(taqsimlab) oldi. "Allohning rizqidan yeb-ichingizlar, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangizlar". 61. Yana eslang, "Ey, Muso, biz bir (xil) taom (yeyish)ga sabr qila olmayapmiz. Rabbingdan duo qilib so'ra, bizga Yer (o'zidan) undirib chiqaradigan bodring, sarimsoq, mosh-loviya, piyoz kabi sabzavotlardan yetishtirib bersin", - deganingizda, u: "Yaxshi narsani past narsaga almashtirmoqchimisizlar, (biror) shaharga tushingiz ,(u yerda) sizlar uchun so'ragan narsangiz bor", - degan edi. Ularga (bu noshukrliklari tufayli) xorlik va miskinlik bitib qo'yildi hamda Allohning g'azabiga uchradilar. Bunga ularning Alloh oyatlarini inkor qilganlari va payg'mbarlarni nohaq qatl etganlari sabab bo'ldi. Yana boshqa sababi esa ularning itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir. 62. Albatta, mo'minlar, yahudiylar, nasroniylar va sobiiylardan kimki (avvalgi aqidasidan qat'iy nazar) Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa hamda solih amallarni qilsa, ularga Rabbilaridan ajr bordir, ularga xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaslar. Izoh: Sobiiylar - yahudiy va nasroniy dinlaridan voz kechib, farishtalarga sig'inuvchi toifa kishilari. Ba'zi olimlar ularni yulduzlarga sig'inuvchilar deb yozadilar. 63. Eslang, (ey, Isroil avlodi,) Biz ahdu paymoningizni olgan edik va tepangizda Tur ("Muso tog'i" deb ataluvchi Misr hududidagi Qizil dengizga tutash tog')ni ko'tarib turib: Sizga keltirgan narsamiz (Tavrot)ni mahkam tuting va undagi narsani zikr eting - shoyad (shunda) taqvoli bo'lsangiz", - degan edik. Izoh: Misrning Sinay yarim orolidagi Qizil dengizga tutash tog'. 64. Keyin, o'shandan so'ng (vafosidan) yuz o'girdingiz. Agarda sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolar edingiz.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur