www.ziyouz.com kutubxonasi
289
qurilishiga ishga olgan edi. Mavlono buni tabibga forscha aralash urducha tilida hikoya
qilib berdi-da:
— Jiyanim ham endi bekligu navkarlikni tashlamoqchi, — dedi. — Sizu bizdek tinch
mehnat bilan kun ko‘rmoqchi. Bunga yordam beraylik!
— Bilaman, siz bizning yurtimizga obodonchilik qilish uchun kelgansiz, sohib, — dedi
Bayju, — Siz iltimos qilganingiz uchun jiyaningizga qo‘limdan kelganicha yordam
beraman!
Tabib aytganini qilib Tohirni bir oy astoydil davoladi. Bayjuning sezgir qo‘llari qaysi
suyak qayeridan qanday singanini bexato aniqlab, hammasini mohirlik bilan joy-joyiga
qo‘yib chiqdi. Bir oy davomida Tohir uning kafti oqish-ko‘kimtir, usti qora mayin
panjalariga xuddi o‘z qo‘llariga o‘rganganday o‘rganib ketdi. Keyin tuzalib o‘rnidan
turgan kuni Bayjuning shu panjalarini qo‘llariga olib, ko‘ziga surdi:
— Ayting, sohib, men bu yaxshiligingizni qanday qaytaray?
— Jarrohning qo‘lini shunchalik e’zozlab ko‘zga surganingiz — yaxshiligimning qaytgani
emasmi?
— Yo‘q, men sizdan umrbod qarzdormen!
— Kim bilsin, balki men o‘zim hozir bir qarzimni uzgandirman?
Mavlono Fazliddin ham shu yerda turgan edi. U tabibning allanimani «Aytaymi,
aytmaymi?» — deb ikkilanayotganini ko‘rdi-yu:
— Sohib Bayju, siz nechun o‘zingizni qarzdor sezdingiz? — dedi.
— Buning tarixi uzoq... Faqat iltimos qilaman, boshqa hech kimga aytmangizlar.
— Iltimosingizni bajonidil qabul qildik!
— Mening bir filbon akam bor. Ibrohim Lodi zamonida akam Agradan ish topolmay
Panjobga ketgan edi. O‘sha yerda qo‘shinlaringiz qancha odamlarimizni qirganini
eshitipti. «Bularni vatanimga kirgizmayman», debdi-yu, qo‘shinlaringizni adashtirib,
changalzor botqoqlikka boshlabdi.
— E, bo‘ldi, bo‘ldi! — dedi Tohir filbon rahnamo La’l Chandni eslab. — Bizning ikkita
navkarimizni filiga urdirib, mayib qilib ketgan edi... Ammo men o‘shanda uning
dovyurakligiga qoyil bo‘lgan edim. Bir o‘zi bir qo‘shindan qo‘rqmay olishgan edi-ya!.. Biz
uni changalzor botqoqlikdan chiqolmaydi, deb o‘ylagan edik. Chiqibdimi-a? Hozir tirikmi?
— Tirik, lekin endi Agraga kelishdan qo‘rqadi... Akam o‘sha navkarlaringni mayib
qilgani... yaxshi bo‘lmagan... Ehtimol, men sohib Tohirni davolaganim— o‘sha
gunohimizni yuvib ketgandir?
— Siz akangiz qilgan ishni gunoh deb atamang, sohib Bayju! — e’tiroz qildi mavlono
Fazliddin.— Vatanni bunday bahodirona himoya qilish gunoh emas, balki sharafdir!
— Yaxshi so‘zlaringiz uchun rahmat, sohib! Ammo o‘sha ishi tufayli akam hamon ishsiz.
O‘z vatanida bekinib qochib yuribdi. Bola-chaqasi och-yalang‘och.
— Akangiz qurilishda ishlaganmi?
— Ha, fil bilan doim qurilishda ishlar edi.
— Bo‘lmasa menga uchrasin, ish topib beray. Biz hatto harbiy fillarni mehnatga
o‘rgatmoqdamiz-ku!
— Akam buning hammasini eshitgan. Ibrohim Lodi bekitib yotgan oltinlarni sizlar endi
qurilishga sarflayotganlaringizdan mamnun. Ammo qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqadi.
— Balki akangizning Agraga kelmagani to‘g‘ridir. Bu yerda beku mulozimlar ko‘p, tanib
qolib, bir balo qilishlari mumkin. Akangiz a’yonlar kam boradigan chet joydagi qurilishga
kelsin. Men juma kuni Dehalpurga boraman. Istasa, o‘sha joyga borsin.
— Sohib, sizni podsholaringiz hurmat qilar emishlar, eng katta qurilishlarning sarkori
ekansiz. Podshohdan akamning gunohini so‘rab, shafoat olib berolmaysizmi?— O‘shanda
biz bexavotir yurar edik.