www.ziyouz.com kutubxonasi
284
Bobur otdan tushdi-yu, daryoda langar tashlab turgan «Osoyish» nomli ikki oshiyonlik
muhtasham kemani Xo‘ja Kalonbekka ko‘rsatib hazillashdi:
— Hozir sizga mana bu istiqbol muntazir! Yuring!
______________
* A sh o r a — javzo oyiga to‘g‘ri keladi. Hindistonda yoz fasli bahorda hut oyidan boshlanib, to‘rt oy davom etadi. Keyin «Pashkol» deb
ataladigan yomg‘irlar fasli boshlanib, bu fasl mezon oyigacha davom etadi.
* B o d i s a m u m — eng issiq garmsel shamol.
* V o y i n — katta hovuz.
* Ya ’ n i Sharafiddin Ali Yazdiy.
* B i r p a x r a — to‘rt soat.
* * * Qayiqlarga minib kemaga yetganlarida Bobur Xo‘ja Kalonbekni kemaning tumshuq
tomonidagi xonai xosga boshladi. Kema daryo bo‘ylab suzib borar ekan, suvning shamoli
eng avval shu xonaga tegar va ajib bir salqinlik berar edi.
Savdarlar daryoda sovitilgan norinj va limu* sharbatidan keltirdilar. Xo‘ja Kalonbek
muzday norinj suvidan bir chini kosa sipqardi-yu, nafasini sal rostlab, Boburning yuziga
qaradi.
— Hazratim, siz ham qorayib juda ozib ketibsiz,— dedi. — Bizga bildirmaysizu, lekin ne
chog‘lik qiynalib yurganingizni boshqalar sezmasa ham men payqaymen.
— Ha, endi... Siz bilan biz o‘ttiz yildan beri birgamiz. Ne ranju ne mashaqqatlarni
boshdan kechirmadik! O‘shal g‘amu alamlarga nisbatan hozirgi azoblarimiz — davosini
topsa bo‘ladigan dardlar-ku.
Xo‘ja Kalonbekni yana ter bosdi. U qo‘ynidan ipak ro‘molcha olib, peshonasidan ko‘ziga
oqib tushgan terlarini artar ekan:
— Afsuski, yoshim ketib qoldi, — dedi. — Yigitlikda issiq-sovuqni farq qilmas edik. Hozir
ellikdan oshdik... Sezib turibmenki, Hindning bodi havosidan bir haftada bir yoshga
qarimoqdamen. Eski beklardan Qosimbek qavchin bor edi. Bu yil keksayib, dunyodan
ko‘z yumdi. Bu ahvolda men ham ko‘pga bormasmen, hazratim!
— Unday demang, janob Kalonbek. Issiqqa ham odatlanurmiz.
— Movarounnahrday salqin o‘lkalardan chiqqan odam hind issig‘iga o‘rganishiga aqlim
bovar qilmaydir!
— Nechun! Asli Shahrisabzning lochin urug‘idan bo‘lgan Xisrav Dehlaviy Hindda yetmish
yil umr ko‘rmish. Bunisiga ne deysiz?
Xisrav Dehlaviy — Xo‘ja Kalonbekning sevimli shoirlaridan edi. Dehlidan o‘tganlarida
Kalonbek ham Bobur bilan birga Xisrav Dehlaviyning Nizomiddin Avliyo maqbarasiga
qo‘yilgan qabrini ziyorat qilgan edi. O‘sha yerda Kalonbek Dehlaviyning «Ro‘y ba Hind
ovardoni sohibdilon bechiz nest!» degan mashhur satrini eslagan, «biz ham endi Hindga
kelgan sohibdillardanmiz» degandek mag‘rurlangan edi. U paytda hali issiqning tafti
bunchalik baland emas edi. Xo‘ja Kalonbekning Hindistondan qaytib ketish istagi ham
hozirgichalik kuchli emas edi. Bobur Dehlaviyni eslatish bilan Kalonbekning avvalgi
ahdida turolmayotganini aytmoqchi edi.
Xo‘ja Kalonbek buni payqab, tomoq qirdi:
— Hazratim, Dehlaviy ulug‘ odam bo‘lgan, — dedi.— Mening ulug‘ odamlarga
tenglashadigan qudratim yo‘q ekan...
— Siz yana avvalgi e’tiqodlaringizga zid gapirmoqdasiz. Maqsad ulug‘ odamlarga
tenglashmoq emas, balki ularning nek ishlarini davom etkazmoq edi-ku. Bizni maftun
qilgan hodisa — Xisrav Dehlaviyning qalbida turkiy ulusning qudrati bilan hind elining
dahosi bir-biriga payvand bo‘lib, ulug‘ natija berganligi emasmidi?