39. Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman "ilohlar" yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi? 40. Sizlar Uni qo'yib, o'zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlar (but-sanamlar)gagina sig'inyapsizlar. Ularga Alloh biror hujjat tushirmagan bo'lsa?! (Ibodat va din to'g'risidagi) hukm faqat Alloh ixtiyoridadir. (U) O'zidan boshqaga sig'inmaslikka buyurgan. To'g'ri din - mana shu! Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar. Izoh: Demak, inson bilim olish imkoniyatiga ega bo'laturib, bilishga harakat qilmasa va bilmaganidan gunoh ish qilib qo'ysa ham gunoh yoziladi. Bilmasligi uzr bo'lmaydi. 41. Ey, ikki hamzindonlarim! Endi, sizlarning biringiz (ko'rgan tush)ga kelsak, (u ozod etilib, yana) xojasiga soqiylik qilur. Unisi bo'lsa, (dorga) osiladi va uning boshidan qushlar (cho'qib) yerlar. Sizlar javobini so'ragan ish bitdi". 42. Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): "Xojang huzurida meni yod et!" - dedi. Lekin, shayton xojasiga aytishni unuttirdi. Natijada (Yusuf) bir necha yil zindonda qoldi. Izoh: yetti yil. 43. Shoh dedi: "Men tushimda yettita ozg'in sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga boshqa (yettita) qurigan boshoqlarni ko'rdim. Ey, a'yonlar! Agar tush ta'birini aytuvchi bo'lsangiz, tushim to'g'risida fatvo (javob) beringiz-chi!" Izoh: Shohning nomi Rayyon ibn Valid edi. 44. (A'yonlar) aytdilar: "(Bu) alag'da tushlar. Biz (bunday) tushlar ta'biriga olim emasmiz". 45. Ikki (mahbuslar)dan ozod bo'lgani allaqancha muddat o'tgach, (Yusuf) yodiga tushib dedi: "Uning ta'birini men aytib berurman. Meni (Yusuf huzuriga) yuboringiz!" 46. (U borib dedi): "Yusuf! Ey, rostgo'y odam! Bizga yettita ozg'in sigir yettita semiz sigirni yegani