho‘kka tushgan mulla Abdurahim qur’ondan
qisqa bir oyat o‘qib, xon hazratlariga eng oliy tilaklar bildirdi-yu, nihoyat maqsadga
o‘tdi:
— Imomi zamon, xalifai rahmonning niyatlari faqat shahar olish emas, dinu millat
dushmanlarini fosh etib, sizu bizni Muhammad alayhissalom yurgan muqaddas yo‘lga
yetaklashdir. Agar faqat molu mulkni o‘ylaydigan podshoh bo‘lsa, Samarqand qopqalari
ochilgan zahoti urho-ur, deb qal’aga ot qo‘yib kirur edi, karnay-surnay chaldirib, o‘z
g‘alabasini tezroq xalqqa oshkor qilur edi. Ammo bizning ulug‘ xonimiz — donolikda
Iskandari zamon Shayboniyxon molu mulkdan avval insofu imonni o‘ylayurlar.
— Barhaq! — deb qo‘ydi mulla Abdurahimdan pastroqda o‘tirgan Muhammad Solih.
— Podshoh insofu imonni unutsa ne chog‘liq murdorliklar yuz berishi, mamlakat ne
chog‘liq xarob bo‘lishi temuriylarning kirdikorlaridan bizga ayon. Abdullatif mirzo o‘z
otasi Ulug‘bek mirzoni o‘ltirtirdi. Hirotda Husayn Boyqaro o‘z nevarasi Mo‘min mirzoni
o‘ltirtirdi. Mana hozir biz bilan o‘ltirgan Sulton Ali mirzo o‘z og‘asi Boysunqur mirzoni
tuttirib o‘ldirmoqchi bo‘lganda, og‘asi qochib qutuldi. Keyin Boysunqur mirzo bu inisini
tuttirganda ko‘zini ko‘r qilmoqchi bo‘ldi. Ammo jallodni oltinga sotib olib, bu Mirzo ham
qochib qutuldi. Mirzolarning saroyida sotqinlik, xiyonat, buzuqlik avj oldi. Qur’oni sharif
mayni makruh deb qat’iy taqiqlagan. Ammo davramizda o‘ltirgan mana bu yosh Mirzo
joynamoz ustida o‘ltirgan imomi zamon huzuriga may ichib shirakayf kelmish. Bu
Mirzoning shahvoniyparastligi, shu yoshdan harom yo‘lga yurishligi imomi zamon
xonimizga avvaldan ayon edi!
Ko‘pakbiy g‘azablanib gap qo‘shdi:
— Osib o‘ldirish kerak bunday Mirzoni!
— Ayb faqat bu navjuvon Mirzoda emas, — deb Muhammad Solih unga e’tiroz qildi. —
Buning otasi Mahmud mirzo bag‘oyat imonsiz buzuq odam edi. Samarqandda podshohlik
qilganda xotinbozlikka qanoat qilmay, bachchabozlikni ham avjiga chiqargan edi.
Bechora xalq chiroyli yosh o‘g‘lonlarini ko‘chaga chiqartirishga qo‘rqib, qizlarni
yashirgandek ichkariga yashirar edi.
— O‘g‘il otasiga tortibdir-da?
— Onasi-chi? Mirzoning onasi qalay?