www.ziyouz.com kutubxonasi
141
yov maydonga chiqqan zahoti darhol qulay tomonni egallashning rejasini tuzib qo‘ydi.
Ikki kecha deyarli uxlamadi. Yarim tunda ham, sahar pallada ham uning oq o‘tovidan
kuchli ovoz va katta ixlos bilan yodaki qiroat qilinayotgan qur’on tovushi eshitilib turdi.
Shayboniyxon joynamoz ustida sajdaga bosh qo‘yib, xudoga munojot qilar, ko‘zlariga
yosh olib «Sharmanda qilma parvardigor!» deb pichirlardi.
Jangdovullar azon palla Bobur qo‘shinining shoshilinch saflanayotganini va tug‘
tikayotganini aytib kelgan zahoti Shayboniyxon ham bor askarlarini oyoqqa turg‘izdi.
Chavkar otda saflarni aylanib chiqdi.
— Shunqorlarim! — deb jarangli ovoz bilan qo‘shinga murojaat qildi. — Bu atrofda
bizning xudodan bo‘lak suyanchig‘imiz yo‘q. Ota yurtimiz uzoq, yengilsak yetolmaymiz.
Birdan-bir najot — yengish! Mening parvardigordan umidim katta. Tushimda ayon
bo‘ldi— nasib qilsa, g‘alaba bizniki!
— Inshoollo! — dedi o‘nlab ovoz birdan.
Shayboniyxon qur’ondan qisqa bir surani ohangdor tovush bilan ta’sirli qilib o‘qidi-yu,
diniy rahbarlarga xos sirli va salobatli tarzda fatvo berdi:
— Omin, ollohu akbar!
Minglab odam birdan:
— Ollohu akbar! — deb takbir tushirganda osmon titrab ketganday bo‘ldi.
Shayboniyxonning valiyligiga ishonadigan, uning fatvosidan ruhlangan qo‘shin avvaldan
o‘ylangan aniq reja bilan yov tomonga yo‘naldi.
Uzoq mashqlar bekor ketmagan edi. Xonning qo‘shini go‘yo bir tan-bir jon bo‘lib harakat
qilar, xuddi tarang tortilgan yoyday o‘rtasi xiyol oldinga chiqib borar edi.
Chap tomon daryo. Shayboniyxon qo‘shinini o‘ng tomondagi kengliklardan daryo
tomonga qiyalatib yo‘naltirdi. Chunki daryo tomon nishabroq edi, bugun shamol ham
janubdan esmoqda edi. Yo‘l nishab bo‘lsa-yu, shamol orqadan essa, chopqir otlar
yanada tezroq uchishi mumkin. Shayboniyxon bugun qo‘llamoqchi bo‘lgan to‘lg‘ama
usuli — yashin tezligida harakatlanishni talab qiladi. Shuning uchun u otlarning
chopqirini avvaldan tanlab qo‘ygan, bugun esa shamolning yo‘nalishiyu yerning
nishabligini ham hisobga olgan edi.
Shayboniyxon qo‘shinining janubdan qiyalab yaqinlashayotganini ko‘rgan Bobur qo‘shini
yov bilan yuzma-yuz to‘qnashish uchun o‘ng qanotini oldinroq chiqarib, daryoga orqa
o‘girdiyu, janubga tomon burila boshladi.
Orada ikki-uch chaqirimcha masofa qolganda Shayboniyxon xos navkalari, ichkilari va
tug‘bardori bilan birga baland bir tepalikda to‘xtadi. Bobur ham shunaqa bir tepalikda
otliq turar, uning orqasidagi daryoning suvi ertalabki quyosh nuridan tovlanib ko‘rinardi.
Boburning qo‘shinlari orasida to‘ra* ko‘targan, das-tasi uzun nayzalar va oyboltalar bilan
qurollangan piyodalar ham ko‘p edi. Agar otliqlar ularga to‘g‘ridan ro‘para bo‘lsa uzun
nayzalar otga yoki otliqqa sanchiladi. Shayboniyxon piyodalarning markazda
kelayotganini ko‘rib, o‘zining qo‘shiniga yov markazini ochiq qoldirishni, yovning ikki
qanotini aylanib o‘tib, ikki biqinidan va orqadan zarba berishni buyurgan edi.
O‘ng qanotdagi Mahmud Sulton, Jonibek Sulton va Temur Sulton xonning buyrug‘iga
amal qilishib, yovga bir chaqirim qolganda otlarini to‘satdan o‘ng tomonga burishdi va
Bobur qo‘shinining chap qanotini aylanib o‘ta boshlashdi. Shayboniyxon qo‘shinining
chap qanotidagi mashhur lashkarboshilar Hamza Sulton va Madhi Sulton ham markazga
tegmay, Boburning o‘ng qanotini aylanib o‘tmoqda edilar.
Eng zo‘r kuchlarini markazga qo‘ygan Bobur avval tuzgan rejasini shoshilinch ravishda
o‘zgartira boshladi. Bobur markazga qo‘ygan qo‘shinning bir qismi o‘ng qanotga
qo‘shilib, Shayboniyxonning chap qanotiga tashlandi.
To‘lg‘amaning bir qaltis joyi shunda ediki, markazga tegmay o‘tgan ikki qanot bir-biridan