www.ziyouz.com kutubxonasi
272
— Kim u? — deb o‘shqirdi-yu, Humoyun tomonga hamla qildi.
Hindubek ham qilichini sug‘urib oldinga chiqdi:
— Siz Yor Husaynbek bo‘lsangiz, bu oliy zot Bobur podshohning o‘g‘illari mirzo
Humoyundirlar!
Yor Husaynbek bu gapga ishongisi kelmay Humoyunga ko‘zlarini olaytirib tikildi. U eng
avval Humoyunning egnidagi arg‘uvoniy to‘nni tanidi. Yoqalariga durlar qadalgan bu to‘n
— Boburniki edi. Humoyun Panipat jangi arafasida Ibrohim Lodining Hamidxon degan
lashkarboshisi bilan olishib, uni yenggan, uch yuzdan ortiq odamini asir olib kelgan edi.
Bobur o‘g‘lining bu jasoratiga qoyil bo‘lib, egnidagi shohona to‘nini o‘g‘liga kiydirgan,
buni hamma beklar, shu jumladan, Yor Husaynbek ham ko‘rgan edi. O‘sha to‘n hozir
ham Humoyunning egnida edi — uning xipcha gavdasiga bir oz katta kelib, yelkalari
osilibroq turar edi.
— Amirzodam, men sizni tanimabmen! — Yor Hu-saynbek qo‘lida qilichi bilan bir qadam
orqaga chekindi.
— Qilichni topshiring! — buyurdi Humoyun.
— Amirzodam, men hazrat otangizga sodiq xizmat qilgan beklardanmen!
— Ibodatxonada sug‘urilgan qilichni men podshoh hazratlariga eltib topshirishim kerak!
— dedi Humoyun.— Siz yo‘lto‘sarlikdan tavba qilib, hazrati oliyning xizmatiga kirgan
ekansiz. Bugun yana talonchilik ko‘chasiga qaytmishsiz. Podshoh hazratlari
ziyoratgohlarda nojo‘ya harakat sodir bo‘lmasin deb, buyurmagan edilarmi? Nechun
nazarni bunchalik past qildingiz, bek? Yog‘iy xazinalaridan barcha jangchilar o‘z
ulushlarini olgaylar! Bu xazina sizga ham yetib ortgay! Ibrohim Lodining odamlari shu
haykalning peshonasidagi yoqutga tegmagan ekanlar. Ular qilmagan pastkashlikni qilish
bizga isnod emasmi? Oling qilichini! Mana bu nokas yigitlarni tutib hibsga elting! Toki
boshqa yigitlarimizga ibrat bo‘lsin!
Xos navkarlar bu buyruqni bajarganlaridan keyin Humoyun Hindubekka barahmanni va
uning qavmlarini ko‘rsatdi-da:
— Janob bek, podshoh hazratlari bizga tayinlagan gaplarni bularga tarjima qilib bering,
— dedi. Bularning dini boshqa. Lekin biz barcha g‘ayridinlarni bir xudoning bandalari deb
bilurmiz. Biz Hindistonga yaxshi niyatlar bilan keldik. Bu muazzam kishvarni hindlar
bilan birga obod qilmoqchimiz. Kimki bizga hamkor bo‘lsa, hamkorlik qilurmiz!
Hindubek tarjima qilgan bu so‘zlarni barahman va uning qavmlari bosh irg‘ab, ta’zim
qilib eshitdilar. Shahzoda va uning odamlari chiqib ketgandan keyin esa barahman yana
buddaning haykali oldiga ibodatga kelib, butun minnatdorchiligini unga ayta boshladi.
Muqaddas yoqutni olmoqchi bo‘lgan nokasning qo‘lidan o‘q yeb jazolanishi buddaning
irodasi bilan bo‘lganiga barahman o‘z qavmlarini ishontirishi zarur edi.
_______________
* B a r a h m a n — hindlarning ruhoniysi.
4 Uzoq Sirdaryo vohalarida endi lola barg yozadigan salqin hamal oyida Jamna bo‘ylari avji
saraton paytidagidek issiq edi. Kuni bo‘yi oftobda otliq yurib badani misday qizib ketgan
Bobur kechki payt salqinroq joy izlab Jamna daryosining bo‘yiga keldi.
Kunning issig‘idan tashqari peshindan so‘ng ichilgan aroqning tafti ham uning ichini
yondirmoqda edi. Kobulda ko‘p ichib o‘rgangan beklar Panipatdagi g‘alaba sharafiga har
kuni bir-ikki joyda ziyofat berishib, uni taklif qilishardi. Issiq va sernam havoda ustma-
ust ichilayotgan chog‘ir va aroqlar Boburning yuragini behalovat qilib, kechalari uyqusini