www.ziyouz.com kutubxonasi
18
“Jomi ur-ramuz”da biroz yengillik keltirilib, hojat bo‘lmaganda 4 mandan kamroq,
zarurat bo‘lganda isrof qilmasdan biroz ziyodroq ishlatish joiz deyilgan.
“Saloti mas’udiy”da rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sa’d roziyallohu anhuni g‘usl asnosida suvni ko‘p ishlatayotganlarini ko‘rib, shunday marhamat qildilar: “Ey Sa’d! Suvni isrof qilmagin” Sa’d roziyallohu anhu so‘radilar: “Yo Rasullalloh, farzni bajarayotganda ham suv isrof bo‘ladimi?” Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar oqib turgan suv bo‘lsa ham isrof bo‘ladi”, deb javob qaytardilar. Sa’d roziyallohu anhu yana so‘radilar: “G‘usl suvining miqdori qancha, yo Rasulalloh?” Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “To‘rt man” deb javob berdilar: Sa’d roziyallohu anhu aytdilarki: “Yo Rasululloh, menga bu miqdordagi suv yetmaydi”. Rasuli akram sallallohu alayhu vasallam: “Ey Sa’d! Bu miqdor suv sizlardan eng junliroq va toatliroq kishilarga ham kifoya qiladi”,- deb ziyoda ishlatishga ruxsat bermadilar.
Albatta, hozirgi zamonda taraqqiyot tufayli tahorat va g‘usl qilishda kommunal
shirkatlari tomonidan beriladigan issiq-sovuq suvlardan foydalanamiz. Tan olish kerakki,
aksariyatimiz jo‘mrakni ochib, suvni oqizib qo‘ygancha g‘usl yoki tahorat qilamiz.
Bu hol, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda yashovchi kishilarda kuzatiladi. Isrof harom ekanini
bilib ham shunday qilishda davom etaversak, shubhasiz, Allohga xush kelmaydi.
Bunday holatda suvni nihoyatda tejab sarflaylik, gunohlarimiz, isroflarimiz uchun
Parvardigori olamga tavba qilib, g‘usl va tahoratda suvni biror idishga, masalan,
obdastaga olib ishlataylik. Bitta odatdagi obdastaga bir yarim litr suv sig‘arkan. Demak,
tahorat uchun bir obdasta, g‘usl qiladigan bo‘lsak, uch obdasta suv ishlatishimiz
maqsadga muvofiqdir. Va yo jo‘mrakni kerakli miqdorda ochib ishlatsak, malomatdan
xoli bo‘lamiz. Vallohu a’lam bissavob.