15. Kimki, dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, u (kabi)larga amallari (savobi)ni shu (dunyo)da mukammal berurmiz va ular u yerda (dunyoda) ziyon qilmaydilar. Izoh: Ya'ni qilgan savoblari uchun ajrni ham shu dunyoda olib, oxiratdan benasib bo'lurlar. 16. Ana o'shalarga oxiratda do'zaxdan boshqa (narsa) yo'qdir. Qilgan (savobli) ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil (hech) bo'lur. 17. Parvardigori tomonidan hujjatga ega bo'lgan, ketidan Undan guvoh (Qur'on) kelgan, undan oldin peshvo va rahmat sanalmish Muso kitobi (Tavrot) ham bo'lgan kishi (faqat dunyo ne'matlarini istovchilar bilan barobarmi?!) Aynan o'shalar unga (Qur'onga) imon keltiradilar. Guruhlardan kimki uni inkor etsa, bas, unga atalgan joy do'zaxdir. Bas, unda shak qilmang! Albatta, U Rabbingizdan (kelmish) haqiqatdir. Lekin odamlarning aksariyati (bunga) imon keltirmaydilar. 18. Alloh nomidan yolg'on to'qigandan ham zolimroq kishi bormi?! Ana o'shalar (qiyomatda) Parvardigori bilan yuzma-yuz qilinurlar va guvohlar: "Ana shular Parvardigorlari nomidan yolg'on gapirganlar", - deydilar. Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur). 19. (Ular) Allohning yo'lidan (odamlarni) to'sib, uni (yo'lni) chalkashtirmoqchi bo'ladilar va ular oxiratga munkirdirlar. 20. Ana o'shalar Yer yuzida (hech kimni) ojiz qoldira olmagan va ular uchun Allohdan o'zga do'stlar ham bo'lmaganlardir. Ularga azob ziyodasi bilan berilur. (Ular haqni) eshita olmas va ko'rmas edilar. 21. Ana o'shalar (qiyomatda) o'zlariga ziyon qilganlardir va ular (ko'zi)dan to'qib yurgan (but- sanam)lari g'oyib bo'lur. 22. Shubha yo'qki, ular oxiratda ko'proq ziyon ko'ruvchilardir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur