www.ziyouz.com kutubxonasi
292
xilvatxonadan xomush bo‘lib chiqdi-yu, hazin tovush bilan bir to‘rtlik o‘qib berdi:
Ko‘pdan berikim yoru diyorim yo‘qdir, Bir lahzau bir nafas qarorim yo‘qdir, Keldim bul sori o‘z ixtiyorim birla, Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qdir. Bu satrlar Tohirning sog‘inch tuyg‘ularini shunday qo‘zg‘atdiki, ko‘pdan beri ko‘rmagan
Robiyasini qo‘msab, o‘pkasi to‘ldi.
— Bolalar bilan qachon diydor ko‘risharkinmiz-a, hazratim?
— Yo‘llar hali notinch. Haram uchun xatar ko‘p. Bu yoqda Rano Sango bizdan norizolarni
atrofiga to‘plab, kuch yig‘moqda emish...
«Bizdan norizolar» degan so‘zlar Tohirga mana shu qal’a hovlisida o‘tgan kuni yuz
bergan bir fojiani eslatdi.
Hind ustalari, pashkol paytida yer qazib bo‘lmaydi, ishni to‘xtaylik, deyishdi. Lekin sarkor
bunga ko‘nmadi: «Biz voyinni olti oyda qurib bitirishga so‘z berganmiz, yomg‘ir fasli ikki
oy davom etsa, keyin qachon ulgurgaymiz? Podsho hazratlari bizni yolg‘onchi
demaslarmi? Yomg‘ir pisandmas! Qaytaga salqin bo‘ldi! Ishlayveringlar!» Xullas, sarkor
yer qazuvchilarni majbur qilib ishlata boshladi.
Muttasil yog‘ib turgan yomg‘irlar yerni ivitib, hilvirlatib qo‘ygan edi. O‘tgan kuni yer
qazuvchilar o‘n quloch chuqurlikdagi chohning tubida ishlayotganlarida jarday chuqur
havzaning bir tomoni o‘pirilib tushdi-yu, to‘rt odamni bosib qoldi. Ularni loy aralash
tuproq tagidan kavlab olgunlaricha uchtasi allaqachon jon bergan, to‘rtinchisi tirik bo‘lsa
ham beli sinib, mayib bo‘lgan edi.
________________
* A n b a — ananasning bir turi.
* Q a y l a — banan.
* T a n b u l b a r g i — apelsin bargiga o‘xshab ketadi. Fufal yong‘og‘i bilan birga og‘izga solib chaynalsa kayf beradi, tishni mustahkamlaydi.
* V a j h i t a s m i ya s i — shunday deb atalish sababi, etimologiyasi.
5 Xilvatxonadan sal narida — saroy oshxonasida ovqat pishirib yurgan Bahlul ismli o‘rta
yashar bir oshpaz ham voyinning chohi tagida jon bergan yer qazuvchilarni ko‘rgan edi.
Bu fojia oshpazga Panipat jangida fotihlarning qilichidan halok bo‘lgan yigirma yashar
suyukli inisini eslatgan va qalbidagi intiqom tuyg‘usini yana junbishga keltirgan edi.
Ahmad choshnagir malika Baydaning kanizlaridan birini oraga qo‘yib, zaharni shu
Bahlulga yetkazib bergan edi. Malika Baydaning yana bir kanizi kelib, rejani hozirgi
pashkol kunlarda — Bobur biron yoqqa yurishga ketib qolmasidan oldin amalga oshirish
kerakligini aytgan edi.
To‘rt buklangan oq qog‘oz ichida ziravorga o‘xshab turgan zahar ikki misqolgina bo‘lsa
ham Bahlulga zo‘r bir po‘lat quroldek og‘ir tuyulardi. U jangda vatanini himoya qilib jon
bergan inisining o‘chini shu qurol yordamida olishni va fotihlarni bu yerdan tezroq
quvishni istar edi. Agar Bobur o‘ldirilsa, fotihlar Hindistonda turolmay ketib qolishlariga
Ahmad choshnagir Bahlulni ishontirgan edi.
Podshoh oshxonasida har bir taomni tekshirib tatib ko‘radigan maxsus bakovullar bo‘lar
edi. Qattiq yomg‘ir yog‘ayotgan kuni kechqurun shu bakovullar aroq ichib, mast bo‘lib
qolishdi.
Qozonda karundi daraxtining nordon mevasidan qo‘shib tayyorlangan mazali qayla
pishib turibdi. Bobur bu qaylani yaxshi ko‘rishini Bahlul bilar edi. U sekin qo‘yin
cho‘ntagiga qo‘l solib, to‘rt buklog‘liq qog‘ozni oldi. Oshxonada hech kim yo‘q. Bakovullar