www.ziyouz.com kutubxonasi
27
Butun shu tarixning ruhimda jo‘sh urishini, tomirimda qon bo‘lib oqishini, yuragimni,
hujayralarimni ana shu qon to‘ldirishini xohlayman.
Otajon, bu bilimlarni egallab, o‘sha bilimlar sari chuqur ketmoqchi emasman, balki shularning
hammasini o‘rganib, yana millatimga va vatanimga xizmat qilmoqchiman. Zero, o‘zingiz bolaligimdan
kulog‘imga quyganingizday, to yorug‘ dunyoda ekanman, quvonchimu armonlarimni, baxtu
saodatimni shu aziz xalqimu millatim bilan, ko‘zimni ochganimdan beri amal qilib kelayotganim
tutumlariyu urf odatlari, odobiyu tarbiyasi bilan bitta menga emas, butun olamga minglab darslar
bergan mana shu oddiy va samimiy kishilar bilan baham ko‘rib, ularga xokisorlik bilan bosh
egmoqchiman, duolarini olmoqchiman. Muborak zotlar erishgan hikmat qopqalari xalqimning duosiyu
Tangrimning mustajobi tufayli ochilishiga aminman.
Chuqur o‘ylab ko‘rsam, ildizlar degan gapning ma’nisiga aqlim yetayotganday. Nazarimda
dilimning ildizlari shu yer osti buloqlariga bog‘lab qo‘yilganday, uzilsa quriydigandek.
Siz imkoningiz bo‘lsa yoz oylarida kelishingizni aytgan edingiz. Hozircha yozni intiqlik bilan
kutyapman. Kelganingizda fursat topsangiz, dilimda o‘ylab yurgan gaplarimni sizga to‘kib solsam...
agar xato qilayotgan bo‘lsam, otalik va murabbiylik marhamatingiz bilan to‘g‘ri yo‘llarni
ko‘rsatsangiz, mabodo o‘ylarim ma’qul bo‘lsa, menga oq fotiha bersangizu duoingizni olsam, deb
intizorman...
TIMSOLLAR CHARXPALAGI Professor Ziyo kompyuterni o‘chirib, uzoq o‘yga toldi.
Yuragi unga o‘g‘lining haq ekanini, butun olam ilgarilab borayotgan turli-tuman yo‘llar orasida
o‘g‘lining tutgan yo‘li aniqroq va haqiqatga yaqinroq ekanini sezdirib turardi.
Kimlardir «inson bolasiga butun yer yuzi vatan qilib berilgan, istagan joyida yashasin, istagan
joyiga borsin», deb ayyuhannos solayotgan bo‘lsa, o‘g‘il, inson bolasi vatansiz ahamiyat kasb
etolmasligini bildirmoqda edi.
Boshqa kimlardir: «qaerda yashash qulay bo‘lsa o‘sha yerga borib yashash kerak», deb da’vo qilsa,
o‘g‘il, tushunchalarning va ruhning o‘sha yer odamlari ichiga singib yo‘q bo‘lib ketishi xavfini ham
anglagan edi.
Biroq, ne ajabki, muqaddas tushunchalar ham turli-tuman bo‘laklarga bo‘lib tashlangan edi! Butun
olam muvozanat ichida bo‘lgandagina hamma narsa qadr-qimmat kasb etar, muvozanat buzilganida
qadr-qimmatlar ham o‘zgarib ketmoqdaydi.
Darhaqiqat, odam bolasi dunyoga kelib o‘sib-unadi, yeydi-ichadi, ayyuhannos soladi, kibru
havoga, g‘ururga ketadi, lekin bir kuni qarabsizki, butun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilaman degan odam
hayot sahnasidan sekingina, mute’gina bo‘lib chetga chiqadi, supuriladi. Bir kuni qarasangiz, to‘plagan
butun sarvatlariyu mulklari uning vujudida o‘sa boshlagan bittagina begona hujayra qarshisida ojiz,
o‘zi ham o‘sha xastalik changalida mo‘ltirab yotgan bo‘ladi. Tuzalishga hech qanday umid yo‘q,
dunyoning to‘rt burchida millionlab sog‘lom kishilar hayot zavqini surayotgan bir mahalda bu odam
qo‘rquv va dahshat ichra joni halak: mabodo... umr tugagan bo‘lsa-ya?