www.ziyouz.com kutubxonasi
268
to‘plar, ora-oradan esa to‘fanglar yaqin kelib qolgan yovga o‘q ota boshladi. To‘plarning
gumburlashi, miltiqlarning qarsillashi, borut tutuni, har qanday qalqonni teshib o‘tadigan
olovli o‘qlar zarbasi va yana buning hammasi behisob aravalar shakliga kirib o‘z-o‘zidan
yurib kelayotgani yov qo‘shinini dahshatga keltirdi. Fillar yarador bo‘lib bo‘kira boshladi.
Filbonlar talvasaga tushib, fillarni orqaga burdilar. Orqada esa g‘uj-g‘uj otliqlaru
piyodalar bir-biriga aralashib ketgan edi. Itar-itar, ur-sur boshlandi. Yaralanib quturgan
fillar otliqlarni yiqitib, piyodalarni bosib yanchib o‘ta boshladi.
To‘plar va miltiqlar hamon o‘q otmoqda. To‘p o‘qi tekkan fillardan bir qanchasi piyodalar
ustiga ag‘anab tushdi. Orqadan kelayotgan otlar va fillar o‘zlarini to‘xtatolmasdan
ag‘anab yotgan fillarga surinib yiqilishardi. Ketma-ket bir-birini itarib, surib kelganlari
oldin yiqilganlarning ustiga qulashar va o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqqa aylanishardi.
Bu qiyomat ur-yiqitdan qochib qutulushning ilojini topgan filbonlaru otliqlar jon-jahdlari
bilan qochishga tushdilar. Orqada to‘lg‘ama ishlatgan otliqlarning safi ancha siyraklashib
qolgan edi. Fillar bu safni birpasda yorib o‘tdilaru Dehli tomonga intildilar.
Tepalik ustidan buning hammasini ko‘rib turgan Bobur:
— Yog‘iy Dehlini bekitmoqchi! — dedi va aloqachi beklari turadigan o‘ng tomonga
o‘girildi. Biroq aloqachi beklar, choparlar va yasovullar hammasi birin-ketin jang
maydoniga maxsus topshiriqlar bilan yuborilganicha qaytib kelishmagan edi. Ehtimol,
ularning ba’zilari o‘lgandir yoki yaralangandir — jang busiz bo‘lmaydi. Bobur otini burib,
ichki beklari va navkarlari tomonga yuzlandi. Shunda uning ko‘zi Tohirga tushdi. Tohir
maxsus farmonlarni hamisha yaxshi ado etib kelganini esladi:
— Tohirbek, Ibrohim Lodi qochdimi yoki jang maydonida qoldimi, shuni aniqlamoq
kerak. Agar qochgan bo‘lsa xossa tobin* dan quvg‘inchi yuborgaymiz.
Tohir chang-tutunga burkanib jahannam bo‘lib yotgan jang maydoniga ko‘zi javdirab
qaradi-yu, singan boshmaldog‘ini eslab, ovozi qaltirab dedi:
— Bosh ustiga, hazratim!
Shu payt jang bo‘layotgan tomonda oyog‘iga o‘q tegib, uzangisidan qon sirqib oqayotgan
bir yasovul ot choptirib keldi.
— Hazratim, zafar bizniki! — dedi u hansirab.— Yog‘iy qochdi!
— Ibrohim ham qochdimi?
— Qochgan fillar orasida Ibrohimning oq filini ko‘rdim! Qochdi!
— Bo‘lmasa darhol iziga tushmoq kerak! Tohirbek, siz to‘xtang! Janob Qosimtoy mirzo!
— Labbay, hazratim! — deb qirq yoshlardagi norg‘ul bek safdan oldinga chiqdi.
Turkistonda tug‘ilib-o‘sgan bu bekning Ulug‘bek mirzoga uzoq qarindoshchiligi bor edi. U
o‘n besh yildan beri Bobur huzurida xizmatda edi.
— Agar Ibrohim Lodi Dehli yoki Agraga yetib, bu qal’alarni bekitsa, muhoribayu
muhosara qaytatdan boshlanur, — dedi Bobur Qosimtoy mirzoga. — Holbuki, biz Dehli
bilan Agrani jangsiz olish umididamiz. Yog‘iyning bizga hamla qilish ehtimoli endi
bartaraf bo‘ldi. Janob Qosimtoy, xossa tobindan ming kishini oling. Beklardan
Bobochuhra... Tohirbek navkarlari bilan... Ibrohimni quvlanglar. Agar Dehlida to‘xtamay
yana qochsa, Agragacha ketidan qolmanglar, toki bu shaharlarni berkita olmasin.
Ketlaringizdan biz izma-iz yetib borurmiz!
— Farmoni oliyga jonimiz fido! — dedi Qosimtoy mirzo.
— Siz bizning ilg‘orimizsiz. Tangrim yoringiz bo‘lsin! Yengingu yengilmang!
— Omin!
Shunday g‘olibona jangda ilg‘or safda bo‘lish Tohirning ko‘nglini ko‘tardi-yu, singan
boshmaldog‘ining og‘rig‘i ham sezilmay qoldi. U navkarlarini yoniga olib, jang maydoniga
hammadan oldin kirib keldi.
Oftob tikkaga kelgan. Kun issiq. Chekinayotgan yov besh-olti bo‘lakka bo‘linib ketgan.