www.ziyouz.com kutubxonasi
287
ketgaymen, bunga ishoning!
Bobur Hirotga, Tabrizga, Balxga, Andijonu Toshkentga odamlar yuborgan, «kimda-kim
bizga xayrixoh bo‘lsa Hindistonga kelsin, ulufalar berurmiz, ne istaklari bo‘lsa ado
eturmiz» degan qadag‘a*lar yo‘llagan edi. Kobuldagi dorug‘alar keluvchilarning sarfu
xarajatlari uchun maxsus mablag‘lar olgan edilar.
— Bo‘lmasa, siz ham... qaerdaki qizilboshlar bilan shayboniyzodalardan bezgan olimu
hunarmand, beku navkar ko‘rsangiz, bizning nomimizdan ayting, kelsinlar!— dedi u
Xo‘ja Kalonbekka.
— Jonim bilan ayturmen, toki mendek ketganlarning biri o‘rniga yuzi kelsin!
Xo‘ja Kalonbek Boburga bu gaplarni chin dildan aytganday ko‘ringan edi. Ammo
Hindistondan ketishga ijozat olgandan keyin Boburga o‘zini ayanch ko‘rsatib yalingani
uchun alami keldi. U bek do‘stlari oldida ichgan qasamini qoyillatib bajarganini hammaga
namoyish qilgisi, Hindda qolayotganlarni kuydirib ketgisi keldi-yu, Agrada yashagan
uyining devoriga bir bayt she’r yozib qoldirdi:
Agar bayxayri salomat guzar zi Sind kunam, Siyoro‘y shavam, gar havoyi Hind kunam*. Xo‘ja Kalonbekning uyiga ko‘chib o‘tgan Hindubek bir kun kechki payt bu she’rni yozib
kelib Boburga ko‘rsatdi va baytni o‘qigan odamlar hamma joyda shov-shuv gap qilib
yurganini aytdi.
Bobur Xo‘ja Kalonning «Hech kim menga ergashmaydigan qilib ketgaymen!» degan
so‘zlarini esladi-yu:
— Bu kudurat nechun? — deb hayron bo‘ldi. — Nahotki, Xo‘ja Kalon boshqa beklarning
ham Hinddan ketishini istasa?
— Bilmadim, bu yerda qolgan beklarning fidoyiligi Xo‘ja Kalonbekning alamini
keltirganmi?
— Ha, o‘zi shunday fidoyi bo‘lolmaganining alami bu! — dedi Bobur va qarsak chalib
munshini chaqirdi.
Munshi kelguncha o‘rnidan turib, xonai xosning u burchagidan-bu burchagiga asabiy bir
tarzda borib keldi. Bir ko‘ngli Xo‘ja Kalonning ketidan chopar yuborib, uni G‘azni
hokimligidan bekor qilishga moyil edi. Lekin shuncha yillik qadrdonidan ayrilish, keyin
G‘aznidagi vayron bo‘lib yotgan bandni tiklash uchun yana boshqa odam izlash tashvishi
uni bu fikrdan qaytardi.
Nima qilish kerak? Xo‘ja Kalonning she’ri Hindistondan ketgisi kelib yurgan beku
navkarlarni battar qo‘zg‘atib qo‘yishi aniq. Agar bu bayt uchun Xo‘ja Kalon jazolansa,
she’rning ta’siri yanada oshishi aniq.
— Bu bayt devorga yozilganicha turibdimi? — so‘radi Bobur Hindubekdan.
— O‘chirtirib tashladim.
— Bekor qilibsiz, bek. Siz o‘chirganingizdan so‘ng bu bayt odamlarning xotirasiga
yanada mahkamroq o‘rnashur, she’rning ta’sirini faqat she’r bilan kesmoq mumkin.
Qo‘lida qalam-qog‘ozi bilan xipcha bo‘y, o‘rta yashar munshi ta’zim qilib kirdi.
— Yozing! — buyurdi Bobur unga.
Munshi gilam ustiga cho‘kka tushib, juzdonni tizzasiga qo‘ydi, qog‘ozni kafti bilan
tekislab, yozishga tayyorlandi.
Bobur badiha ohangida gapirdi:
— Yuz shukr de Boburki, karimu g‘affor, Berdi senga Sindu Hindu kishvari bisyor.