www.ziyouz.com kutubxonasi
312
Menga saroylaru qasrlarning keragi yo‘q. Mana shu Zarafshon bog‘ining bir go‘shasi
bo‘lsa bas... Ortiqcha savdaru mulozimlar ham darkor emas. Tohir oftobachining bir o‘zi
menga yetarlik. Humoyunga shu qarorimni aytib, ikkovimizning nomimizdan yozing!
Mohim begim Boburga juda og‘ir tegadigan mavzularda gap ochganidan endi qattiq
pushaymon bo‘ldi-yu, eriga iltijo qilib:
— Meni kechiring! — dedi. — Men hech xayolimga keltirmagan gap... Bu mumkin emas!
Men bunday maktubni yozolmasmen!
Bobur o‘rnidan turdi.
— Bo‘lmasa men o‘zim yozgaymen, — deb ko‘shkdan chiqdi.
U bog‘ oralab xilvatxonaga qarab borayotganda gulzor yo‘lkada kichkina Gulbadanni
uchratdi. Ziyrak qizcha otasini qiynab yurgan mushkulotlarni tushunmasa ham unga ich-
ichidan qayishib, hamdardlik bildirayotgandek mo‘ltirab qarab turardi*.
___________________
* Boburning farzandlari orasida eng uzoq umr ko‘rgan va saksonga kirgan Gulbadan begim bolaligida ko‘rgan bilganlarini «Humoyunnoma»da
batafsil yozgan. U otasining oxirgi paytda toju taxtdan astoydil ko‘ngli qolganiga, hokimiyatni Humoyunga berib, o‘zi Tohir oftobachi bilan bir
go‘shada yashamoqchi bo‘lganiga dalillar keltirgan.
2 Otasining maxfiy maktubi borganda Humoyun Sambxalda og‘ir kasalga chalinib
to‘shakda yotgan edi. Maktubni o‘qigach odamlariga:
— Meni tezroq Agraga yetkazinglar!— deb buyurdi.
Dehliga kelguncha Humoyunning isitmasi yana oshib, kasali battar og‘irlashdi. Uni olib
kelayotgan Hindubek yo‘lda biror kor-hol bo‘lishidan qo‘rqib, darhol Agraga xabar
yubordi-yu, o‘zi Dehlida qolib Humoyunni eng yaxshi tabiblarga davolata boshladi.
Lekin doru darmon kor qilmas, qora bezgakka o‘xshash bir dard Humoyunni kechayu
kunduz kuydirib, go‘yo jingak qilib tashlamoqda edi.
Agradan ikki kechayu kunduz otliq yo‘l yurib, Mohim begim yetib keldi. Daryo yo‘li
tinchroq va salqinroq deyishib, Humoyunni Dehlida kemaga solishdi-da, oqim bo‘ylab
Agraga olib kelishdi.
Humoyunni taxtiravonga yotqizib, sakkiz yigit Zarafshon bog‘iga ko‘tarib kirdi. Bobur
rangi yerday o‘ngib ketgan Mohim begimni ko‘rgandayoq, yuragi «shuv» etib ketdi.
Yigitlar ko‘tarib kelayotgan taxtiravon uning ko‘ziga tobutday sovuq ko‘rindi.
Humoyun tuni bo‘yi alahlab behush yotdi. Faqat sahar palla ko‘zini xiyol ochib, tepasida
turgan otasini tanidi, o‘rnidan turgisi kelib qimirladi, lekin boshini ko‘tarishga ham
madori yetmadi. Otasining maxfiy maktubida yozilgan gapga rozi bo‘lolmasligini
aytmoqchi bo‘lib:
— Biz... xizmatda... sizsiz... — «Mumkin emas!» deganday bosh chayqadi-yu, keyin
yana allahlay boshladi. — G‘ulga uring... uring! Ketdi!.. To‘xta!..
Humoyun nafasi qaytganday talvasa qilib, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa bir-ikki otdi-yu,
yana hushidan ketdi.
Saroy tabiblari bu og‘ir dardga hech bir davo topolmadilar. Mohim begim yum-yum
yig‘laydi. Bobur suyukli o‘g‘lini hadeb o‘tga-suvga solib, shu kasallikka o‘zi ham sababchi
bo‘lganday o‘rtanardi. Og‘ir paytlarda Bobur suyanib o‘rgangan odamlar biron chora
topishni undan kutadilar. Lekin hozir u ham chorasizlikdan o‘zini qo‘yadigan joy
topolmay qiynaldi. Keksayib munkillab qolgan shayxulislom Boburning yoniga keldi:
— Hazrati oliylari, ko‘p g‘am chekmang, parvardigor g‘oyibdan shifo yuborgusidir, —
dedi. — Tabiblardanki ish chiqmadi, endi xudo yo‘liga dunyo molidan tasaddiq qilmoq