www.ziyouz.com кутубхонаси
94
16. U (alamidan) dedi: "Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To'g'ri yo'ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg'itish) uchun o'tiraman. 17. So'ngra, ularga oldilaridan, ortlaridan, o'ng tomonlaridan va so'l tomonlaridan (chalg'itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan". 18. Aytdi: "Undan (jannatdan) ayblangan va haydalgan holingda chiq! Qasamyod etamanki, kimki senga ergashsa, sizlarning barchangiz bilan jahannamni to'ldirajakman". 19. (Biz dedik): "Ey, Odam! Jufting (Havvo) bilan jannatda turingiz va xohlagan joyingizdan tanovul qiling! Faqat ushbu daraxtga (mevasidan yeyish uchun) yaqinlashmangiz. Aks holda zolimlardan bo'lursiz!" 20. So'ngra shayton ularning yopilgan avratlarini ochib yuborish (sharmanda qilish) uchun ikkisiga vasvasa qildi* va aytdi: "Rabbingiz sizlarni farishtalarga aylanib qolmasinlar yoki (jannatda) mangu qoluvchilardan bo'lmasinlar debgina sizlarni ushbu daraxtdan man etdi". Izoh: Bu oyatdan ma'lum bo'ladiki, satri avrat, ya'ni, avratni ochmasdan yopib yurish Odam Atodan boshlab inson tabiatida mavjud ekan. 21. Yana ikkisiga qasam bilan: "Men sizlarga (xolis) nasihatgo'ylardandirman", - dedi. 22. Shunday qilib (shayton) ularni (noqulay holatga) tushirdi. Daraxt (mevasi)dan totib ko'rishlari bilanoq, ikkisining avratlari ochilib qoldi va o'zlarini jannat yaproqlari bilan to'sa boshladilar. Shunda ularga Parvardigorlari: "Sizlarni o'sha daraxtdan man etmaganmidim va shayton sizlarning yaqqol dushmaningiz, demaganmidim?!" - deb nido qildi. Izoh: Ya'ni taqiqlangan mevadan yeb qo'yganlaridan keyin qorinlari og'rib, bo'shalish zarurati tug'ildi. Bo'shalish asnosida esa avratlari ochilib qoldi. So'ngra avratlarini anjir yoki banan yaproqlari bilan yopishga o'tdilar.