«Rasizm» so`zi «rasa» (irq) atamasidan kelib chiqqan. Bu atama XVII asrdan boshlab
Yevropada «insoniyat nasli» ni turli irqiy guruhlar, jumladan, «oq» va «sariq» irqqa ajratish
uchun qo`llana boshladi.
Irqchilik ta`limoti «oq tanli» larning afzalligi, ularning azaldan «oliy irq» etib tanlangani,
boshqa irqlarning esa «oq» larga qaraganda nomukammal yaratilganligi va hamisha
taraqqiyotning quyi pog`onalarida turishini asoslab beradi. Uning asosiy g`oyasi o`zining
«ilohiy» tabiatiga ko`ra «oq» irqlarni «quyi» irqlar ustidan hukmron qilishga da`vat etishga
qaratilgan edi. Irqchilik milliy mansubligi va terisining rangiga ko`ra turuvchi kishilarga tazyiq
o`tkazish, ularni haqoratlash, urish va o`ldirish kabi harakat hodisalarda yaqqol namoyon bo`ldi.
Irqchilik-ko`p qiyofali
Masalan o`zini oliy irq hisoblagan ingliz, ispan, frantsuz bosqinchilari o`rta asrlar va ayniqsa,
XVIII-XIX asrlarda Amerika, Avstriya, Afrika va Osiyoda erli xalqlarni ko`plab qirib
tashladilar.
Yana bir yovuz g`oya-terrorizm bugungi kunda ham insoniyatga katta tahdid solmoqda.
Insoniyata doimiy qo`rquv, fitna, g`alamislik muhitini vujudga keltirish, zo`ravonlik yo`li bilan
jamiyat barqarorligini buzish, gunohsiz kishilar, jumladan, bolalarning halok bo`lishiga olib
keladigan siyosiy maqsaddagi o`ldirish va portlashlar bu mudhish g`oyaning asl mohiyatini
tashkil etadi. (Beslan fojiasi) 2004 yil 1 sentabr, Beslan shahridagi barcha maktablarda
bayramona kayfiyat hukmron. O‘quvchilar qo‘llarida gul tutib «Bilimlar kuni» munosabati bilan
o‘tkaziladigan bayramga oshiqishyapti. Shu jumladan, shahardagi 1-sonli maktab o‘quvchilari
ham. O‘sha kuni ertalab soat 9:00da shahardagi 1-sonli maktabda ham yangi o‘quv yilining
ochilishi munosabati bilan bayram tadbiri boshlanadi. Tadbirda maktab o‘quvchilaridan tashqari
ularning ota-onalari va boshqa mehmonlar ham qatnashayotgandi. Shu payt bir guruh qora
niyatli shaxslar maktabga kirib keladi. Ularning bir qismi maktab hovlisining orqa tomoniga
o‘tadi. Bir qismi esa to‘g‘ri maktab hovlisiga bostirib kirib, qurollardan havoga o‘q uzib,
barchani maktab sportzaliga haydashadi. O‘qituvchilar, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari
shok holatiga tushadi va maktabga terrorchilar hujum qilganini anglashadi. Oradan 10 daqiqa
o‘tib Pravoberejniy tuman ichki ishlar bo‘limiga taxminan 20 nafardan oshiq qurollangan shaxs
Beslandagi 1-sonli maktabda odamlarni garovga olgani haqida xabar kelib tushadi. Bu paytda
terrorchilar garovga olinganlarni maktab sportzaliga qamab, hamma joyga bomba o‘rnata
boshlaydi va garovdagilardan uyali telefonlar, fotoapparatlar hamda sumkalarni tortib olishadi.
Ular o‘zlariga qarshi chiqqan uch kishidan ikki nafarini otib o‘ldirishadi, uchinchisi og‘ir
jarohatlanadi. Shundan so‘ng terrorchilar garovga olinganlar orasidagi erkaklar va yuqori
sinflarda o‘qiydigan o‘g‘il bolalarni alohida ajatib sportzaldagi xonalardan biriga qamab
qo‘yishadi. Ayollar va bolalarning bir qismini tirik nishon sifatida derazalar oldiga tik turg‘izib
qo‘yishadi, qolganlar sportzal sahniga joylashadi. Terrorchilar Moskvadagi «Nord-ost» teatridagi
ish bu yerda ham qaytarilmasligi uchun derazalarning oynasini sindirib chiqishadi (2002 yilda
bir guruh terrorchilar Moskvadagi «Nord-ost» teatrida tomoshabinlar va teatr jamoasini garovga
olganda ularni zaharli gaz bilan zaharlab so‘ng bino shturm qilingan edi). Bu orada Beslandagi
hodisadan Shimoliy Osetiya ichki ishlar vaziri Kazbek Dzantiyev va respublika rahbari
Aleksandr Dzasoxov xabar topadi. Shundan so‘ng butun respublika bo‘ylab huquqni himoya
qilish organlari oyoqqa turadi. Maktabni Pravoberejniy tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari
o‘rab oladi. Terrorchilar maktabni egallaganidan yarim soat o‘tib bu hodisa haqida Moskvaga,
Federal xavfsizlik xizmati bosh idorasiga xabar beriladi. FXXda zudlik bilan «Qo‘lga olish»
rejasi ishlab chiqiladi va maxsus guruh Beslanga jo‘natiladi. Bu paytga kelib maktab atrofiga
yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ham maxsus texnikalar bilan
yetib keladi. Beslandagi hodisadan xabar topgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochida
ta'tilda bo‘lishiga qaramay Moskvaga qaytadi.Shundan so‘ng Beslanga Shimoliy Osetiya rahbari
Aleksandr Dzasoxov, respublika parlamenti raisi Taymuraz Mamsurov, FXXning Shimoliy
Osetiya bo‘yicha rahbari Valeriy Andreyev, Shimoliy Kavkazdagi 58-armiya qo‘mondoni V.
Sobolev va boshqa ko‘plab mutasaddilar yetib kelishadi. Soat 11:00da terrorchilar bilan
muzokara o‘tkazish uchun V.Zanginov va Shimoliy Osetiya muftiysi Ruslan Valgasov oq bayroq
ko‘targan holda maktab binosi tomon harakatlana boshlaydi. Biroq terrorchilar o‘q uzib ularni
binoga yaqinlashtirmaydi.Oradan biroz o‘tib terrorchilar garovga olingan ayollardan birini xat
bilan tashqariga chiqarishadi. Xatda ular o‘zlari bilan muzokara o‘tkazish uchun Shimoliy
Osetiya rahbari Aleksandr Dzasoxov, Ingushetiya respublikasi rahbari Murat Zyazikov, Rossiya
prezidenti maslahatchisi Aslanbek Aslaxanov va bolalar shifokori Leonid Roshal (Yana bir
versiyaga ko‘ra Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi, general-polkovnik Vladimir Rushaylo)
maktab ichkarisiga kirishi lozimligini talab qilishgan edi.Terrorchilar ularning har biri uchun 150
nafardan bolani qo‘yib yuborishga va'da berishadi. Bundan tashqari, terrorchilar, agar huquqni
himoya qilish organlari tomonidan maktabga qurolli hujum qilinadigan bo‘lsa, har bir halok
bo‘lgan terrorchi uchun garovdagilardan 50 nafarini, har bir yaralangan terrorchi uchun esa
garovdagilardan 20 nafari o‘ldirilishini ma'lum qilishadi. Terrorchilar hech qanday muzokaraga
ko‘nishmaydi va dastlab talab qilgan shartlarida turib olishadi. Ular bilan rasmiylar orasida
Leonid Roshal aloqachi bo‘lib turadi. Bolalar shifokori bo‘lgan bu shaxs 2002 yilda «Nord-ost»
teatrida bo‘lib o‘tgan hodisada ham mutasaddilar va terrorchilar o‘rtasida vositachilik qilgan edi.
Vladimir Putin Turkiyaga rejalashtirilgan tashrifni bekor qiladi. 2 sentabr kuni kechki payt u
televideniye orqali rossiyaliklarga qilgan murojatida hukumat rasmiylari uchun birlamchi
maqsad garovdagilarni terrorchilar qo‘lidan sog‘-omon qutqarib olish bo‘layotganini bildiradi.
