www.ziyouz.com kutubxonasi
127
olingan hashamatli hovlida uxlab yotgan edi. To‘polondan cho‘chib uyg‘onib, bor
navkarlari bilan hovlidan otlanib chiqqunicha, Qosimbekning yigitlari Fozil Tarxonning
odamlarini quvib keldi. Chorraha darvozasidan quvilgan Ko‘pakbiyning navkarlari ham
dorug‘a yotgan joyga qochib kelmoqda edilar. Qorong‘ida yov qaysiyu o‘zining odamlari
qaysi, dorug‘a ajratolmay qoldi. Uning ko‘ziga hamma chopib kelayotgan yov bo‘lib
ko‘rindi. Nazarida, Samarqandga bir necha ming kishilik yov bostirib kirganga o‘xshadi.
Dorug‘a «behisob yovga bas kelolmayman», deb o‘ylab, otini Shayxzoda darvozasi
tomonga burdi. Boburning odamlari hali bu darvozaga yetib kelmagan edilar. Dorug‘a o‘z
navkarlariga buyurib, darvozani ochtirdi-yu, yuztacha odami bilan xon qarorgohiga
tomon ot choptirib ketdi.
Sahar palla mast uyqudan qo‘rqib uyg‘ongan ko‘pchilik samarqandliklar xon navkarlarini
Boburning odamlari quvib yurganini tong yorishganda fahmladilar, Shayboniyxondan
norozi kishilar juda ko‘p edi. Kosiblar talangan, dehqonlarning ekinlarini ko‘chmanchi
qo‘shinning behisob mollari toptab tashlagan. Haj yo‘lida ikki begunoh o‘g‘li bilan
vahshiylarcha o‘ldirilgan Xo‘ja Yahyoning tarafdorlari qotillardan qasd olish uchun kosib
va dehqonlarni qo‘zg‘atdilar. Hokimiyat o‘zgargandan keyin amalidan ajralgan ilgarigi
amaldorlar: «Shayboniyxonning odamlari Sulton Ali mirzoni ham nomardlarcha
o‘ldirdilar», deb xun talab qilib chiqdilar. Boburning ikki yuzu qirq kishisi yoniga besh-olti
ming kishilik qasoskor olomon qo‘shildi. Selday dahshatli olomon xonning odamlarini
yashiringan joylaridan topib chiqar, ko‘chada qochib borayotganlarning oldini to‘sib
qurshab olar, pichoqmi, boltami, tayoqmi, toshmi, g‘ishtmi, qo‘llariga nimaiki tushsa,
hammasi bilan zolimlarni ura-ura o‘ldirib, yanchib tashlardi. Olomon orasida avvalgi
mirzalar va beklardan jabr ko‘rgan odamlar ham ko‘p edi, ular besh-o‘n yil oldingi
qasoslarini ham endi mana bu zolimlardan olmoqda edilar.
Kun chiqayotganda shahar tashqarisida bir qism qo‘shini bilan Shayboniyxon paydo
bo‘ldi, ammo suv to‘la chohdan beriga o‘tolmadi. Barcha darvozalar Boburning odamlari
tomonidan bekitib olingan, chohlarning ko‘priklari ko‘tarilgan, ichkarida intiqom davom
etmoqda edi.
____________
* Ch a q a r d i z a — keyinchalik «Shakarjiza» deb aytiladigan bo‘lgan.
5 Tohir kechasi bilan uxlamay yugurib-elib yurgan bo‘lsa ham g‘alabaning shodligidan
charchaganini sezmas, faqat qorni ochqab, Samarqandning novvoylik va oshpazlik
rastalari dam-badam esiga tushar edi. Ertalab hamma darvozalarga qorovullar tayin
bo‘lgandan keyin Qosimbek Tohirga javob berdi. Tohir otiga minib, yana ikkita otliq
o‘rtog‘i bilan novvoylik rastasiga keldi. Bu yerda ham bir necha yuz kishilik izdihom
besh-oltita xon navkarlarini o‘rab olib, toshbo‘ron qilmoqda edi. Navkarlarning ba’zilari
yiqilib, tosh-kesaklar ostida jon bergan, bir-ikkitasi qo‘li bilan yuzini to‘sib dod solar,
ingrar edi. Yalang boshidan qon oqayotgan, yirtilgan ko‘ylagi orasidan momataloq
badani ko‘rinib turgan, o‘zi cho‘kka tushib, odamlardan shafqat so‘rayotgan yigirma
yoshlardagi yigitga Tohirning rahmi keldi. U olomon orasiga ot solib:
— Xaloyiq Bobur mirzo farmon berdilar! — deb qichqirdi. — Taslim bo‘lganlarni asir
olmoq kerak! Bular ham musulmon! Xaloyiq, bas qiling! Biz ham navkarmiz! Navkar
aybdor bo‘lmasligi mumkin! Hamma ayb bularning xonlarida! Xaloyiq to‘xtang! Bobur
mirzoning farmonini bajaring!
Odamlar Boburning nomini eshitib otliq yigitning gapiga quloq sola boshladilar. Shunda