www.ziyouz.com kutubxonasi
136
— Yo‘q, — dedi. — Hirotda Boyqaroday shohga xufiya bo‘lmagan kishi Shayboniyxonga
xufiya bo‘lmas.
— Ammo bu shoir Xo‘ja Yahyoning hovlisida turib, uning tuzini ichgan, keyin Xo‘ja
Yahyoni noinsoflarcha o‘ldirtirgan Shayboniyxonga mulozim bo‘lgan. Shu yaxshimi?
— Bu yaxshi bo‘lmasa, yaxshilik qanday bo‘lishini biz ko‘rsatmog‘imiz kerak. Odam
yuboring, mulla Binoiyni Samarqandga beshikast olib kelsinlar.
So‘nggi so‘z farmoyish tarzida aytilgani uchun Qosimbek uni bajarishga majbur bo‘lgan
edi.
...Bobur pastga tushib, devoniomga to‘rdagi eshikdan kirdi. Ko‘p o‘tmay poygakdagi
eshikdan Qosimbek Binoiyni boshlab kirdi.
Binoiyni Bobur bundan ikki-uch yil oldin ham bir ko‘rgan edi. O‘shanda u juda salobatli
edi. Hozir esa juda ozib, gavdasi allanechuk kichrayib qolgan. To‘ni ham, sallasi ham
eskirib ketgan. Faqat yirik-yirik ko‘zlari avvalgiday mag‘rur chaqnab turibdi. Bobur unga
peshvoz chiqib uy o‘rtasida qo‘l berib ko‘rishdi. O‘ng yoniga Qosimbekni, chap yoniga
Binoiyni o‘tqazib hol-ahvol so‘radi. Shunda Binoiy yodaki bir ruboiy aytib, yegulik g‘allasi
yo‘qligini, kiyay desa g‘allaning qopi ham topilmasligini aytdi:
Ne g‘alla marokaz tavonam no‘shid,
Ne muhmali g‘alla to tavonam po‘shid
degan satrlardagi nozik so‘z o‘yinini sezib, Bobur beixtiyor jilmaydi. «Muhmal» aslida
noaniq degan ma’noni bildirardi. Bu so‘z bilan mulla Binoiy o‘z ahvolining noaniqligiga
ishora qilmoqchi edi. Ayni vaqtda, «muhmali g‘alla» — ya’ni qop kiyadigan darajaga
yetganini ham aytib, o‘z ahvoliga kinoya qilmoqda edi. «Xon huzurida topgan
martabamiz shu bo‘ldi!» demoqchi edi.
Bobur buning hammasini tushungan ma’noda bosh irg‘adi-yu, panjasini peshonasiga
tirab, bir lahza jim qoldi. Uning avzoyidan she’rga she’r bilan javob bermoqchi ekanligini
sezgan Qosimbek Binoiyga «Shoshmay turing!» deganday ishora qildi. Nihoyat, Bobur
qo‘lini peshonasidan oldi-yu, Binoiyga kulimsirab qaradi:
In’omu vazifa bori buyrulg‘usidir,
Muhmalga bo‘yu g‘allaga uy to‘lg‘usidir.
Boburda bunchalik she’riy iste’dod bor deb o‘ylamagan Binoiy bir lahza hayratlanib turdi-
yu, so‘ng tojikcha talaffuz bilan:
— Yana bir takrorlang, amirzodam, faqir radifini uqib olmoqchiman! — dedi.
Bobur she’rni ikkinchi aytishda ba’zi joylarini silliqlab, «g‘allaga uy» jumlasini «g‘alladin
uy to‘lg‘usidir», deb to‘g‘riladi. «Bo‘y» va «uy» degan ichki qofiyalar o‘ziga ham yoqimli
tuyulib, zavqini keltirdi.
— Ta’bi nazmingizga tan berdim, amirzodam! — dedi Binoiy. So‘ng u oq oralagan qalin
soqolining uchlarini tutamlab birpas javob qidirdi. Topdi shekilli, boshini tez ko‘tarib,
qaddini tikladi:
Bir muhmal uchun muncha inoyat bo‘ldi,
Musta’mal agar desam nelar bo‘lg‘usidir!
Binoiyning turkiy she’rga ham bunchalik ustaligi endi Boburni hayratga soldi. Bu yerda
«muhmal» so‘zi uchinchi bir ma’noda ishlatilgani — Binoiy avvalgi ruboiysiga kamtarona
baho berib, uni «muhmal», ya’ni «xom» deb atagani ham ajoyib edi. «Muhmal»ga
«musta’mal», ya’ni «pishiq», «mukammal» so‘zining ichki qofiya qilingani ham Boburga
juda yoqdi, u munshiyni chaqirib, mulla Binoiy aytgan ruboiylarni yozib olishni buyurdi.
Ikki orada bo‘lib o‘tgan mushoiradan Qosimbek ham xiyla ta’sirlangan edi. U o‘sha
kuniyoq Binoiyni yaxshi bir hovliga joylashtirdi, Boburning buyrug‘i bilan aravada un,
guruch, bir qo‘y, issiq barra po‘stin berib yubordi. Binoiy podshoh mulozimlari qatorida
ulufa ola boshladi.