www.ziyouz.com kutubxonasi
266
— To‘polonda esimdan chiqibdi-ya! Hey, men xomkalla!
Mamat endi o‘zidan kulib, ayilni torta boshladi. Tohirning aroqdan loyqalangan
tasavvurida Mamat uni yiqitib, ustidan kulish uchun ayilni ataylab bo‘shatib qo‘yganday
ko‘rindi. Ilgari ikkovi ham navkar bo‘lgan paytlarida Tohir bunday hazillarga kulib
ketaverar edi. Lekin hozir...
— Sen mening bek bo‘lganimga baxilliging kelib shunday qilgansan! — deb u birdan
Mamatni sensirab so‘ka boshladi: — Sen menga o‘lim tilaganingmi bu?
Tohir g‘azabdan titrab, belini paypasladi-yu, qamchisini qidirdi. Qamchi yerda yotar edi.
Gunoh qilgan navkarlarni so‘kish, urish beklar orasida keng tarqalgan odat edi. Bu odat
Tohirga ham ozmi-ko‘pmi yuqqan edi. Lekin u o‘ttiz yillik qadrdoni Mamatga hali biror
marta musht ko‘tarmagan edi.
Mamat yerda yotgan qamchinni olib Tohirga uzatdi:
— Mang, gunohim uchun qamchilang, lekin bunday gaplarni aytmang! Men sizga o‘lim
tilaydigan baxillardan emasmen!
Mamat yana Tohirdan kulayotganday, o‘zini undan olijanobroq qilib ko‘rsatayotganday
tuyuldi. Tohir:
— Shunday kunda yiqitganing — o‘lim tilaganing emasmi? — dediyu uning peshonasi
aralash boshiga qulochkashlab musht urdi.
Mamat uch-to‘rt qadam nariga uchib ketdi va ko‘zi tinib yerga o‘tirib qoldi.
Peshona suyagi Tohirning qo‘liga toshday qattiq tegdi, bosh barmog‘i «qirs» etdi-yu,
o‘tkir bir og‘riq miyasiga chiqib bordi.
«Boshmaldoq sindi-yov! — dedi Tohir ichida. — Qilich tutadigan o‘ng qo‘lning
boshmaldog‘i.. Bunga ham mana shu sababchi!»
Bu o‘ydan uning g‘azabi yana bir darajada oshdi. O‘rnidan turishga intilayotgan Mamatni
chap qo‘li bilan ham urib yerga yiqitdi.
Orqadan yetib kelgan barvasta bir yigit oraga tushdi.
— Qo‘ying, bek og‘a, bir marta kechiring! Mamat og‘a siz uchun jonini beradi-ya! Ayilni
men boshqatdan tortib beray! Mana, hozir, hozir...
Tohir ayili tortib bog‘langan otga minganda qattiq og‘riyotgan qo‘liga tikilib qaradi. Bosh
barmog‘i shishib ketgan, qimirlatsa, og‘rig‘iga chidab bo‘lmas edi.
«Mendan omad ketdi!» o‘yladi Tohir mulozimlar to‘planayotgan tomonga ot choptirib
borar ekan.
Uning ketidan ergashgan yigirmatacha otliq navkarlari orasida peshonasi g‘urra bo‘lgan,
yuzi bo‘zday oqargan Mamat ham bor edi. Bek ming urib-so‘kkanda ham navkar uning
ketidan qolmasligi kerak edi.
______________
* T i r k i sh — ho‘kizning xom terisidan eshilgan arqonsimon narsa.
* B a r q z a n — chaqmoq chaqib, miltiqning piltasini yondiradigan odam.
* X a t m q i l i sh — tugatish.
* M u h a n d i s — injener.
* * * Jamna daryosining chap tomonidan chiqqan oftob nayza bo‘yi ko‘tarilganda yov
qo‘shinining tig‘iz saflari aniq ko‘rina boshladi. Oxiri ufqqa borib taqalgan behisob ko‘p
qo‘shinning har yer-har yeridan harbiy fillarning ulkan gavdalari cho‘qqilarga o‘xshab
chiqib turardi. Eng katta oq filning ustida o‘tirgan Ibrohim Lodi atrofga xuddi tepalik
ustidan qarayotgandek hammayoqni bahuzur ko‘rar edi.
Bobur bir-biriga bog‘lab tashlangan aravalar ortidagi tepalikda turib, yovning