yoqtiradiganlar ham, oxiratni yoqtiradiganlar ham bor edi. So'ngra sizlarni sinovdan o'tkazish uchun (g'alabangizni mag'lubiyat sari) burib yubordi va gunohlaringizdan o'tdi. Alloh mo'minlarga nisbatan fazl sohibidir. Izoh: Bu va keyingi oyatlarda hijratning uchinchi yili kechgan Uhud jangi to'g'risida ma'lumot beriladi. Madina hududidagi Uhud tog'i etagida po'y bergan bu to'qnashuvda dastlab Makka qo'shini ustidan musulmonlar g'alaba qila boshlaydi. Lekin jang so'ngida ba'zi musulmonlarning aybi bilan mag'lubiyatga uchraydilar. Rasululloh bir guruh kamonchilarni hozirgi "Rumot" deb ataladigan tepalikda turishga buyurganlarida, ular itoatsizlik qilib, ijozat bo'lishini kutmasdan o'z joylaridan o'lja tomon jilib ketishadi. Harbiy intizomning buzilishi musulmonlarning mag'lubiyatiga sabab bo'ladi. Kamonchilarning joyi bo'shab qolganini payqagan yov qo'shinlari o'sha tarafdan hujum uyushtiradilar va natijada Rasulullohning amakilari buyuk sarkarda Amir Hamzadek pahlavonlarning ham ko'pchiligi shahid bo'ladi. Janob Payg'ambarimiz (a. s.)ning ham muborak tishlari shu jangda sinadi. 153. O'shanda hech kimga qayrilib boqmay, (joyingizdan) tez jilib ketdingiz. Payg'ambar esa ortingizdagi (harbiy) bo'linmadan (turib) sizlarni chaqirganicha qoldi. Qo'lingizdan ketgan narsalar (g'alaba, o'ljalar) hamda sizlarga yetgan musibatlar uchun tashvish tortmang, deb, (Alloh) sizlarga g'am ustiga yana g'am berib jazoladi. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir. 154. So'ngra bu g'amning ketidan sizlarga bir tinch uyqu nozil etdiki, u sizlarning bir qismingizni mudratib qo'ydi. Boshqa bir qism (munofiqlar) esa jon talvasasiga tushib, Allohning sha'niga nohaq johilona badgumonlik qildilar va aytdilarki: "Endi bizga bu ishdan biror narsa (g'alaba) bo'larmidi?!"