www.ziyouz.com kutubxonasi
208
obro‘ga ega bo‘lgan Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning tarafdorlarini qattiq norozi
qildi.
Movarounnahrdagi g‘alayonlar va xon saroyidagi ichki nizolardan xabar topgan Shoh
Ismoil bu qulay fursatdan foydalanib qolishga intildi. Odatda, katta harbiy yurishlar
bahor va yoz oylarida boshlanar, Shayboniyxon ham shohning hujumini «bo‘lsa, qish
o‘tgandan keyin bo‘lar», deb o‘ylar edi. Ungacha Movarounnahrga jo‘natilgan o‘ttiz ming
qo‘shin Hirotga qaytib ulgurishi mumkin edi. Lekin Shoh Ismoil xon kutmagan kech kuz
paytida Hirot ustiga qo‘shin tortib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Xurosonda
Shayboniyxondan norozi odamlar juda ko‘p, Shoh Ismoil yaqinlashsa, ular bosh
ko‘tarishi muqarrar. Xonning asosiy kuchlari esa Amudaryodan narida. Shayboniyxon
shoshilinch ravishda Murg‘ob bo‘yiga — Marv qo‘rg‘oniga chekinishga majbur bo‘ldi.
Xonning bunday seskanib chekinishini ko‘pdan beri ko‘rmagan a’yonlari qattiq
sarosimaga tusha boshladilar. Shunda xon ularning o‘pkasini bosadigan bitta vaj
ko‘rsatdi:
«O‘sha g‘addor rofiziylar yurtidan uzoqroq ketganimiz ma’qul. Shoh bizga ergashib
Movarounnahrga yaqinroq borsin. O‘zimizning pok mazhabli sunniylar yurtidan madad
olurmiz. Ungacha o‘ttiz ming lashkar yetib kelgay. Biz shohga Marvda qopqon qo‘yib,
tumshug‘idan ilintirgaymiz!»
Xonning bu rejasini barcha mulozimlari va a’yonlari darhol: «Dono tadbir!» deb
maqtadilar. Biroq ular Marv qal’asida bekinib o‘tirgan paytlarida Shoh Ismoil qo‘rg‘onni
qamal qilib, Shayboniyxon nomiga kinoyali maktublar yo‘lladi. «Xon yuborgan hassaga
suyanib, kashkulni belimizga bog‘lab keldik, qani endi xonda yurak bo‘lsa qo‘rg‘ondan
chiqsin, shayxning o‘g‘li bilan bellashsin!» degan zaharxanda gaplar Shayboniyxonning
izzat-nafsiga qanchalik qattiq tegmasin, u tishini tishiga qo‘yib, haftalar davomida
qo‘rg‘onda o‘tirdi. U tajribali lashkarboshi sifatida shuni yaxshi bilar ediki, yigirma to‘rt
yoshli Shoh Ismoil qanchalik urinmasin, ertami-kechmi qish sovuqlari va izg‘irinlari uni
iliq joy izlashga majbur qiladi. Ochiq havoda diydirab yurgan askarlar qo‘li qovushga
kelmay qunishib chekinishga tushsa, ana o‘shanda Shayboniyxon issiq qo‘rg‘onda kuch
to‘plab yotgan o‘z askarlarini boshlab chiqadi. Ungacha albatta Movarounnahrdagi
lashkar ham kelib qoladi. Ikki tomondan berilgan zarba Shoh Ismoilni tamom qilishi
aniq. Ana undan keyin Eron ham Shayboniyxonniki bo‘ladi, naryog‘i Bag‘dodga va
Makkayu Madinaga yo‘l ochiladi... Shayboniyxon chindan ham butun musulmon olamiga
xalifai rahmon va Iskandari soniy bo‘ladi!..
Xonning bu shirin o‘ylarini faqat bir narsa taxir qilmoqda edi. Chopar ketidan chopar
borib, Movarounnahrdagi qo‘shinni tezroq Marvga yetib kelishga undayotgan bo‘lsa ham
o‘ttiz ming lashkar hamon Amudaryodan narida imillab yurar edi. Xon bu imillashning
sababini bilardi. Qo‘shinda hali ham Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning ta’siri zo‘r.
Ular hokimlikdan tushirilganliklari uchun xondan juda xafa. «Mana endi onhazratimiz
bizsiz jang qilib ko‘rsinlar!» degandek arazlab yurishibdi.
«Lekin men bo‘lmasam hammang kuchukbachchaday xor bo‘lib o‘lasan-ku!» — ichida
sultonlarini so‘kardi Shayboniyxon.
— Hozir butun davlatimiz, butun sulolamiz xavf ostida-ya, nahotki shuni
fahmlamasanglar? Hayot-mamoting hal bo‘ladigan paytda, yo shoh meni yo‘q qiladigan,
yoki men shohni nest-nobud qiladigan asnoda shunday arazlab yurishlaring itlik
emasmi? Sen itlar hali ko‘rasenlar, shu qamaldan eson-omon qutulsak, hammangni
tavbangga tayantirgaymen!»
Nihoyat, izg‘irinli sovuq kunlarning birida, Shoh Ismoil xonga yana bir maktub yo‘llab,
uning qo‘rg‘ondan chiqmaganini qo‘rqoqlik deb atadi, bahorda yana qaytib kelajagini
bildirdi, so‘ng Marvning g‘arbi janubidagi Mahmudi degan qishloq tomonga chekina