www.ziyouz.com kutubxonasi
32
keladi, shaharning eng baland maqbarasi ustiga chiqadi, Ko‘k Tangrisiga hamdu sanolar aytadi. Shu
qadar uzoq ibodat qiladiki, tizzalari shilinadi. Qo‘llari qotib qoladi.
Shundan so‘ng nima yuz berganini hech kim bilmaydi. Shahardagilar hech narsani sezmaydilar.
Mana hozir yetib kelib devorlarni va darvozalarni buzishi, hayqira-hayqira erkaklarni va keksalarni
o‘ldirib, bolalarni va ayollarni asir olishi kutilgan askardan darak bo‘lmaydi. Hatto chang-to‘zon ham
ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
...Xangzu lashkarboshisi Haybarni yetti kun izlaydi. Yettinchi kuni u kunbotar tomonda namoyon
bo‘ladi. Mo‘rilardan osmonga ko‘tarilayotgan tutun, yonbag‘irlarda o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilargacha
aniq ko‘rinadi.
Lashkar tun bo‘yi yo‘l bosadi. Subh yuz ko‘rsatganida ufqda hech qanaqa shahar qiyofasi
ko‘rinmas edi. Xangzular hangu mang bo‘lib qoladilar. So‘ngra esa, «bu ko‘rganlarimiz sarob», deb
ortga qaytadilar. Sarobiy shahar haqidagi hikoyalar xangzu sulolasi solnomalaridan o‘rin oladi va
bizgacha yetib keladi.
...Ko‘hna Sharq har doimo siru sinoatlarga to‘la bo‘lib kelgan, lekin o‘z sirlarini hammaga ham
ochavermaydi, degan haqiqat butun dunyoga o‘rnashib qolgan. «Sharq sirlari» degan iboraning o‘ziyoq
kishilarni andak cho‘chitsa, andak sarosimaga soladi, hayiqtiradi, qiziqtiradi va beixtiyor jiddiy
tortishga undaydi. Hazrat Sulaymon tilsimlarining Sharqda ekani, ifritlaru gapiruvchi qum-toshlar,
ko‘zdan nihon shaharlaru qishloqlar, abadiy lashkarlar, tushunarsiz, ammo go‘zal naqshlar... o‘rta
asrlardagi mahdudlik va johillik botqog‘ida uyg‘onolmay ingragan Yevropa uchun xaloskor
xayolotday tuyulishi turgan gap.
Shu bois ham ushbu satrlardan aynan sirlar va tilsimlar ruhi ufurib turadi.
Sayyoh bu mavzuni chuqur o‘rgangan edi. Toki Chin hoqonlari sulolalarining Osiyoga bosqinidan
tortib arab istilosi davridagi ilmiy va she’riy manbalargacha shoyon qiziqish bilan o‘qib, manbalardagi
ma’lumotlarni bir joyga to‘plagach, osmoni yal-yal yonadigan, qora uzumlarini oqish to‘zon pardasi
qoplaydigan bu sirli yurtdagi afsona va rivoyatlarni ham o‘rganishga ahd qildi. Besh yil davomida u
qadimiy Somon shahrining xarobalarining o‘rnini topishga muyassar bo‘ldi, Kushon podshohligi
davrida uchramagan rivoyatlarning aynan arablar istilosidan keyingi davrda ko‘payganiga e’tibor
qaratdi, turli cho‘l xayolotlari, marvlik Hakim yoxud niqob tutgan bo‘yoqchi haqidagi taxminlarni ham
o‘rgandi.
...Insonlar ko‘zidan nihon bu shahar o‘z sirlarini ochavermagach, toqati toq bo‘lgan sayyoh eng
baland tepaga chiqadi va munojot qiladi. «Men u fazilatlar shahriga umrimning besh yilini berdim»,
deydi u. «Besh yil davomida shu biyobonda kun kechirdim. Shamollarning ovoziga quloq tutdim, qora
sovuqlardanu bahoriy iforlardan daragini so‘radim, qumlar aro besh yil darbadar kezdim, biroq bari
zoe ketdi. Ey, munojoti bilan Tangri marhamatiga sazovor bo‘lgan zot! Men bir majusiyman, sening
kimligingni, ismu zotingni bilmayman. Biroq, modomiki Tangri Taolo menday bir gunohkor
bandasining iltijosini qabul etmas ekan, Uning huzurida yuksakroq darajaga erishgan sening duoingni
qabul aylar? Yashirin u shaharni duoing bois bir ko‘ray, faqatgina bir bora ko‘rsam bas!!!»
Ajabo, bu iltijolardan ruhi yengillashgan sayyoh shu kuni xotirjam va yengil orom uyqusiga
cho‘madi, uyqu aro esa kimdir uni uyg‘otadi. Ko‘zini ochganida ufqdan quyosh yal-yal yonib chiqib
kelmoqda edi. Quyoshning yallig‘lari aro u qo‘l uzatsa yetgulik masofada shahri abadiyani ko‘radi.