www.ziyouz.com kutubxonasi
133
so‘rashga tili bormay gapni aylantirdi:
— Endi... shodiyonasi qachon?
— Salkam uch oy bor. O‘ylasam, vahmim kelur.
— Vahmni qo‘ya turing. Hozir faxrdan gap ochdingiz-ku.
— Ha, agar xudo o‘g‘il bersa, ismini Faxriddin qo‘yurmizmi?
Oyisha begim Boburning nomi Zahiriddin ekanini o‘ylab, shunga ohangdosh nom topgan
edi. Bobur mamnun tovush bilan:
— Xo‘p, o‘g‘il bo‘lsa, Faxriddin, — dedi. — Agar qiz bo‘lsa, Faxrinisomi?
Oyisha begim qiz bo‘lishini istamas edi, chunki o‘g‘il tug‘ib, taxt vorisiga ona bo‘lishni
orzu qilardi. Shunday bo‘lsa ham Boburga:
— Mayli, — dedi. — Lekin men xudodan o‘g‘il tilaganmen.
— Aytganingiz kelsin!
Faxriddin... Faxriniso... Shu kunlarda Boburning ko‘nglini to‘ldirib-toshirgan iftixor
tuyg‘usiga bu nomlar juda mos edi.
* * * Omad ham bir kelsa, qo‘sha-qo‘sha bo‘lib kelishini Bobur endi bilmoqda edi. Samarqand
uning qo‘liga o‘tgandan keyin bu yog‘i Urgut, u yog‘i Sug‘d va Dabusiya qal’asi birin-
ketin Shayboniyxonning ixtiyoridan chiqib, Boburning hokimiyatini tan oldi. Mana bugun
Qarshi va G‘uzordan xushxabar keldi — bu shaharlar Shayboniyxon qo‘ygan dorug‘alarni
quvibdi. Boburga sovg‘a-salomlar yuborib, uning ixtiyoriga bir necha yuz navkar ham
yo‘llabdi. Bobur bu navkarlarni boshlab kelgan beklarni devoni xosda qabul qilib,
hammasiga sarpo kiydirdi va ulufa tayinladi.
So‘ng kecha tamomlanmay qolgan maktubining davomini yozish uchun ikkinchi qavatga
ko‘tarilar ekan, keng marmar zinapoyada opasi Xonzoda begimga duch keldi.
— Amirzodam, Hirotdan kitobat kelgani rostmi?
Bobur to‘xtab, opasining yuziga sinovchan ko‘z bilan qaradi-yu:
— Rost, hazrat Alisherbekdan, — dedi.
— Muborak bo‘lsin!
— Qulluq.
Xonzoda begim inisidan yana qandaydir murakkab bir xabar kutib, uning yuziga termilib
qaradi. Bobur opasining ko‘nglidagi dardni sezib bir lahza taraddudlandi. So‘ng rost
gapni yashirsa yolg‘on gapirganday bo‘lishini o‘yladi-yu:
— Yuring: kitobatni ko‘rsatay, — dedi.
Xonzoda begim xonai xosda Boburning qarshisida o‘tirib, Alisher Navoiyning maktubini
o‘qir ekan, andijonlik me’mor tilga olingan joyiga yetganda ko‘zida yosh yiltiradi.
— Nechun ko‘zingiz yoshlandi, begim? Men sizni suyuntirmoqchi edim-ku!
— Qandoq qilay, toleim past ekan.
— Iningiz podshoh bo‘la turib, nahotki sizga yordam berolmasa?
— Siz hali ham meni deb ko‘p jafo chekdingiz. Agar o‘sha yili... O‘shda men rozi bo‘lsam,
ehtimol keyin Ahmad Tanbal sizga buncha yog‘iylik qilmas edi.
Opasining bunchalik tantilik bilan aytgan so‘zlari go‘yo Boburni yana tanti bo‘lishga
undar edi. Ko‘ngli yaxshi tuyg‘ularga to‘lib yurgan shu kunlarda nahotki tug‘ishgan
egachisiga katta bir yaxshilik qilolmasa?
Mana, hozir ular Samarqandning muhtasham bir koshonasiga ko‘chib kelishdi. Bu yerda
qancha asilzodayu shahzodalar yashagan. Ammo ko‘pchiligi iz qoldirmay ketgan. Faqat
me’morlar yaratgan go‘zalliklar hali ham ko‘rgan ko‘zni quvontirib, yal-yal yonib turibdi.