Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
135
Bobur hirotlik mashhur shoir Kamoliddin Binoiy bilan bundan
uch yil oldin Samarqandga
birinchi gal kelgan paytlarida tanishgan edi. Binoiyning san’atkor xattotlar tomonidan
ko‘chirilgan nodir bir qo‘lyozma kitobi bor ekan. Kitob yig‘ishga havasmand Bobur bu
kitobga juda havasi keldi. Binoiy kitobini unga sovg‘a qilmoqchi bo‘ldi. Bobur Binoiyning
Samarqandda
musofir ekanini, tanqislik tortib qiynalganini bilar edi. Shuning uchun
Bobur sahhoflarni chaqirib, bu kitobning eng baland narxi qancha bo‘lishini so‘radi.
Sahhoflar «eng baland bahosi besh ming dirham», deyishdi. Bobur bu pulni Binoiyga
yuborishga ulgurmay, qattiq betob bo‘lib yotib qolgan edi.
Keyin
u kasallikdan turib, Andijonga jo‘nash uchun yo‘l hozirligini ko‘rayotganda
«Majmuati Rashidi» deb ataladigan o‘sha kitobni ko‘rdi-yu, Binoiyga hali haqini
bermagani esiga tushdi. Darhol xazinachini chaqirib, besh ming dirham oltinni sanatdi,
so‘ng
pulni kitobdorga berib, Binoiyga yubortirdi.
Bir vaqt kitobdor Binoiyni topolmay qaytib keldi. Musofir shoirning Samarqandda muqim
turadigan uyi yo‘q, u bugun qayoqqadir mehmonga ketgan edi. Boburning odamlari
Andijonga tezroq jo‘nash va kuch yig‘ish tashvishi bilan nihoyatda band bo‘lganliklari
uchun hozir Binoiyni qidirib yurish ularga juda malol keldi. Lekin Bobur:
— Shu qiyomatlik qarzni uzmaguncha Samarqanddan qo‘zg‘almaymen! — deb turib oldi.
Shundan keyin savdaru navkarlar shaharning har tarafiga ot choptirishib,
nihoyat
Binoiyni topdilar, unga bo‘lgan voqeani aytib, besh ming dinor pulini topshirdilar.
Kishi moliga suq podshohlarni ko‘p ko‘rgan Binoiy o‘n olti yoshli Bobur mirzoning
bunchalik halolligidan juda qattiq ta’sirlandi-yu, unga atab bir she’r yozdi. Bu she’rdan
bir nusxasini xattotga ko‘chirtirib, Bobur jo‘nayotganda unga esdalik qilib berib yubordi.
Qirq to‘rt yo‘llik bu she’rda u Boburni ko‘p maqtagan:
«Shoh
sultoni Zahiriddin Bobur,
Ki jahon shud zi siti adlash pur!» —
deb, go‘yo jahon Boburning adolat bobidagi shuhratidan nurga to‘lganini aytgan edi.
Bobur, «Jahon, qayda-yu, mening shuhratim qayda!» deb, bu satrlardagi mubolag‘adan
kulgan bo‘lsa ham, lekin zamonadan ko‘p jabr ko‘rgan Binoiy uchun shu kichik yaxshilik
tufayli, ehtimol, butun jahon adolatga to‘lib ko‘ringandir, deb o‘yladi.
Biroq keyinchalik Samarqandga Shayboniyxon xon bo‘ldi va shahar shoirlarini yig‘ib bir
mushoira o‘tkazdi. Bu majlisida Binoiy ham qatnashib, she’r o‘qidi. Xon uning she’rini
yoqtiradi-yu, Binoiyni o‘ziga mulozim qilib oladi va erishgan g‘alabalarining
tarixini
yozishni topshiradi. Binoiy «Shayboniynoma» degan asarini endi yoza boshlagan paytda
Samarqand yana qaytadan Boburning qo‘liga o‘tadi. Shayboniyxon atrof tumanlar-dan
ham quvilib, Buxoroga qarab chekingan kunlarda Binoiy uning qarorgohidan qochib,
Samarqandga keladi. U Bobur bilan uchrashmoqchi bo‘ladi,
lekin Qosimbek uni
Shayboniyxon tarafdori deb, Boburning huzuriga kiritmay, Shahrisabzga jo‘natib
yuboradi. Bobur bu hodisadan yaqinda xabar topib, Qosimbekka:
—
Chakki qilibsiz, — dedi. Mulla Binoiy — katta shoir. O‘zi kelgan bo‘lsa ruxsat bermoq
kerak edi.
Qosimbek vaj ko‘rsatdi:
— Katta shoiringiz Shayboniyxonni maqtab she’r yozgan.
Bobur kuldi:
— Bizni maqtab she’r yozganini bilmasmisiz? Tojdorlar maqtovni suysalar, shoir ne
qilsin!
Qosimbek jiddiy turib e’tiroz qilmoqda edi:
— Amirzodam, bu odam Shayboniyxonning xufiyasi bo‘lishi mumkin.
Bobur o‘ylab turib: