17. Bordiyu, o'yin-kulgi qilishni (xotin va farzand orttirishni) istasak, agar (shunday) qiluvchi bo'lganimizda ham uni o'z huzurimizdan (ya'ni, farishtalardan yoki jannat hurlaridan) qilgan bo'lur edik. 18. Yo'q, (Biz) Haq (Qur'on)ni botil (jaholat)ning ustiga tashlaymiz, bas, uni ezib yuborgach, bexos (botil) yo'q bo'lur. Sizlarga esa (ey, mushriklar, Allohning bunday) sifatlaganingiz sababli holingizga voy! 19. Osmonlar va Yerdagi borliq Unikidir. Uning huzuridagi zotlar (farishtalar) Uning ibodatidan orlanmaydilar ham, charchamaydilar ham. 20. Ular tunu kun sustkashlik qilmasdan (Allohga) tasbeh aytadilar. 21. Yoki ular (mushriklar) yerdan (tosh, yog'ochlardan o'liklarni) tiriltira oladigan "ilohlarni" o'zlashtirdilarmi?! 22. Agar ikkisi (Yer va osmon)da Allohdan o'zga ilohlar bo'lganida, har ikkisi buzilib ketgan bo'lur edi. Bas, Arsh egasi bo'lmish Alloh ular sifatlayotgan (sheriklardan) pokdir. 23. U o'zi qiladigan biror narsa haqida javobgar emas, balki ular (bandalar) javobgardirlar. 24. Yoki Uni qo'yib (boshqa) "iloh"larni o'zlashtirdilarmi?! (Ey, Muhammad,) ayting: "Hujjatingizni keltiringiz! Mana shu men bilan birga bo'lgan (mo'minlarning) eslatmasi (Qur'on) va mendan avvalgilarning eslatmalari (Tavrot, Injil). Yo'q, ularning aksariyati Haqiqatni bilmay turib, (Undan) yuz o'giruvchilardir". 25. (Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg'ambarga ham: "Mendan o'zga iloh yo'q, bas, Menga ibodat qilinglar", - deb vahiy yuborgandirmiz. 26. Ular (ya'ni mushriklar): "Rahmonning (farishtalardan) bolasi bor", - deydilar. U esa bundan mutlaqo pokdir! Yo'q, (farishtalar) azizu mukarram bandalardir.