www.ziyouz.com kutubxonasi
131
tarixnavislar ko‘p edi. Alisher Navoiydan Boburga kelgan tabrik esa hammasining gultoji
bo‘ldi. Hirot Samarqanddan qanchalik uzoq, Navoiyning diqqat-e’tiborini band qiladigan
mashhur odamlaru muhim ishlar qanchalik ko‘p! Shunga qaramay, Navoiy Boburni ham
bilar ekan, uning taqdiriga uzoqdan qiziqib qarar ekan, Samarqandni avval bir marta
olganidan xabardor ekan. «Bu daf’a Samarqandni o‘z nomingizga munosib hamla bilan
olmishsiz», debdi. Boburning o‘tgan daf’a Samarqandni yetti oy qamal qilganda, shahar
xalqi ochlikdan nechog‘liq azob tortganini Navoiy ham eshitgan bo‘lsa kerak. Bunday
qamallarni u Boburga munosib ko‘rmagani uchun shunday deb yozganmikin?
Bobur qimmatbaho javonlariga kitoblar terib qo‘yilgan xonai xosning to‘riga o‘tdi.
Xushbo‘y sandal daraxtidan ishlangan miz ustida Navoiydan kelgan oltin bog‘ichli xat
turipti. Bobur miz oldiga to‘shalgan zarbof ko‘rpachaga o‘ltirib, xatni boshqatdan
o‘qishga tushdi.
Har bir satr turkiy tilning go‘zal jilvalari bilan to‘lgan. Bobur birinchi o‘qishda uncha
e’tibor bermay o‘tkazib yuborgan bir necha jumlaga bu gal qayta-qayta tikildi. Navoiy
Boburning shoirlik orzusi borligini andijonlik bir me’mordan eshitib, uni dadilroq yozishga
undagan edi. Bu me’mor mavlono Fazliddin bo‘lsa kerak. Agar mavlono Hirotga yetib
borib, Navoiyning huzuriga kirgan bo‘lsa, boshqa ko‘p narsalarni ham aytib bergan
bo‘lishi kerak. Bobur Navoiyga yo‘llamoqchi bo‘lgan javob maktubiga yaxshi bir she’rini
ham qo‘shib yubormoqchi bo‘ldi-yu, mashqlari yozilgan qalin daftarni olib varaqlay
boshladi.
Ko‘pchiligi yo‘lda, ot ustida xayoliga kelgan, jangu jadallar orasida daftarga uzuq-yuluq
yozib qo‘yilgan, ammo hali tugallanmagan she’rlar. Xiyonat ustiga xiyo-nat bo‘lgan,
Bobur xonumonidan ayrilgan, atrofida bironta sirdosh do‘st topolmay o‘zini nihoyatda
yolg‘iz sezgan og‘ir kunlarda bir g‘azal boshlagan edi:
«Jonimdan o‘zga yori vafodor topmadim, Ko‘nglimdan o‘zga mahrami asror topmadim». Ammo bu g‘azal chala yotipti. Balki shuni bitirib yuborish kerakdir? Alisher Navoiy ham
atrofidagi kishilardan ko‘p bevafolik ko‘rganini, hatto yaqin do‘sti Husayn Boyqaro ham
uning siru asroriga mahram bo‘lolmayotganini Bobur ishonchli bir odamdan eshitgan edi.
Qani endi Bobur Navoiyning ko‘nglidagini ham topib aytolsa!
Bu g‘azal Navoiyga yoqishi mumkin. Uni tezroq tugallash kerak. Bobur qog‘oz-qalam
oldi.
Shu payt savdarboshi eshikdan hovliqib kirib, ta’zim qildi:
— Mirzo hazratlari, qo‘lingizni ma’zur tuting.
— Xo‘sh? — dedi Bobur norozi bo‘lib.
— Xonim hazratlari qabulingizga muntazirlar.
— Onammilar? — deb Bobur sakrab o‘rnidan turdi.— Keldilarmi?
— Begimlar ham keldilar!
— Voajab! — deb Bobur quvonib eshikka tomon shoshildi.
____________
* N a s t a ’ l i q — arab yozuvidagi husnixatning keng tarqalgan bir turi.
* * * Ular salkam olti oydan beri ko‘rishmagan edilar. Qutlug‘ Nigor xonim Oyisha begim va
Xonzoda begimlar bilan O‘ratepada qolgan edilar. Keyin Samarqand-dan Bobur yuborgan