www.ziyouz.com kutubxonasi
301
— Darhaqiqat, tarix alohida shaxslar irodasiga bo‘ysunmas ekan, — dedi Bobur. —
Oyog‘ingiz tagidagi tog‘ pastga qarab ko‘chsa, siz yuksakka qanchalik intilmang, tog‘
ko‘chkisi bilan birga pastga qulab ketar ekansiz. Endi o‘ylab ko‘rsam, Movarounnahrdagi
ko‘chkilar meni xuddi shu ko‘yga solgan ekan. Biroq siz qadam qo‘ygan tog‘ ichdan
ko‘tarilib o‘sib borsa, ko‘zlagan yuksakligingizga qanday ko‘tarilganingizni o‘zingiz
sezmay qolur ekansiz. Hindiston menga ichdan ko‘tarilib o‘sib boruvchi tog‘dek tuyuladir,
mavlono. Shuning uchun Samarqandu Andijonda qilolmagan ishlarimni bu yerda qilish
umididamen!
— Mening nazarimda ham endigi yuksalish asri Hindga ko‘chganga o‘xshaydir. Jaholat
quvgan juda ko‘p ilmu san’at ahli sizdan panoh istab Hindga kelishlari bejiz emasdir.
Chunki falakning gardishi o‘zgardi. Axir bir vaqtlar Xurosonu Movarounnahr ham ichdan
ko‘tarilib o‘sib boruvchi tog‘dek yuksalgan emasmidi? Xorazmda — Beruniy, Buxoroda —
Ibn Sino, Tusda — Firdavsiy, Bolasug‘unda — Yusuf Xos Hojib— bular hammasi bir-
biriga asrdosh. Shuncha zo‘r siymolar chiqqan asr — bizning ulug‘ bir yuksalish asrimiz
edi. Chingizxonning ko‘chmanchi o‘rdalari bosib keldi-yu, madaniy taraqqiyotimiz iplarini
bir necha asrga uzib tashladi. Ulug‘bek davrida Samarqandda, Navoiy davrida Hirotda
juda ko‘p madaniy daholar yana uyg‘ondi. Yangi yuksalishlar asri boshlandi. Lekin
kajraftor falak buni ham bizga ko‘p ko‘rdi! Yana chingiziy sultonlar madaniy taraqqiyot
iplarini uzib, chalkashtirib yubordilar... Faqir Hirotda topolmay yurgan kalavaning uchini
shu yerda topgandek yengil tortmoqdamen. Musofirlik juda og‘ir bo‘lsa ham, lekin
bashariyat yashab turgan shu keng olamda yangi daholari uyg‘ongan, ilmu san’atga
astoydil yo‘l ochilgan Hindning borligi qalblarga quvvat beradir... Men endi «Habib us-
siyar»ning so‘nggi tahririni shu yerda, qanotingiz ostida tugallash umididamen.
— Bajonidil!.. Bizdan neki ko‘mak zarur bo‘lsa tortinmay ayting.
— Faqir Hazrat Mir Alisherning kutubxonalarida ko‘p yil ishladim. Husayn Boyqaro
hazratlarining kutubxonalaridagi nodir qo‘lyozmalardan ham ko‘p foydalandim... Endi...
bu kutubxonalar Hirotda qoldi.
Xondamir Boburning ham ellik kishi ishlaydigan ulkan kutubxonasi borligini bilar,
Hirotdan topilmaydigan nodir manbalar bu yerdan topilishi mumkinligiga ishonar edi.
Biroq podshohning xos kutubxonasiga ancha-muncha odam yo‘lay olmaydi. Xondamir
shuni o‘ylab, gapining davomini aytishga iymandi.
— Siz bizni deb shuncha joydan kelibsizu biz kutubxonamizni sizdan ayagaymizmi,
mavlono? — dedi Bobur uning iymanish sababini sezib. — Abdulla kitobdorga
buyurgaymen, sizga neki asar zarur bo‘lsa topib bergay. Kutubxonada hindistoniy
kitoblar ham ko‘p. Abdulla kitobdorning ixtiyorida sanskritni yaxshi biladigan tarjimon
olimlar bor. Shulardan bir-ikkitasini sizning ixtiyoringizga berurmen, neki xizmatingiz
bo‘lsa ado eturlar.
— Toabad minnatdormen, hazratim! Gustoxlik sanalmasa, yana bir erkaligim bor...
— Marhamat, mavlono.
— Hirotda o‘zingiz yozgan sarguzashtlaringizdan parcha o‘qib bergan edingiz. Meni
maftun etgan edi. Agar shu asaringizning tayyor qismlari bo‘lsa, men uchun... eng aziz,
eng nodir manba bo‘lur edi. Chunki siz boshdan kechirib, tadqiq etgan tarixiy voqealarni
boshqa hech kim shunday yaxshi tadqiq etgan emas...
Bobur otining chimirilgan quloqlariga tikilib bir oz jim bordi. U ikki yildan beri
«Boburnoma»ni boshidan qaytib ko‘chirib, yaxlit bir asar holiga keltirmoqda edi. Bultur
yoz issiqlari tugab, yomg‘ir fasli boshlanganda juda qattiq shamol ko‘tarilgan. Bobur
chodirda ishlab o‘ltirganda yomg‘ir aralash kelgan dovul uning chodirini yiqitib,
qo‘lyozmalarning o‘nlab varaqlarini uchirib ketgan edi. Butun-butun boblarni yomg‘ir-
dovul halok qilgan edi. Ularni tiklash uchun haligacha yaxlit bir vaqt topilmas edi.