www.ziyouz.com kutubxonasi
303
oshirmasa bo‘lmasligini o‘yladi.
U savdarlarga buyurib ziyofat bo‘ladigan joydan nariroqqa kattagina chuqur qazdirdi.
Chuqur yaqiniga sandiqday-sandiqday ikkita xarsangtoshni yumalatib keltirib o‘rnattirdi.
Beku navkarlar uning nima qilmoqchiligini tushunolmay hayron edilar. Bobur oltin-
kumush surohiylarga may qo‘yishni buyurdi. Lekin dasturxon yoniga hech kimni taklif
qilmadi. O‘zi ham may to‘la oltin surohiy bilan haligi chuqur yaqinida tikka turibdi.
Beklardan biri yonidagi o‘rtog‘iga:
— Bugun tik turib ichgaymiz, chamasi? — deb shivirladi.
Bobur hamma eshitadigan jarangdor tovush bilan:
— Janob beklar! Yigitlar! — deb gap boshladi.— Taklif bo‘ldiki, jangchilarga may
ichiraylik, toki dadil bo‘lib maydonga kirsinlar. Ammo boshimizdan o‘tgan, bilurmizki,
may dadilligi — aldamchidir. Mast odam jangda ajal paymonasidan qanday ichganini
bilmay qolur. Najot qayda? Ertangi jang biz ko‘rgan qirg‘inlarning eng mushkuliyu eng
murakkabi bo‘lg‘usidir. Biz sepoyalar yasadik, arobalarni zanjirlar bilan bog‘ladik,
g‘alabaning barcha rejalarini tuzdik. Endi bu rejalarni eng nozik nuqtalarigacha bexato
amalga oshirmasak mag‘lub bo‘lgaymiz. Jangda nihoyatda hushyor bo‘lmog‘imiz kerak.
Najot mastlikda emas, hushyorlikdadir! May ichib ko‘p gunohlar qildik. Endi men hayot-
mamot jangiga halqumimni poklab kirmoqchimen... Bir o‘lim har vaqt boshimizda bor.
Agar ertaga kunim bitsa, bu foniy dunyodan boqiy dunyoga may mastligi bilan emas,
imon pokligiyu tan halolligi bilan ketmoqchimen!
Bobur o‘sha damda chindan ham bir o‘limni zimmasiga olib, beku navkarlari bilan vi-
dolashayotgan odamday hayajonlanib gapirgan edi. Bu ko‘pchilikka juda qattiq ta’sir
qildi. Bir lahzalik og‘ir jimlikdan so‘ng, Bobur shu bugun bitgan masnaviy she’ridan to‘rt
satrini yoddan aytdi:
Kimki o‘lmak o‘ziga jazm etar, Ushbu holatta bilursenki netar. Aritur barcha gunohidan o‘zin... Tavba qildim chog‘ir ichmaklikdin! So‘nggi satrini baland ovoz bilan aytgandan so‘ng, surohiydagi mayni oyog‘i ostidagi
chuqurga sepib tashladi. So‘ng surohiyni chuqur yonidagi xarsangtoshga qarsillatib urdi.
Oltin surohiy xuddi uchqun sachratganday «yalt-yult» etib pachaqlandi-yu, ko‘kat
orasiga yumalab tushdi. Bunday hodisani umrlarida birinchi marta ko‘rayotgan beku
navkarlar qo‘llaridagi maylarini nima qilishni bilmay sarosima bo‘lib qolishdi. Bobur yana
ja-rangdor, ta’sirli tovush bilan she’r aytdi:
Oltinu nuqra surohi-yu, ayoq — Majlis olotin tamomi bul choq Hozir aylab borini sindurdum! Tark etib mayni ko‘ngil tindirdum! Beku navkarlar hang-mang bo‘lib turishibdi. Kimlardir qo‘llaridagi xushbo‘y mayni
chuqurga to‘kishdan qizg‘anadi. Kimlardir oltin-kumush surohiylarni xarsangga urib
sindirishga jur’at etolmaydi. Balki Bobur o‘ziga ep ko‘rgan bu ish beku navkarlarga joiz
emasdir?
O‘zining ta’sirli nutqlariyu she’rlari bilan ixlosmandlarini sehrlab olishga va ortidan
ergashtirishga o‘rgangan Bobur bugun har qachongidan ham ortiq e’tiqod bilan
so‘zlamoqda:
— Beklar! Yigitlar! Qachongacha nafsimizga tobe bo‘lurmiz? Tokay umrimizni mayga zoe
eturmiz? Ichkulikning harom kayfi kimga vafo qilibdiki, sizu bizga vafo qilgay? Oltinu
nuqraga achinmang! Surohiylarning sinig‘ini miskinu bechoralarga ulashgaymiz. Agar
tangrim bizga madad bersa, ertangi jangdan g‘olib chiqgaymiz! May to‘kilgan mana shu