Tushdan keyin Ingushetiyaning birinchi prezidenti Ruslan Aushev maktab binosiga kirib boradi
va terrorchilar bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazadi. Aushev terrorchilar bilan kelisha olmaydi,
ammo bu harakati ortidan ular yosh bolasi bor 26 nafar ayolni garovdan ozod qilishadi. Beslan
fojiasi oqibatida jami 333 nafar inson halok bo‘ladi. Ulardan 186 nafari bolalar edi. Diniy
ekstremizm - ma`lum syosiy maqsadlar yo`lida va din niqobi ostida mutaassiblar yoki ularning
irodasiga ko`ra ish ko`ruvchi guruhlar tomonidan olib boriladigan o`ta ashaddiy harakatlar va
qarashlar majmuini anglatadi. Diniy aqidaparstlik - esa siyosiy mavjud ijtimoiy muammolarni
ilk, ya`ni mazkur din paydo bo`lgan paytdagi arkonlar asosida hal etmoq niyatidagi harakat va
qarashlardan iborat. Dunyoning ba`zi mamlakatlarida bugungi kunda ham mavjud hukmlar
dindan boshqa dinni targ`ib qilganlar jazolanadi. Jumladan, Afg`onistonda «Tolibon» harakati
hukmronligi davrida ularning boshlig`i Mulla Muhammad Umarning ko`rsatmasiga binoan
Afg`onistondagi buddizm diniga mansub madaniy yodgorliklar ham yo`q qilinishiga fatvo
berildi. Natijada XV asr ilgari bunyod etilgan Bamiyon shahrida dunyodagi eng yirik va
balandligi 53 metrlik 2 ta budda yodgorliklari o`qqa tutilib buzib tashlandi. Bu hatti-harakatlar
islom dinining boshqa dinlarga bag`rikenglik asosidagi munosabatlariga zid bo`lganligi uchun
barcha taraqqiyparvar kuchlar tomonidan qoralandi. U insonni bir mute, qul, taqdirning
o`yinchog`i deb qaraydi, inson qalbi, ma`naviy ehtiyojlari bilan mutlaqo hisoblashmaydi. Islom
dinining tasavuf ta`limoti ahli tarixda hayotga, jamiyat va inson masalalariga keng qaraganlar.
Bu chin ma`nosi bilan insonparvarlik ta`limotidir. Chunki sufiylar, garchi chin musulmon
sifatida shuhrat qozonib, islom dini tozaligi uchun kurashgan bo`lsalarda, ammo hech qachon
o`zga dinlarni kamsitmaganlar. Shu sababli tasavvufni diniy bag`rikenglik ta`limoti, inson
kamolotiga yo`l qidirgan hamda jaholatga qarshi kurashib kelgan ma`rifiy ta`limot, deb
tushunamiz. Hozirgi kunda bizning turmush tarzimizga, ruhiyatimizga nisbatan qilinayotgan
ma`naviy-ma`rifiy hurujlarning usullari tobora noziklashib borayapti. Zararli g`oyalar turli
kinofilmlar, televedenie ko`rsatuvlari va radio eshittirishlari shaklida, gazeta-juurnallar, internet
tarmog`i va boshqa
yo`nalishlarda uzluksiz ravishda tiqishtirilib, bizning milliy
tushunchalarimizni barbod etishga, mafkuraviy immunitetimizni susaytirishga, yoshlarimizni
durugaylashtirishga muntazam harakatlari sezilib turibdi. Bugungi kunda inson qalbini egallash
uchun butun dunyoda to`xtovsiz kurash ketayapti. Bu zararli g`oyalarga qarshi xalqimizning or-
nomusi, diniy va dunyoviy e`tiqodi, ma`naviy qadriyati, mafkuraviy immunitet vazifasini o`tashi
zarur. Alohida bir odamning ruhiyati jamoa ruhiyatiga teng emas, albatta. eng qizig`i shundaki,
jamoa ruhiyatida ongsizlik darajasi balandroq. Ommaviy taassurotda Ommaviy Axborot
Vositalari tomonidan aytilgan gaplarga birdan ishonish, vahimaga tushish, salbiy informatsiyaga
ko`proq berilish kayfiyatlari ancha kuchli. Buni Karl Yung «jamoaviy ongsizlik» deb ta`riflagan
va bugungi kunda ushbu psixologik kategoriyani topib, uni isbotlab berilgani Yungning buyuk
kashfiyoti deb hisoblanadi. Karl Yung ta`limotining ahamiyati shundaki, mazkur «jamoaviy
ongsizlik» holatining jamiyatda paydo bo`lishi mafkuraviy immunitetni shakllantirish ishiga
salbiy ta`sir qiladi. Yaqinda «Internet» sahifalari amerikalik siyosatshunos olim Patrik
B’yukenenning «Smert Zapada» nomli kitobi paydo bo`ldi. e`tiborga molik jihat shuki, katta
hajmdagi bir kitobning so`z boshisidayoq, muallif yaxlit bir millatlar va xalqlar taqdiriga
aloqador bo`lgan voqealarni, G`arbning «taqdiri»ni jamiyat ma`naviyatidagi inqirozlarga,
jumladan, oila va nikoh, tug`ilish va aholining tabiiy o`sishi borasidagi inqirozlar tahliliga
bag`ishlagan. Ming taassuf va afsus bilan u «Yevropa «amerikacha» madaniyatni qabul qilib,
bugun uning hayot tarziga singib ketganligiga qarshilik ko`rsatishga qodir emasligini e`tirof
etadi. B’yukenenning fikricha, sanoati va yuqori texnologiyalari rivoj topgan jamiyatda
odamlarning birdan boyib ketish, to`kin hayotga erishishga bo`lgan egoistik intilishi ularning asl
qadriyatlarga, jumladan, oila va nikohga, yoshlar tarbiyasiga bo`lgan munosabatlarida keskin
inqirozni keltirib chiqardi. Bu holatni u gedonistik psixologiyaning asosi deb baholab, uning
oqibati jamiyatda qator ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarayotganligini ochiq e`tirof etadi.
