www.ziyouz.com kutubxonasi
207
Gurgonda va ayniqsa Kermonda shialar harakati juda avjiga chiqqan, Shayboniyxon bu
shaharlardagi shialarning boshliqlarini ayovsiz qatl ettirdi, ularning masjid va
ziyoratgohlarini buzdirdi, mol-mulklarini talattirdi. Bu hammasi shialar peshvosi Shoh
Ismoilni darg‘azab qilishi va darhol jangga otlantirishi kerak edi. O‘sha paytda hal
qiluvchi jang bo‘lsa, Shayboniyxon g‘olib chiqishi muqarrar, chunki Shoh Ismoilning
yarim kuchi turk sultoni bilan urushda band edi. Buni shohning o‘zi ham sezgan bo‘lsa
kerak-ki, hamma alamini ichiga yutib, Shayboniyxonga yaxshi muomala qildi, maxsus
elchi yuborib, uni Movarounnahr va Xurosonning oliy hukmdori, deb tan oldi va oradagi
adovatni urushsiz bartaraf qilishga istak bildirdi.
Shayboniyxonning o‘g‘li Temur Sulton, jiyani Ubaydulla Sultonlar shoh elchisiga iloji
boricha yaxshi muomala qilishni, unga shirin gaplar aytib, shohga sovg‘a-salomlar
yuborib, uni Samarqanddagi Sulton Ali mirzo va Toshkentdagi Mahmudxon kabi g‘aflatda
qoldirishni, keyin payti kelganda o‘shalarga o‘xshatib yo‘q qilib yuborishni istar edilar.
Lekin orada dinu mazhab nizosi ajdahoga o‘xshab og‘zini ochib turardi. Shayboniyxon
Xurosonda turgan o‘z qo‘shinining shialar ta’sirida shu ajdahoning domiga tortilib
ketishidan qo‘rqar, «dinu imon yo‘lida murosa yo‘q, kimki shialarga qo‘l bersa, dindan
qaytib, rofiziy bo‘lg‘ay», degan gapni ko‘p takrorlardi. Endi agar Shayboniyxon o‘g‘li va
jiyanining so‘ziga kirib, Shoh Ismoilni tan olsa, unga yaxshi muomalada bo‘lsa, shu bilan
beixtiyor shia mazhabini tan olgan bo‘lmaydimi? Odamlar: «Xonimizning o‘zi ham
rofiziylik yo‘liga kiryapti!» demaydimi? Yo‘q! Shayboniyxon o‘zining pok e’tiqodiga dog‘
tushirishni istamaydi! Uningcha, g‘ayridindan ham rofiziylik yomon. Chunki g‘ayridin —
hali musul-monchilikdan bexabar. Rofiziylar esa avval musulmon bo‘lgan, keyin
choryorlar nomiga xiyonat qilib, ulardan yuz o‘girgan. Shayboniyxon bunday odamlarga
shafqatsiz munosabatda bo‘lishi kerak. Shu fikr asosida u shoh elchisini behurmat qilib
qaytardi. Shohning maktubiga esa osmondan kelib javob yozdi. «Sen bir shayxning
o‘g‘lisan, toju taxtni senga kim qo‘yibdi, belingga kashkulingni bog‘lab, qalandarligingni
qilsang-chi!» degan ma’noda unga kashkul va hassa «sovg‘a» qilib yubordi. Bu
voqeadan keyin Shoh Ismoil turk sultoni bilan sulh tuzdi-yu, Shayboniyxonga qarshi
jangga tayyorlana boshladi. Xonning Kermondagi shia masjidlarini buzdirgani ustiga endi
Shoh Ismoilning elchisini behurmat qilib qaytargani qo‘shilgach, Shayboniyxondan qasos
olishni istovchilarning soni ko‘payib ketdi.
Xuddi shu paytlarda Movarounnahrdan ham tashvishli xabarlar kela boshladi —
ko‘chmanchi sultonlar zulmiga chiday olmagan Toshkent, Farg‘ona, Buxoro aholisi ularga
qarshi isyon ko‘taradilar. G‘alayonlar Samarqandda ham, Hisorda ham bo‘layotganini
eshit-gan Shayboniyxon Hirotdagi qo‘shinlaridan o‘ttiz mingini Movarounnahrdagi
sultonlarga yordamga yubordi. Bu g‘alayonlarning sababini bilishiga yuborilgan maxsus
kishilar Turkiston, Hisor va Buxoro sultonlarining o‘zboshimchalik yo‘liga o‘tganlarini
aniqlab keldilar. Shayboniyxon uch yildan beri Hirotda yashamoqda edi. Uning
uzoqdaligidan foydalangan sultonlar o‘zlarini xon, ko‘lankalari maydon bilib ish olib
bormoqda edilar. Xufiyalar ularning ig‘vo gaplarini ham Shayboniyxonga yetkazib turar
edilar. Xususan, Ubaydulla Sulton, Ko‘chkinchixon va Hamza Sultonlar
Shayboniyxonning Shoh Ismoil bilan qaltis siyosat olib borayotganidan norozi edilar:
«Jangni biz qilamiz, g‘alabani biz keltiramiz, xonimiz faqat yosh qizchalarni nikohiga olib,
lazzatlanishni biladi, hech qaysimizning maslahatimizni olmaydi, shunday bo‘lgach, biz
ham bu yerda istaganimizcha davron suraylik-da». Sultonlarning bu gaplari
Shayboniyxonning g‘azabini avjiga chiqardi. U ichki nizolarni bir zarba bilan bartaraf
qilmoqchi bo‘ldi-yu, Ubaydulla Sultonni Buxoro hokimligidan, Ko‘chkinchixonni Turkiston
hokimligidan, Hamza Sultonni Hisor hokimligidan olib tashladi va ularning o‘rinlariga
boshqa itoatkor odamlarni qo‘ydi. Albatta, bu keskin tadbir xon qo‘shini orasida katta