Amaliy mashg‘ulot. Yaralar bitishining birinchi bosqichida 3-5 kunda qayta bog‘lab
turiladi. Yara ustidagi doka surilib ketgan yoki yiringga bulg‘angan
bo‘lsa almashtiriladi. Bundan tashqari,hayvonning tana harorati
ko‘tarilib,umumiy ahvoli og‘irlashsa, yaraning atrofi juda shishib
ketsa ham bog‘lam tez-tez almashtirib turiladi. Yara quyidagi
tartibda qayta bog‘lanadi: avval uning ustidagi doka va paxta olib
tashlanadi, yara mexanik ravishda tozalanadi va uning atrofidagi
teri dezinfeksiya qilinadi, yara yuzasi sterillangan tamponlar bilan
quritiladi. Antiseptik dorilar qo‘yiladi va qaytadan bog‘lanadi.
Yaraning ikkinchi va uchinchi bitish bosqichlarida u ochiq holida
davolanadi (oyoqlarning pastki qismlaridagi yaralar bundan
mustasno). Yarani davolash uchun quyidagi dorilar qo‘llaniladi:
yangi operatsiyadan keyin yaraga infeksiya tushishining oldini
olish uchun:
1. Rivonol eritmasi (1:1000).
2. Yodning spirtdagi eritmasi (1:1000-1:3000).
3. Oq streptotsid kukuni, oq streptotsidning spirtdagi 5 % li erit-
masi, oq streptotsidning baliq moyidagi 5–10 % li emulsiyasi,
penitsillin eritmasi (1,0 eritmaga– 3–5 ming TB-ta’sir birligida
penitsillin), penitsillin kukuni, oq streptotsid kukuni bilan aralash-
tirib (20-30 ming TB penitsillinga 1,0 streptotsid aralashtiriladi)
ishlatiladi.
Yiringli yaralar bitishining birinchi bosqichida yarani tozalash,
infeksiyaga qarshi kurashish va granulatsiya to‘qimasining o‘si-
shini tezlashtirish uchun – 3 % li vodorod peroksidi, 0,1-0,2 % li
kaliy permanganat eritmasi, 1–2 % li xlorid va xloramin eritmasi,
5–10 % li osh tuzi yoki magneziya sulfat eritmasi, 1–3 % li karbon
kislota eritmasi, suyuq Vishnevskiy surtmasi, Olivkov suyuqligi, 10
% li yodoformli efir, dioktaninning 1–2 % li spirtdagi eritmasi, oq
streptotsidning 5 % li emulsiyasi, penitsillin mazi (1,0 surtmada 5–
10 ming TB penitsillin bo‘lishi kerak) qo‘llaniladi. Yara bitishining
uchinchi bosqichida (yarani quritish va epidermasining o‘sishini
tezlatish uchun) rux surtmasi, 5 % li kseroform yoki yodoform
surtmasi, 10 % li yodoformli efir, 5 % li ixtiol mazidan foyda-
laniladi.