Gedonizmning ma`nosi shundayki, shaxs va uning xulq-atvori motivlarida faqat nimalardandir
lazzatlanish, qoniqish olish va o`zidagi ichki ruhiy iztiroblardan xoli bo`lishga intilish ustivor
bo`ladi. To`g`ri, aslida insonning to`q va farovon hayotga intilishi, boy-badavlat yashashni
xohlagani ayb emas, lekin bunday to`kinchilik insoniylikka qarshi bo`lishi mumkin emas.
Muallifning tashvishi va uni xavortirga solgan narsa shuki, bunday ong va shuurdagi o`zgarishlar
evropa xalqlarining eng zarur va muhim qadriyatlarga nisbatan salbiy munosabatlarda
ifodalanadi. Masalan, bugungi Yevropada tug`ilayotgan bolalarning har uchtasidan bittasi
nikohsiz tug`ilayotganligi, tug`ilishning keskin kamayib ketganligini, umuman ayollar o`zidan
sog`lom zurriyod qoldirishni istamayotganligi, mablag`i etarli bo`la turib, farzand tug`ilishi va
uni tarbiyalashga ketadigan mablag`ni qizg`anayotganligi yaqqol namoyon bo`lmoqda. Umuman
G`arb ayollarining aksariyati turmushga chiqib, o`zidan munosib zurriyod qoldirish niyatidan
tobora uzoqlashib bormoqda.
Olimlarni mavjud ahvolni ijobiy tomonga o`zgartirish uchun farzand tug`ilishi uchun davlat
tomonidan ajratiladigan nafaqalarning, suyunchi pullar miqdorining orttirilishi, onalar uchun
alohida imtiyozlarning joriy etilishi yoki bola soni ortgani uchun oilaga ko`rsatiladigan muruvvat
ayollarni sog`lom oila qurib, unda sog`lom farzandlarni tarbiyalashga undarmikin, degan savol
o`ylantirmoqda va mulohazalar mantig`idan shu narsa ayon bo`lmoqdaki, zamonaviy
yevropaliklarni bunday imtiyozlardan ko`ra, mansab pog`onalaridan ko`tarilib, o`z
manfaatinigina o`ylab yashash ko`proq qiziqtiradi. Chunki zamonaviy G`arb yoshlari, xotin-
qizlar uchun bu kabi imtiyozlar bola tug`ilishi va bu bilan bog`liq tashvishlar oldida hech gap
emas. Shu kabi gedonistik psixologiya bizning yoshlarimiz ongida paydo bo`lmasligi, ochiq
axborotlar makonida bemalol turli ma`lumotlarni qabul qilish imkoniyati paydo bo`lgan hozirgi
sharoitda ularni ezgu maqsadlarga yqnaltirish, ularda sog`lom dunyoqarash, ertangi kunga
ishonch, sobit g`oya, sog`lom hissiyotlar, el-yurt oldida, oilasi va yaqinlari oldida insoniy
javobgarlik va yuksak mas`uliyat hislarini tarbiyalash millat manfaatiga bevosita aloqador
vazifamizdir. Bunday aloqalarning kengayishi haqiqiy ma`naviy va madaniy qadriyatlarni
munosib baholash imkonini berdi. Hozirgi yoshlar ham, ularning ota-onalari ham uchragan
kinoni ko`rib, duch kelgan maza-matrasi yo`q kitoblarni o`qib ketayotgani yo`q. Ataylab
yurtimizga olib kelinayotgan g`arbning sun`iylashtirilgan san`atidan, «keng iste`mol»dagi
madaniyatidan norozilik sezilib turibdi. Bunday mahsulotning ilgarigi «man etilgan ne`mat»ga
xos «lazzati», jozibadorligi deyarli qolmagan. Hozirgi kunda xorijning madaniy qadriyatlaridan
foydalanishga ancha jiddiy va tanlab yondashish ehtiyoji kuchayib bormoqda. Lekin ochiq
ommaviy axborot vositalari orqali tinimsiz ma`lumotlar quyulib kelayotgan sharoitda aynan hali
ongi shakllanib ulgurmagan yoshlar uchun tahdid ham, ataylab uyushtirilayotgan mafkuraviy
tajovuzlar ham bor.
