www.ziyouz.com kutubxonasi
129
murdasi yotipti. Yuqorigi qavatdan ayollarning yig‘i-sig‘isi eshitildi. Fozil tarxonning
xotinlari erlari uchun aza ochgan, ba’zilari boylik to‘la sandiqlardan ajralayotganlari
uchun ham dodlashar, ba’zilari esa yovdan qo‘rqib yig‘lashar edi.
Tohir pastki qavatdagi ochiq eshiklarga bosh tiqib qaradi. Hech kim yo‘q. Faqat
ayollarning kiyimlariyu bezaklari turibdi. Bu tarxonning nechta xotini bo‘lganikin? Robiya
shunga tushgan bo‘lsa, uni ham xotin qilib olganmikin? Tohirning xayoliga to‘satdan
kelgan bu fikr qalbini o‘rtab o‘tdi. U ayvondan pastga sakrab tushib, hovlining o‘rtasiga
keldi-yu, yuqorida yig‘layotgan ayollarga qarata qichqirdi:
— Hey, Robiya bormi? Robi-ya! Quvalik Robiya shu yerda bormi?
Xotinlarning yig‘isi birdan tindi. Yuqoridagi qavatning ayvonidan yashil durrali bir
juvonning boshi ko‘rindi. Uning qosh-ko‘zi Robiyanikiga o‘xshardi. Tohir yuqoriga
talpinib, qaltirab:
— Robiya! — dedi. — Robiya!
Yashil durrali juvon uni ko‘rdi-yu, o‘zini orqaga oldi, so‘ng yana ayvon chetiga chopib
keldi. Tohir endi uning baxmal nimchasini, bo‘ynidagi marjonlarini ham ko‘rdi. Juvonga
yigitning tovushi tanish tuyular, ammo qilich va xanjar taqqan, yuzida katta chandig‘i
bor, soqol-mo‘ylovi o‘siq bahaybat navkar uning vahmini keltirardi. Juvon aldanishdan
qo‘rqib, yana orqaga qochdi. Tohir yuqorigi qavatga qarab chopdi, ammo sarosima
bo‘lganidan, ayvon chetidagi zinapoyani topolmadi. Negadir o‘pkasi to‘lib ko‘ziga yosh
keldi:
— Robiya, men Tohirmen! Tohir!
Yuqoridan juvonning chinqirig‘i eshitildi:
— Tohir og‘a!
So‘ng yashil durrali juvon chochpopugini shildiratib, zinapoyadan o‘zi chopib tusha
boshladi. Yuz-ko‘zi Robiyaniki, ammo marjonlari, kiyimlari, yana nimasidir begona. Tohir
uni ko‘rib joyida qotib qoldi. Robiya ham zinapoya oldida to‘xtadi, ko‘zlarini
chaqchaytirib, qo‘rquv aralash shivirladi:
— Siz Tohir og‘amning arvohisiz!
Robiya Tohirni o‘sha nayza zarbidan o‘lib ketgan deb o‘ylar, uning arvohiga bag‘ishlab
duolar o‘qir edi. «Endi tirik ko‘rmaymen, arvohini ko‘rsam ham rozi edim», deb xudodan
astoydil so‘ragan paytlari ko‘p bo‘lur edi. Uning shu iltimosiga farishtalar omin degan
ekanmi?
— Arvohingiz ham jonimdan aziz, Tohir og‘a!
— Men tirikmen, Robiya! Seni olti yildan beri izlab yuribmen!
— Tiriksiz?! — deb, Robiya Tohirga yaqin keldi. Uning chakmonini, qilichini, qo‘llarini bir-
bir ushlab ko‘rdi. Tohir uni yelkasidan quchib bag‘riga bosgan edi, Robiya uning arvoh
emasligiga endi ishonib, yig‘lab yubordi: — Tirik! Tirik! Xudoga shukr, tirik!
Tohir uning sariq atlas ko‘ylagi ustidan yelkasini silab:
— Robiyam, jonim! — dedi. — Xayriyat, o‘zing ham tirik ekansen! Men seni olti yil
izladim, qayerlarda yurding? Nima bo‘ldi?
Robiya Fozil tarxonning yettinchi xotini bo‘lib o‘tkazgan yillarini esladi-yu, birdan orqaga
siltanib, Tohirning qo‘llaridan yulqinib chiqdi:
— Meni quchmang, Tohir og‘a! Men sizga munosib emasmen!
Robiya alamli ko‘zlari bilan ayvonda yotgan o‘likka qarab qo‘ydi. Fozil tarxon uni o‘sha
bosqinchilardan bir hamyon oltinga sotib olgan edi. Robiya ellikdan oshgan bu choldan
hazar qilar edi. Fozil tarxon Turkistonning Yassi shahrida uni nikohlab olgandan keyin
besh-o‘n kun turar-turmas, savdo ishi bilan Buxoroga jo‘nadi, u yerdan boshqa bir
ko‘hlik qizni olib, keyin o‘sha bilan bo‘lib ketdi. Robiya olti yildan beri uning haramida
bevaday yashaydi. Lekin buni endi Tohirga qanday tushuntiradi? Tohirga fotiha qilingan