BIBLIOGRAFIYA (Yunoncha biblion kitob va … grafin) — matbuot hamda yozuv asarlari haqida axborot tayyorlash va berish hamda ularni ma’lum ijtimoiy maqsadlarda targ’ib qilish bilan shug’ullanadigan ilmiy va amaliy faoliyat sohasi. Bibliografiya mahsulotlari, nazariyasi, tarixi, faoliyatini tashkil etish va uslubiyati bilan shug’ullanadigan fan Bibliografiya fani deb ataladi. Bibliografiya taraqqiyotini turli xil bibliografik ma’lumotnoma adabiyotlarini tuzadigan maxsus tashkilotlar (Bibliografiya xizmati) tizimi ta’minlaydi. Bibliografiya tuzish qadimgi dunyoda paydo bo’lgan (jumladan miloddan avvalgi 3-asrda Aleksandriya kutubxonasida Kallimax rahbarligida tuzilgan bibliografik jadval). “Bibliografiya” termini dastlab kitob ko’chirib yozishni anglatgan, vaqt o’tishi bilan (17- asr o’rtalaridan) kitoblar bayonini bildiradi. Bibliografiya tarixi kitob bosish yuzaga kelishi bilan boshlandi.
Bosma asarlarning barcha turlari, qo’lyozmalar, ijtimoiy ilmiy ahamiyatga ega bo’lgan eng yangi qo’lyozmalar (dissertatsiyalar, saqlashga topshirilgan qo’lyozmalar) Bibliografiyaning o’rganish sohasidir. Texnika taraqqiyoti, mikrofilm, ovoz yozish (gramplastinka) va boshqalarning paydo bo’lishi, matn yozishning o’zgarishi Bibliografiya ko’lamini kengaytirmoqda. Bibliografiya taraqqiyotiga fan va madaniyat yutuqlari, jamiyatning qiroatxonlik talabining o’sishi katta ta’sir etadi. O’z navbatida Bibliografiya ham ilmiy, adabiy va texnik ijodiyotga, nashriyot va kutubxonashunoslikka, kitob savdosi, ta’lim va mustaqil ta’limga ta’sir ko’rsatadi
Bibliografiya bosma asarlarni aniqlash, saralash va izohlash bilan fan taraqqiyoti yutukqlarini jamlashga va keyingi tadqiqotlarga zamin yaratadi, madaniyat rivojiga ayrim shaxs, xalq yoki mamlakatning qo’shgan hissasini o’zida aks ettiradi; masalani o’rganishga oid zarur tarixiy asarlarni ko’rsatadi. Kutubxonalarda to’plangan yoki yangi bosmadan chiqqan bosma asarlarni targ’ib qilib, Bibliografiya alohida ilmiy muxit, siyosiy, falsafiy va estetik qarashlarni tarqalishiga, shuningdek texnikaviy malakani oshishiga ta’sir etadi. Bibliografiya ilmiy va texnika xabarlari bilan yaqin aloqada. Ulardan farqli o’laroq, ilmiy nazariya, g’oya, dalillar haqida emas, balki ular haqidagi bosma asarlar to’g’risida ma’lumotlar berib, ilmiy xabar bilan birga ilmiy, ma’rifiy va tarbiyaviy vazifani bajaradi.
Bibliografik faoliyatning ikki asosiy tarkibiy qismdan - xujjat va axborot iste'molchisidan tashkil topuvchi xujjatlar aloqa yo’llari tizimi ob'ekt sifatida keladi.
"Hujjat - iste'molchi" tizimi yagonadir, shu bilan birga turli bibliografik jarayonlarda hujjatlar va iste'molchilar turlicha vazifani bajaradilar.
Ob'ekt - bizdan tashqarida, bizning onggimizga bog’liq bo’lmagan holda mavjud bo’lgan borliq yoki mavzu. Bibliografik faoliyatda hujjatning qaysi turidan qat'iy nazar bibliografik qayta ishlash maqsadiga ko’ra hujjatlar uch asosiy belgisi: mazmuni, shakli, maqsadi va kitobxonlik doyrasi e'tiborga olinib ajratiladi.
Mazmuniga ko’ra hujjatlar ajratilganda biron - bir tayyor klassifikasiya jadvaldan foydalaniladi. Masalan, kutubxona bibliografiya klassifikasiya jadvali, predmet (mavzuli) jadvali. Hujjatlarni shakliga ko’ra klassifikasiyalashda esa vaqtli bo’lmagan (kitoblar va kichik risolalar, varaqalar), vaqtli va davomli nashrlar (jurnallar, gazetalar, byulletenlar, varaqalar), audiovizual materiallar (kinofotomateriallar, mikrofilmlar, diafilmlar, tasviriy san'at asarlari) va boshqalar bo’lishi mumkin.