Shunday sharoitda birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning fikrlari biz uchun hamisha dalda
bo`ladi: «Eng muhimi, qalbimizda g`ururimiz, bilagimizda kuchimiz bor ekan, biz tinchlikni
himoya qilishga, unga xavf solayotgan kuchlarga qarshi kurashishga, qaddimizni tik tutib,
boshimizni baland ko`tarib yashashga qodirmiz. Bizni qo`rqitmoqchi bo`layotgan g`alamislar
shuni bilib qo`ysinki, biz hech kimga bosh egmaganmiz va hech qachon bosh egmaymiz. Bunda
bizga milliy g`oyamiz va mafkura g`oyaviy tayanch va asos bo`ladi (2001 yil 10 oktyabr).
Zero, milliy mafkura xalqning maqsad-muddaolarini ifodalaydi, tarix sinovlaridan o`tishda uning
ruhini ko`tarib, suyanch va tayanch bo`ladi, shu millat, shu jamiyat duch keladigan ko`plab
hayotiy va ma`naviy muammolarga javob izlaydi. U insonga faqat moddiy boyliklar va ne`matlar
uchun emas, avvalo, Alloh taolo ato etgan aql-zakovat, iymon-e`tiqod tufayli yuksak
ma`naviyatga erishish uchun intilib yashash lozimligini anglatadigan, bu murakkab va tahlikali
dunyoda uning taraqqiyot yo`lini yoritib beradi. Istiqlol mafkurasi ko`pmillatli O`zbekiston
xalqining ezgu g`oya - ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo`lidagi asriy
orzu-intilishlari, hayotiy ideallarini o`zida aks ettiradi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta`kidlaganlaridek, «Milliy g`oya va istiqlol mafkurasi haqida gap
borar ekan, biz nihoyatda keng qamrovli, murakkab, ser-qirra, insoniyat tarixida aniq va
mukammal ifodasi, tugal namunasi hali-hanuz yaratilmagan tushunchalarni o`zimizga tasavvur
qilishimiz kerak, deb o`ylayman. Bu tushunchalar Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi
kabi yuksak g`oyalarning ma`no-mazmunini teran anglab etishga xizmat qiladi. Bu mafkura
xalqni xalq, millatni millat etadigan, uning sha`nu sharafi, or-nomusi, ishonch-e`tiqodini
ifodalaydigan, jamiyatimizning o`ziga xos taraqqiyot yo`li, turmush tarzi, tub manfaatlariga
tayangan holda muttasil rivojlanib, takomillashib boradigan g`oyalar tizimidir.
Xalqni buyuk kelajak va ulug`vor maqsadlar sari birlashtirish, mamlakatimizda yashaydigan,
millati, tili va dinidan qat`i nazar, har bir fuqaroning yagona Vatan baxt-saodati uchun doimo
mas`uliyat sezib yashashiga chorlash, ajdodlarimizning bebaho merosi, milliy qadriyat va
an`analarimizga munosib bo`lishiga erishish, yuksak fazilatli va komil insonlarni tarbiyalash,
ularni yaratuvchilik ishlariga da`vat qilish, shu muqaddas zamin uchun fidoiylikni hayot
mezoniga aylantirish - milliy istiqlol mafkurasining bosh maqsadidir.
Davlatimiz rahbarining ko`rsatmalari va istiqbolli g`oyalaridan kelib chiqib, hozirgi murakkab
sharoitda xalqimiz, avvalo, o`sib-unib kelayotgan yosh avlodimiz ongi va qalbida mafkuraviy
immunitet hosil qilish muhim va dolzarb ahamiyat kasb etgan vazifalarimizdandir. Bu ishni
bamisoli niholga mevali daraxt kurtagini payvand qiladigan usta bog`bondek noziklik va mehr
bilan, oqilona yo`l bilan amalga oshirish lozim.
Dostları ilə paylaş: |