www.ziyouz.com кутубхонаси
22
yaxshilik – kishining taqvosi (bilan o'lchanur). Uylarga eshiklaridan kiringiz va Allohdan qo'rqingiz! Shoyad (shunda) tole topsangizlar. Izoh: Ular oylarning mohiyati, shakl va shamoili, sifatlari haqida so'rab, Rasululloh ilmini sinamoqchi bo'ldilar. Lekin Alloh taolo ularga oylarning vazifa va foydalari to'g'risida xabar berishni buyurdi. Darhaqiqat, shariat ahkomlarida ko'pincha shakl-shamoil emas, balki maqsad va g'oyaga e'tibor berish tavsiya etiladi. Masalan, nima uchun bir kecha va kunduzda aynan besh vaqt namoz o'qish farz qilindi, deb so'rash o'rniga namoz o'qishdan hosil bo'ladigan natija va savoblar haqida bilim olishga intilish o'rinliroqdir. "Nega aynan Ramazon oyida ro'za tutiladi? Nega zakot qirqdan bir miqdorda beriladi?" kabi savol beruvchilar, odatda, o'zlari bilgan ilmiga amal qilmaydigan ixlossiz kishilar bo'ladi. 190. Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo'lida jang qilingiz, (lekin) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi. Izoh: Islom dinida adolat mezoniga hatto yov bilan jang qilish jarayonida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslikka buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir. 191. Ularni (mushriklarni) qayerda topsangiz, o'ldiringiz va sizlarni chiqargan joydan (Makkadan) ularni chiqaringiz! Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. Ular boshlamaguncha, Masjidi Haromda ular bilan urushmangiz. Agar urushni (Haramda) boshlasalar, u holda ularni o'ldiringiz! Kofirlarning jazosi shundaydir. 192. Agar (shirk va tajovuzkorlikdan) qaytsalar, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir. 193. Fitna bosilib, butun din Alloh uchun bo'lgunga qadar ular bilan urushingiz! Agar tinsalar, u holda zolimlardan boshqaga adovat qilishlik (Islomda) yo'q.